Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 aprel kuni axborot texnologiyalari sohasidagi natijalar va joriy yilgi vazifalar muhokamasi yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bugun axborot texnologiyalari har bir jabhaga kirib borgan. Bu soha rivojlansa, boshqa sohalar ham ilgarilaydi, odamlarga qulayliklar oshadi.
Shu bois soʻnggi yillarda infratuzilmani yaxshilash, malakali mutaxassislar tayyorlash boʻyicha koʻp ishlar qilindi. Xizmatlar sifati va koʻlami sezilarli oshdi.
Misol uchun, aholi maskanlarini mobil internet bilan qamrab olish darajasi 2017 yilda 30 foiz boʻlgan boʻlsa, bugungi kunda 96 foizni tashkil etmoqda. Yoki 2017 yilda sohadagi eksport hajmi bor-yoʻgʻi 600 ming dollar boʻlgan boʻlsa, oʻtgan yili bu koʻrsatkich 46 million dollarga, joriy yilning birinchi choragida esa 16 million dollarga yetgan.
IT-parklarda 11 ming nafardan ziyod yoshlar ishlamoqda. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida oʻqib chiqqan yoshlar soha kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratmoqda.
Lekin hali muammolar, ishga solinmagan imkoniyatlar ham koʻp. Jumladan, hududlarda optik tolali internet qamrovi va tezligi talab darajasida emas. Magistral avtomobil yoʻllarining atigi 38 foizi mobil internet bilan qamrab olingan. Sohaning rivojlanish holati hududlar kesimida bir maromda emas – IT xizmatlarning 90 foizi Toshkent shahriga toʻgʻri keladi. Qoraqalpogʻiston, Andijon va Surxondaryoda bu boradagi koʻrsatkichlar juda past. Ayrim vazirlik va idoralar eski, ishonchsiz va oʻzaro integratsiya qilinmagan axborot tizimlaridan foydalanib kelmoqda.
Yigʻilishda shu kabi kamchiliklar koʻrsatib oʻtilib, barcha tarmoq va hududlarda raqamlashtirishni jadallashtirish zarurligi qayd etildi.
Taraqqiyot strategiyasida raqamli iqtisodiyotni “drayver” sohaga aylantirib, IT xizmatlarni 2,5 barobar oshirish va eksportni 500 million dollarga yetkazish maqsadi belgilangan.
Davlatimiz rahbari buning uchun Oʻzbekistonni mintaqaviy IT-markazga aylantirish kerakligini taʼkidladi.
Xizmatlar koʻlamini muntazam kengaytirib borish, sohada eksport hajmini shu yil yakuniga qadar 100 million dollarga yetkazish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. IT-parklarga koʻproq kompaniyalarni jalb qilish, masofaviy xizmatlar markazlari tashkil etish vazifasi qoʻyildi. Bu orqali yana 5 mingdan ziyod yoshlar yuqori daromadli ishga ega boʻladi.
Yigʻilishda “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” dasturidagi loyihalar ijrosi ham tahlil qilindi. Joriy yil yakuniga qadar 404 ta hududiy va 133 ta tarmoq loyihasi ishga tushirilishi aytildi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga yana 70 ta xizmatni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga kiritish topshirildi. Shu tariqa portaldagi jami xizmat turlari soni 376 ta boʻladi.
Shuningdek, pensiyaga ariza berish, shaxsiy guvohnoma olish, sugʻurtalash kabi yana 50 ta xizmatning mobil ilovasi yaratiladi. Bu orqali davlat xizmatidan onlayn foydalanuvchilar soni 4 millionga yetadi.
Telekommunikatsiya tarmogʻini kengaytirish boʻyicha ham vazifalar koʻp. Xususan, bu yil 6 ming 800 ta yangi mobil stansiya oʻrnatish, 80 ta olis qishloqni aloqa tizimiga ulash, optik tolali aloqa qamrovini 80 foizga yetkazish, 60 foiz magistral yoʻllarni mobil internet bilan taʼminlash rejalashtirilgan. Toshkent viloyatida yuqori quvvatli Maʼlumotlarni saqlash va qayta ishlash markazi ishga tushiriladi.
“Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasini transformatsiya qilib, sifatli xizmatlar eksport qiluvchi yuqori texnologik kompaniyaga aylantirish, xalqaro reytinglar olish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Kiberxavfsizlikni kuchaytirish masalasiga ham eʼtibor qaratildi. Barcha vazirlik va idoralarning axborot tizimlarini shu jihatdan tanqidiy oʻrganib, zarur choralar koʻrish vazifasi qoʻyildi.
Sohadagi yana bir ustuvor vazifa – fan va taʼlimni rivojlantirish.
Bugungi kunda iqtisodiyotni raqamlashtirish uchun yana 12 ming nafar yuqori malakali mutaxassislarga talab bor. Shuning uchun Toshkent axborot texnologiyalari universitetini ilm-fan va taʼlim klasteriga aylantirish, zamonaviy IT-park universitetini tashkil etish taklifi bildirildi.
Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar boʻyicha mutasaddilar axborot berdi.