Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Prezident janoblari!
Oʻzbek xalqining anʼanaviy Navroʻz bayrami munosabati bilan Xitoy hukumati va xalqi nomidan Sizga, Oʻzbekiston hukumati va xalqiga samimiy tabriklarimizni yetkazmoqchiman.
Ming yillik tarixga ega Navroʻz bahor kelishi va tabiat uygʻonishini ifodalab, oʻzbek xalqining baxtli hayotga, el-yurt birligiga va ravnaqiga intilishini aks ettiradi.
Oʻtgan yil iyul oyida Ostonada boʻlib oʻtgan ShHT sammiti doirasidagi samimiy va doʻstona uchrashuvimizda Xitoy-Oʻzbekiston munosabatlari va turli sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha muhim kelishuvlarga erishdik, ikki tomonlama aloqalarning yangi yoʻnalishlarini belgilab oldik.
Erishilgan kelishuvlarimiz samarali amalga oshirilayotgani, ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlik izchil mustahkamlanib, eʼtiborga loyiq natijalar berayotganini mamnuniyat bilan taʼkidlayman.
Men Xitoy-Oʻzbekiston munosabatlarini rivojlantirishga katta ahamiyat beraman va yaqin doʻstligimizni yuksak qadrlayman.
Siz bilan birgalikda barcha sohalardagi hamkorlikni ilgari surish, Xitoy va Oʻzbekistonning yagona taqdir hamjamiyatini barpo etish ishlarini boyitish uchun harakat qilishga tayyorman.
Fursatdan foydalanib, Sizga, Janobi Oliylari, mustahkam sogʻlik, oilaviy baxt-saodat, davlat rahbari sifatidagi masʼuliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, doʻst Oʻzbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, bardavom taraqqiyot va farovonlik tilayman.
Hurmat bilan, Si Szinpin, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi