XIVAda “RAQS SEHRI» XALQARO FESTIVALI 

0
704
marta koʻrilgan.

Oʻzbek xalqining milliy raqs sanʼatini dunyoga tanitish, mamlakatimizda turizmni yanada rivojlantirish maqsadida oʻtkazib kelinayotgan “Raqs sehri” xalqaro festivali Xiva shahridagi “Ichan-qalʼa” davlat muzey-qoʻriqxonasida 14-16 sentyabr kunlari boʻlib oʻtdi. 

Festivalning ochilish marosimida Xorazm viloyati hokimi F.Ermanov, Polsha Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Petr Ivashkevich, Ozarbayjon Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi qoshidagi Haydar Aliyev nomli madaniyat markazi rahbari oʻrinbosari Zeynalov Polad Mansur oʻgʻli soʻzga chiqdi.

Anʼanaga aylangan “Raqs sehri” xalqaro festivalida Angliya, Gollandiya, Fransiya, Malayziya kabi yigirmaga yaqin mamlakatdan yuzdan ziyod  mehmonlar va badiiy jamoalar qatnashdi. 

 – Oʻzbekistonning oʻziga xos raqs sanʼati meni hamisha maftun etib keladi, – deydi hidistonlik raqqosa Patra Sinxi. – Sizlarning tarixi buyuk yurtingiz va sehrli raqslaringiz bilan internet orqali tanishib, bu yerga kelishni, milliy raqslaringizning jozibali harakatlarini oʻrganishni orzu qilardim. Bugun Oʻzbekistonga qadamim yetganidan nihoyatda xursandman. Festival biz uchun mahorat maktabi desam arziydi. Jahon sanʼatkorlari bir-birlarining raqslarini kuzatib tajriba almashmoqdalar. Ushbu madaniy tadbirda oʻzbek  milliy qadriyatlarini, urf-odatlaringizni,  sanʼatingizni ulugʻlanishi bilan ham bizni lol qoldirdi.

Darhaqiqat, tadbir dasturi nihoyatda rang-barang boʻlib, undan koʻplab madaniy tadbir  va koʻrgazmalar  oʻrin oldi. Milliy liboslar koʻrgazmasi festivalning dastlabki tadbirlaridan biri boʻldi. Unda Xorazm viloyatining bir qator iqtidorli dizaynerlari oʻz liboslari jamlamasini namoyish etdi.
– Men bugun “Oʻzbegim ayoli” deb nomlangan liboslar jamlamasini namoyish qildim, – deydi urganchlik dizayner Gulnora Olloyorova. – Ular asosan milliy matolar va bezaklarimizdan foydalangan holda zamonaviy koʻrinishda yaratilgan. Xalqaro festivalda ishtirok etish uchun kelgan xorijlik mehmonlar bizning ijod va mehnat mahsulimizga katta qiziqish bildirgani bizni nihoyatda xursand qildi. Hatto ulardan buyurtmalar ham qabul qildik.


Xalqaro festival doirasida animatsion shoular, sahnalashtirilgan tomoshalar, hunarmandlar koʻrgazmasi, milliy taomlar, xalq oʻyinlari, tasviriy va amaliy sanʼat koʻrgazmalari tashkil etildi. Xorazm nonlarining tayyorlanishi jarayonlarini aks ettiruvchi tadbir ham barchada qiziqish uygʻotdi.

Shuningdek, stilist va sartaroshlar tanlovi, milliy xalq oʻyinlari boʻyicha musobaqa, tasviriy va amaliy sanʼat koʻrgazmasi, «Oʻzbekiston Milliy raqs sanʼati» fotokoʻrgazmasi hamda “Raqs sanʼatida milliy anʼanalarning ahamiyati” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.
 “Ichan qalʼa” davlat muzey-qoʻriqxonasining “Koʻhna ark” maydonida boʻlib oʻtgan yakuniy gala konsertda qator yoʻnalishlarda oʻtkazilgan tanlov  gʻoliblarini tantanali taqdirlash marosimi oʻtkazildi.

 Maftuna ROʻZIMATOVA

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.