Xizmat koʻrsatish sohasiga 1 trillion soʻmdan ziyod kredit resurslari ajratiladi

0
114
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 16 iyun kuni xizmat koʻrsatish va ichki turizm sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha  oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida xizmat koʻrsatish sohasi aholi bandligini taʼminlashda eng katta zaxiralardan biri ekanligi taʼkidlandi.

Mamlakatimizda uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 35 foizni tashkil etadi. Xalqaro mehnat tashkiloti tahlillariga koʻra, servis industriyasining 1 foizga oʻsishi kambagʻallar sonini 1,5 foizga qisqartiradi.

Yigʻilishda soha salohiyatidan toʻla foydalanilmayotgani taʼkidlandi. Joylarda maishiy uskunalarni taʼmirlash ustaxonalari, kimyoviy tozalash shoxobchalari, kompyuter dizaynerligi, buxgalteriya, reklama, pullik tibbiy xizmat kabi tadbirkorlik subyektlari kamligi koʻrsatib oʻtildi.

Bu xizmat koʻrsatish sohasida ish oʻrinlari yaratish boʻyicha juda katta imkoniyatlar borligidan dalolat beradi. Hisob-kitoblarga koʻra, mazkur yoʻnalishda kamida 160 ming qoʻshimcha ish oʻrni yaratish mumkin.

Masalan, hozirgi kunda Toshkent shahri, Buxoro, Navoiy va Toshkent viloyatlarida axborot texnologiyalari sohasida yiliga 50 ming dollar eksport qiladigan va Top Talent reytingining eng yuqori 3 foiziga kiradigan 21 ta yosh frilanser dasturchi bor.

Davlatimiz rahbari shunday iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, aholining zamonaviy xizmatlarni oʻrganishiga sharoit yaratish muhimligini taʼkidladi.

Bosh vazir oʻrinbosariga hokimlar bilan birga har bir tuman va shahar kesimida xizmatlar sohasini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish topshirildi. Shu bilan birga, tarmoqni tartibga solish, undagi metodologiya va statistika maʼlumotlarini xalqaro standartlarga moslashtirish vazifasi qoʻyildi.

Sohani rivojlantirish moliyaviy koʻmaksiz boʻlmaydi. Shu bois Prezident Shavkat Mirziyoyev xizmat koʻrsatish loyihalari uchun Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan 100 million dollar yoki 1 trillion soʻmdan ziyod kredit resurslari ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Bu mablagʻlar ham davlat, ham xususiy banklar orqali ajratiladi va kredit stavkasi 15 foizdan oshmaydi.

Hududlar rahbarlari bu imkoniyatdan samarali foydalanib, xizmat koʻrsatish sohasida koʻp ish joyi yaratadigan va tez amalga oshiriladigan loyihalarni shakllantirishi zarurligi taʼkidlandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.