XIII Xalqaro anjumanga kelgan xorijlik mutaxassislarning taassurotlari

0
178
marta koʻrilgan.

Urganch shahrida “Central Asia – 2019: Fan, taʼlim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari” XIII Xalqaro anjumani uch kun davom etdi.

Avval xabar berganimizdek, birinchi kun yalpi majlisda maʼruzalar tinglashgan boʻlishsa, ikkinchi ish kunida  ishtirokchilar oʻz yoʻnalishlari boʻyicha toʻrt shoʻbaga boʻlingan holda maʼruzalar tinglab, tajriba almashishdi.»Jamiyatning innovatsion taraqqiyotida axborot-kutubxona infratuzilmasining roli», «Kutubxona xizmatlari samaradorligini oshirishda yetakchi axborot texnologiyalari va resurslari», «Zamonaviy axborot jamiyatida mutolaa madaniyatini rivojlantirishning dolzarb masalalari», «Elektron arxivlar, muzeylar va nodir kutubxona fondlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tajribasi» shuʼbalarida xorijlik va mamlakatimizning yetakchi mutaxassislarining maʼruzalari tinglandi. Erkin muloqot ila tajriba almashishdi.

Shuningdek, «Xorijiy axborot resurslari: maʼlumotlar bazalari va tizimlar bilan ishlash asoslari» mavzusida mahorat saboqlari hamda «UzNEL» axborot tizimida ishlash boʻyicha treninglar oʻtkazildi. Uchinchi kun esa qadimiy Xivaga sayohat uyushtirildi. Shu bilan  konferensiya oʻz ishini yakunladi. 

Xalqaro ekspertlarning  dil soʻzlari:

 Merris Sumrall, AQSH Oregon shtati kutubxona fondi ijrochi direktori:

– Oʻzbekistonda kutubxonachilik sohasiga, mutola madaniyatiga  berilayotgan eʼtibordan juda hayratlandim. Milliy kutubxonada bir kun oʻtirib ishladim. Bilim maskanidagi kitobxonlarga yaratilgan imkoniyatlar, imtiyozlar menga juda maʼqul keldi. Davlatingizning ushbu eʼtibori orqali aholi, ayniqsa, yoshlarning kelajagiga mustahkam poydevor qoʻyilmoqda. Konferensiya davomida sohaga oid ilgʻor tajribalarimiz bilan oʻrtoqlashdik. Gap faqat kutubxona tarmoqlarini takomillashtirish haqida ketmayapti, bu yerda maʼrifiy-madaniy bilimlar almashinuviga guvoh boʻlyapmiz. Konferensiya nafaqat soha mutaxassislari bilan suhbat qurish imkonini berdi, balki aholini, jumladan yoshlarni kutubxonalarga qanday jalb qilish yoʻllarini oʻrganish va oʻrgatishga xizmat qildi. Men kutubxona faoliyatiga homiylarni qanday jalb qilish masalasidagi tajribamizni gapirib berdim. Oʻylaymanki, anjuman mobaynida mutaxassislarni qiziqtirgan barcha savollarga javob topildi. Konferensiyaning uchunchi kuni yaʼni tarixiy shahar Xivaga boʻlgan sayohat, Urganch shahridagi yodgorliklar menda katta tassurot qoldirdi. Bu yerga kelib yurtingizning tarixi buyukligini his qildim.

Aleksandr Lipeninskiy, «METEK»/ProQuest AJ elektron resurslar boʻlimi direktori(Rossiya Federatsiyasi):

– Ushbu konferensiya axborot sohasini rivojlantirishda kommunikatsion loyihalar qanchalik muhim oʻrin tutishini koʻrsatib berdi. Asosiy eʼtibor kutubxona sohasiga axborot kommunikatsiya vositalarini samarali joriy etish yoʻllari, usullari muhokamasiga qaratildi, chunki bu davr talabi.  Konferensiya nafaqat soha mutaxassislariga zamonaviy kommunikatsiyalarni joriy qilishni oʻrganish  imkonini berdi, balki muloqotlar, tajriba almashishlar jarayoni boʻldi, yoshlarni kutubxonalarga jalb qilish yoʻllarini oʻrganish va oʻrgatishga xizmat qildi. Biz oʻz yurtimizga qaytganimizdan soʻng bu yerda koʻrgan va eshitgan tajribalarni, koʻnikmalarni amaliyotga tatbiq etish ustida ishlaymiz. Albatta, xalqlarimiz, mamlakatlarimiz hamisha bir-biridan oʻrganib, tajriba almashib kelgan.

 Pyotr Lapo, Qozogʻistonning Nazarboyev nomidagi universitet kutubxonasi direktori oʻrinbosari:

– Mazkur nufuzli tadbirda kutubxonachilik sohasining dunyo boʻyicha eng kuchli mutaxassislari jam boʻldi. Mavzular har xil, ammo ularning barchasi sohani rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Hozirgi kunda axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislari oldida turgan asosiy maqsad – maʼnan yetuk, yaratuvchilik, ijodiy qobiliyatga ega, bilimli, erkin, hayotsevar, mustaqil shaxslarni tarbiyalash va rivojlantirishdir. Bu  maqsadlarni amalga oshirish yoshlarning kitobxonligi darajasini oshirishga sifat jihatdan yangicha yondashuvni talab qiladi.  Biz bu yerda ana shunday sohaga yangicha yondashuvlarni koʻrdik. Bir-biridan oʻrganishga boʻlgan intilishni koʻrdik. Ana shunga imkoniyat yaratayotgan mamlakat fidoyilarini koʻrdik. Mazkur xalqaro konferensiya faqatgina kutubxona va axborot resurs markazlari uchun tajriba almashish maydoni boʻlibgina qolmay, ishtirokchi-mamlakatlar oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlik aloqalarini ham mustahkamlashga xizmat qiladi.

 Shodimahmad Soʻfiyev, Indira Gandi nomidagi Tojikiston markaziy ilmiy kutubxonasi direktori:

– Har yili oʻtkaziladigan ushbu xalqaro konferensiyada ikkinchi marta ishtirok etayapman. Ammo bu galgi anjuman har yilgidan ham juda yuqori saviyada tashkil etilganini alohida qayd etish lozim. Chunki, bu safargi maʼruzalar, trening va mahorat saboqlari foydali maʼlumotlarga boy va qiziqarli boʻldi. Kitobxonlikni targʻib etish va kitobxonlikka jalb etish maqsadida innovatsion (noanʼanaviy)  usullardan foydalangan holda xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyilganligini hikoya qilib videolarda aks ettirib berishdi. Barchamiz ulardan maʼnaviy zavq oldik. Xivaga sayohat, Xorazmda oʻtkazgan 3 kun qalbimda bir umr saqlanib qoladi.

 Yasar Tonta, Turkiyadagi Hojitepa universiteti professori:

– Raqamlashtirilgan(sifrovoy) tartibdagi hujjatlar mangu yashaydi. Bu usul zahiradagi kitoblarni saqlash va umrini uzaytirishda tengsiz  texnologiyadir. Uning afzalligi ana shunda.  Meni maʼruzam shu haqida boʻldi. Anjumanda  «UzNEL» axborot tizimida ishlash boʻyicha treninglar oʻtkazildi. Bu dastur ishga tushsa, kutubxona berk boʻlganida ham onlayn informatsiya olish imkoniyati paydo boʻladi. Kutubxonalaringiz zamonaviy texnologiyalarga asoslanayotganligi menda  yaxshi tassurot qoldirdi. Yangi texnologiyalar kun sayin rivojlanib, jahonda axborotlashtirish jarayonlari tobora ildam qadam tashlayotgan hozirgi davrda yoshlardan tezkor fikrlash, yangi maʼlumotlarni zudlik bilan  topish va oʻzlashtirish talab etilmoqda. Shuni  inobatga  olgan  holda foydalanuvchilarga internet orqali xizmat koʻrsatish imkoniyatlarini oshirish, ularning yangi zamonaviy texnologiyalardan foydalanish bilimlarini shakllantirish maqsadidagi vazifalar samarali amalga oshirilayotganining guvohi boʻldim. Allomalar yurti boʻlgan Oʻzbekistonga,   qadimiy Xorazmga qadamim yetganidan gʻoyat xursandman.

Arif Naushaxi, Pokistondagi Gordon hukumat kolleji rahbari, professor:

– Pokiston kutubxonalarida Abu Said Samarqandiyning Amir Temur, Shohruh sulton haqida 2 qismdan iborat qoʻlyozma, 16-asrda yozilgan Kamoliddin Husayn Xorazmiy qoʻl yozmasi, Abulgʻoziy Baxodirxon haqida Abdurazzoq Samarqandiy yozgan qoʻl yozma saqlanmoqda. Adabiyotshunos Gufta Barnoxonim Alisher Navoiyning turkiy tilda yozilgan asarlarini oʻrganib kitob  chop etdi. Xorazmning buyuk vatanparvar farzandi Jaloladdin Manguberdi haqida yozilgan kitoblar ham mavjud.  Pokistonning barcha kutubxonalarida  Oʻzbekistonda yashab ijod qilgan allomalarning kitoblarini topish mumkin. Shuning uchun biz mamlakatingizni ilm, nur manbai deb bilamiz. Ana shunday muqaddas yurtga, buyuklar, allomalar yashagan davlatga kelganim, shunday ulugʻvor konferensiyada qatnashayotganim uchun meni taklif etgan Oʻzbekiston Milliy kutubxonasiga oʻz  minnatdorligimni bildirib, yurtingizga  ehtiromim ramzi sifatida   Xoja Axror Valiy  haqida   yozgan kitobimni sovgʻa qildim.   Bu kitobga bizda talab katta boʻlgani  uchun uni ikkinchi marta chop ettirdim. Buyuk allomalar mamlakatiga, Xoja Axror Valiy yurtiga qadamim yetganidan bagʻoyat xursandman.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, konferensiyaning ezgu tilagi mamlakatimiz kelajagi boʻlgan bolalarni, umuman aholini ziyoli qilib tarbiyalashdir.  Urganch shahridagi 5-son maktabga kitob ulashish aksiyasi munosabati bilan uchrashuvga borganimizda mamlakatimiz Prezidentining fikrlari ifodalangan ulugʻvor plakatga koʻzimiz tushdi. Unda shunday satrlar bitilgan: «Bugun bitta kitob oʻqiyotgan bola, ertaga oʻn nafar televizor koʻrayotgan bolani boshqaradi». Ushbu taʼsirchan  bitiklarni maktabga kirib kelayotgan har bir bola har kuni oʻqiydi, taʼsirlanadi. Kitobxon bolalarni,  yoshlarni munosib  tarbiyalashda ana shunday ulugʻvor maqsadlarni mutola madaniyatini yuksaltirishni koʻzlagan Xalqaro miqyosdagi konferensiya muvaffiyatli yakunlanganidan xursandmiz.

Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Suratda oʻngdan ikkinchi: Merris Sumrall, AQSH

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.