Xitoy Xalq Respublikasida boʻlib oʻtgan XIX yozgi Osiyo oʻyinlarida ishtirok etgan Oʻzbekiston sport delegatsiyasi aʼzolariga

0
55
marta koʻrilgan.

Hurmatli sportchi va murabbiylar!

Qadrli farzandlarim!

Avvalo, Xitoyning Xanchjou shahrida oʻtkazilgan XIX yozgi Osiyo oʻyinlarida munosib ishtirok etib, yuksak natijalarni qoʻlga kiritganingiz bilan siz azizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Sizlarning jonajon Oʻzbekistonimiz sharafini himoya qilish yoʻlida keskin kurash olib borib, ulkan yutuqlarga erishganingiz, hech shubhasiz, barchamizni, koʻp millatli xalqimizni cheksiz quvontirdi. 

Bepoyon qitʼamiz miqyosida har toʻrt yilda bir marta oʻtkaziladigan ushbu nufuzli sport anjumanida yurtdoshlarimiz sizlarning har bir chiqishingizni ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali katta qiziqish va hayajon bilan kuzatib bordi. Butun Oʻzbekiston ahli sizlarni qoʻllab-quvvatlab, Yaratgandan omad va zafarlar tiladi!

Osiyo qitʼasining 45 ta davlatidan 11 ming nafar sportchi ishtirok etgan bu musobaqalarda milliy terma jamoamiz aʼzolari oʻzlarining beqiyos mahorati, gʻayrat va matonatini, gʻalabaga boʻlgan yuksak intilish va irodasini namoyon etib, 22 ta oltin, 18 ta kumush va 31 ta bronza medalini qoʻlga kiritganlari har qanday tahsinga sazovordir.

Oltin medallar 31 nafar sportchimiz tomonidan qoʻlga kiritilgan boʻlsa, ularning teng yarmi – qizlarimiz hissasiga toʻgʻri kelganini alohida mamnuniyat bilan taʼkidlashni oʻrinli deb bilaman. 

132 nafar vakilimiz jami 71 ta medalni qoʻlga kiritib, oʻtgan Osiyo oʻyinlariga nisbatan rekord natijani qayd etganlari ham barchamizni quvontiradi.

Ayniqsa, gʻayrat-shijoatli oʻgʻil-qizlarimiz Xitoy Taypeyi, Bahrayn, Shimoliy Koreya, Gonkong, Eron, Indoneziya, Qozogʻiston, Qatar, Singapur, Malayziya, Vyetnam, Kuvayt kabi sport sohasida rivojlangan davlatlarni ortda qoldirib, umumjamoa hisobida Xitoy Xalq Respublikasi, Yaponiya, Janubiy Koreya va Hindistondan keyin faxrli beshinchi oʻrinni egallaganliklari Oʻzbekiston sporti tarixida yana bir yorqin sahifa ochdi, desak, haqiqatni aytgan boʻlamiz. 

Boʻlib oʻtgan qizgʻin bellashuvlarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan Bahodir Jalolov, Jalgasbay Berdimuratov, Ulugʻbek Rashitov, Hasanboy Doʻsmatov, Abdumalik Xalakov, Diyora Keldiyorova, Taxmina Ikromova, Sevinch Rahimova, Vilana Savadyan, Evelina Atalyans, Sharifa Davronova, Safina Saʼdullayeva, Muzaffar Toʻraboyev, Olga Zabelinskaya, Shohmurod Xolmurodov, Nurislom Toʻxtasin oʻgʻli, Umid Esonov, Artyom Shturbabin, Hilola Ortiqboyeva, Muhsin Hisomiddinov, Zaynab Dayibekova, Pliyego Lara Mariya Paola, Xerrera Lara Luiza Fernanda, Guliston Perdebayeva, Anna Prakaten, Shehroz Hakimov, Dilshodjon Xudoyberdiyev, Davirjon Davronov, Alisher Turdiyev, Murodjon Yoʻldoshev va boshqa sportchilarimizning nodir isteʼdodi, mahorati va qobiliyatiga barcha sport muxlislari yana bir bor tan berdi.

Oʻzbek qilichbozlik sportining iftixoriga aylangan Zaynab Dayibekova sablya jamoa dasturida Osiyo qitʼasida tengsizligini, Anvar Klevleev esa slalomda eshkak eshish bellashuvida aksariyat raqiblaridan kuchli ekanini amalda namoyon etdilar.

Ayni vaqtda navqiron farzandlarimiz kurash, dzyudo, boks, yengil atletika, badiiy gimnastika boʻyicha tengsiz, taekvondo, velosport, ogʻir atletika, futbol musobaqalarida esa yetakchilar safida ekanlarini amalda isbotladilar.

Osiyo oʻyinlarida erishilgan bunday yutuqlar biz uchun ulkan ahamiyatga ega boʻlib, sizlar shu tariqa milliy sport maktabimizning shon-shuhratini, Oʻzbekiston yoshlarining qanday buyuk ishlarga qodir ekanini jahonga namoyon etdingiz. 

Oʻz navbatida 2024 yil Parijda boʻlib oʻtadigan 33-olimpiya oʻyinlarida ham yuksak choʻqqilarni zabt etishingizga ishonaman!

Hech shubhasiz, sizlarning yurtimiz bayrogʻini baland koʻtarib, yuqori oʻrinlarni egallaganingiz mamlakatimizda sogʻlom va barkamol, vatanparvar yosh avlodni 

– Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlarini voyaga yetkazish, jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish maqsadida olib borayotgan keng koʻlamli islohotlarimizning yana bir amaliy natijasi sifatida barchamizga gʻurur va iftixor bagʻishlaydi, millionlab tengdoshlaringiz uchun oʻrnak va namuna boʻlib xizmat qiladi. 

Fursatdan foydalanib, sizlar kabi salohiyatli, irodasi mustahkam, el-yurtga sadoqatli yoshlarni tarbiyalab kamolga yetkazgan mehribon ota-onalaringizga, sizlar bilan yonma-yon turib, yuksak choʻqqilarni zabt etishingizga munosib hissa qoʻshgan mohir va jonkuyar ustoz-murabbiylaringizga oʻz nomimdan, xalqimiz nomidan chin dildan tashakkur izhor etaman.

Yirik xalqaro sport bellashuvi – Osiyo oʻyinlarida qoʻlga kiritgan tarixiy natijalaringiz bilan sizlarni yana bir bor samimiy qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, kelgusi faoliyatingizda yangi-yangi zafarlar, oilalaringizga baxtu saodat tilayman.

Doimo baxtingiz va omadingizni bersin, aziz farzandlarim!

Shavkat Mirziyoyev,    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.