Urganchda “Central Asia – 2019: Fan, taʼlim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari” XIII xalqaro konferensiyasi oʻzining birinchi ish kunini yakunladi.
Bugun, 24 aprel kuni Xorazm viloyatining Urganch shahrida XIII xalqaro konferensiyasida 10 dan ortiq mamlakatdan tashrif buyurgan xalqaro ekspertlar, axborot-kutubxona va axborot-resurs markazlari, kutubxonalar, nashriyotlar, arxivlar, muzeylar rahbarlari va mutaxassislari, olimlar, taʼlim muassasalari oʻqituvchilari, AKT mutaxassislari, jamoat arboblari, vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.
Xalqaro konferensiyani Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov kirish soʻzi bilan ochdi va anjuman ishtirokchilarini tabrikladi. Hokim oʻz soʻzida Xorazm viloyat axborot-kutubxona markazi jahon standartlariga monand qayta taʼmirlanayotgani, unga 4,1 milliard mablagʻ ajratilgani, kuni kecha Gurlan tumanining Guliston qishlogʻida «Navroʻz» mahalla kutubxonasi ochilganini, umuman ushbu sohadaulugʻvor islohotlar amalga oshirilayotganini misollar yordamida taʼkidladi.
Konferensiyada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Avaz Xojimetov soʻzga chiqdi hamda xalqaro ekspertlarga Oʻzbekistonda sohaga qaratilayotgan eʼtibor, shu jumladan, Agentlik tomonidan kitobxonlikni ommalashtirish, kitob targʻiboti, kutubxonalar va axborot resurs markazlarini rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, yangi loyihalar haqida maʼlumot berdi.
«Mazkur xalqaro konferensiya axborot-kutubxona resurslari sohasida yangi bosqichni boshlab beradi, – dedi Avaz Xojimetov. – Bu yerda dunyoning rivojlangan mamlakatlaridan professional mutaxassislar ishtirok etayotgani mahalliy mutaxassislarga juda asqotadi».
Tadbirda Oʻzbekistonda axborot-kutubxona sohasini rivojlantirishga oid Prezident qarori qabul qilingani hamda ushbu qaror ijrosi boʻyicha taʼlim muassasalari kutubxonalarini adabiyotlar bilan taʼminlash, oʻzbek va jahon adabiyoti namunalarining audio variantlarini yaratish, “Bibliobus”lar faoliyatini yoʻlga qoʻyish, QR-kodlar yordamida elektron kitoblardan foydalanish, madaniy merosning raqamli kelajagini yaratish kabi muhim ishlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.
«Davlatimiz rahbari ilgari surgan beshta tashabbus asosida kitobxonlikni yanada ommalashtirish, kutubxonalar fondini boyitish yuzasidan misli koʻrilmagan loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda, – dedi Avaz Xojimetov. – Ishonamanki, ushbu xalqaro konferensiya oʻzaro fikr va tajriba almashish maydoni, kutubxona tizimini zamonaviy asoslarda rivojlantirish, kitobxonlikni targʻib qilish va tashkil etishga xizmat qiladi».
Xalqaro konferensiyada, shuningdek, AQSHning Kaliforniya shtatiga qarashli Oregon kutubxonasining iqtisodiy fondi ijrochi direktori Merris Sumrall, Belarus Milliy kutubxonasi direktori Roman Motulskiy, Pokistondagi Gordon hukumat kutubxonasi vakili, professor Arif Naushaxi, Rossiya Fanlar akademiyasi Davlat ommaviy ilmiy texnik kutubxonasi Sibir boʻlimi ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari Natalya Redkina va boshqa xalqaro ekspertlar xalqaro konferensiyaning ahamiyati, unda muhokama etilayotgan mavzularning dolzarbligi haqida soʻz yuritdi.
Anjumanning birinchi kunida “Biblioteka 4.0” – xizmat koʻrsatish kutubxonasining kelajak modeli”, “Kontentlar tizimini boshqarish imkoniyatlari: Axborot savodxonligini oshirish yechimlari va kutubxona dasturlari”, “Ilmiy yangiliklar agregatori tahliliy tadqiqotlar uchun axborot resursi va baza sifatida”, “Raqamlashtirilgan kolleksiyalar elektron toʻplamlarni tashkil qilish shakli sifatida: Prezident kutubxonasi tajribasi”, “Oʻzbekiston Respublikasida kutubxona va axborot sohasining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari” kabi mavzularda maʼruzalar tinglandi.
Bugun yalpi majlisda konferensiya ishtirokchilari maʼruzalar tinglab, savollariga javoblar olishgan boʻlsa, ertaga shoʻbalarga boʻlinib, mahorat darslarida tajriba almashishadi.