Xivada “Raqs sehri» xalqaro festivali  oʻtkazildi

0
411
marta koʻrilgan.

 Qadimiy va hamisha navqiron Xiva shahrida 14-16 sentyabr kunlari “Raqs sehri” Xalqaro festivali oʻtkazildi.

Sharq mamlakatlari milliy raqs sanʼatining eng yaxshi namunalarini targʻib qilish, milliy raqs sanʼatini asrab-avaylash, rivojlantirish,  yoshlarda sanʼatga boʻlgan tuygʻularni kamol toptirish, xalqlar oʻrtasida oʻzaro ijodiy aloqalarni yanada ulugʻlash, madaniy-maʼrifiy aloqalarni yangi bosqichga koʻtarish ushbu tadbirning asl mohiyatini namoyon etdi. 

Uch kun davom etgan ushbu sanʼat bayramiga Respublikadan ishtirokchilar, diplomatik korpus vakillari, oʻndan ortiq davlatlardan vakillar tashrif buyurishdi.

Mehmonlar milliy qadriyatlarimizni, urf-odat va toʻy-marosimlarimizni(beshik toʻyi, sunnat toʻyi, nikoh toʻyi) kabi tadbirlarimizni tomosha qilish baxtiga muyassar boʻlishdi.  Shuningdek, naqqoshlik zargarlik, kulolchilik, duradgorlik, temirchilik va choʻgirmadoʻzlik kabi xalq hunarmadchiligi mahsulotlarini tayyorlanish jarayonlarini hayrat bilan kuzatishdi.

Festival doirasida viloyat musiqali drama va qoʻgʻirchoq teatrlarining tomoshalari, tasviriy va amaliy sanʼat koʻrgazmasi, “Oʻzbekiston Milliy raqs sanʼati” fotokoʻrgazmasi, hunarmandlar yarmarkasi,   taomlar koʻrgazmasi, festivalning yopilishi marosimida esa katta konsert dasturi namoyish qilindi.

“Raqs sanʼatida milliy anʼanalarning ahamiyati” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya ham boʻlib oʻtdi. Unda mamlakatimiz va Yaponiya, AQSH, Bangladesh, Hindiston, Indoneziya kabi davlatlarning olimlari raqs tarixi, nazariyasi,  kelajagi, milliy koʻrinishi, har bir millatning oʻziga xos raqs harakatlari, liboslari va boshqa masalalar yuzasidan maruzalar tinglandi va tajriba almashildi.

Madaniyatimizni, sanʼatimizni,  betakror goʻzal urf-odatlarimizni yuksak did bilan tanishtirish imkoniyatini berayotgan mazkur festival Oʻzbekistonga kelgan har bir mehmonda oʻzgacha bir taassurot qoldirdi.

Zero, bizning butun dunyoga koʻz-koʻz qilgudek osori atikalarimiz, milliy va benazir anʼanalarimiz mavjud. «Raqs sehri» festivali ham taʼbir foiz boʻlsa ana shu  sharqona anʼanalarimizning goʻzal bir ifodasidir. Shu bilan birga turfa elu millatlar raqslari ham ijro etilib,  uning butun goʻzalligi va xalqlar doʻstligi koʻz oldimizda namoyon boʻldi.

Jahonning turli mamlakatlaridan kelgan sayyohlar, xorijlik mehmonlarning hayratlarini yuzu koʻzidan, zavq-shavq bilan birgalikda raqslar ijro etishlaridan ham anglash mumkin edi. 

Festival doirasidagi barcha tadbirlar  bloggerlar va Yoshlar ittifoqining mobil guruhi tomonidan internet,  televideniye va boshqa OAV orqali yoritib borildi.

                 Dilbar Bekchanova,

Xorazm viloyat matbuot va axborot boshqarmasi boshligʻi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.