Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 7 iyun kuni xizmatlar koʻrsatishni rivojlantirish masalalari muhokamasi boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Xizmatlar – kam xarajat bilan koʻp aholining bandligini taʼminlasa boʻladigan soha. Shu bois hududlarda maishiy xizmat uylari tashkil etilmoqda, ishsizlar kasb-hunarga oʻrgatilmoqda, mablagʻ va sharoit bilan taʼminlanmoqda.
Joriy yil 27 yanvarda davlat rahbarining “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, bu sohaga koʻplab yengilliklar berildi va imtiyozli resurslar ajratildi.
Bular orqali joriy yilda 120 mingdan ortiq yangi loyihalarni amalga oshirib, xizmatlar hajmini 435 trillion soʻmga yetkazish reja qilingan.
Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda bu borada hududlarda bajarilgan ishlar tahlil qilindi.
Hokimlar xalqni oʻylab, halol ishlab, tadbirkorlarga yer, bino va infratuzilma masalasida yordam bergan joylarda natija boʻlgan. Masalan, Toshkent shahri, Samarqand, Fargʻona va Andijon viloyatlarida minglab ish oʻrinlari ochilgan.
Yanvar-may oylarida xizmatlar sohasida 232 ming ish oʻrni yaratilgan. Lekin Jizzax, Navoiy, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida bu boradagi natijalar past.
Soʻnggi ikki oyda xizmat joylari tashkil etish uchun 12 mingta yer maydoni auksionga qoʻyilgan. Lekin 27 ta tumanda savdoga chiqarilgan maydonlar soni 10 taga ham yetmagan.
Shu sababli bunday sustkashlikka yoʻl qoʻygan shahar va tuman hokimlari, ularning qurilish boʻyicha oʻrinbosarlariga intizomiy jazo choralari belgilandi.
Xizmatlar sohasini rivojlantirish boʻyicha 9 oy va yil yakunigacha boʻlgan rejalar muhokama qilinar ekan, Buxoro tajribasi bu borada namuna qilib koʻrsatildi.
Misol uchun, Buxoro shahridagi tadbirkorlar mehmonxona, oshxona, savdo doʻkonlarining tom qismida restoran va kafeteriylar tashkil etgan. Imtiyozli kreditlar samaradorligi tahlil qilinganda, bir ish oʻrni ochish uchun oʻrtacha 8-9 million soʻm ketgan, xolos.
Mutasaddilarga ushbu tajribani boshqa shahar va tuman markazlarida ham joriy qilish, buning uchun xavfsizlik talablari hamda ijaraga berish shartlarini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
Umuman, yurtimizda aholiga qulay va serqatnov yoʻl boʻylarida davlat idoralarining balansidagi 4 mingga yaqin maʼmuriy bino joylashgan. Ushbu bino va inshootlardan ham servis sohasida samarali foydalanish mumkinligi taʼkidlandi.
Xizmat shoxobchalari tashkil etish uchun, avvalo, qulay joy kerak. Shu bois yigʻilishda yana 25 mingta yer maydonlari servis va savdo obyektlari uchun auksionga chiqarilishi belgilandi.
Bu borada aholiga yanada qulaylik yaratish uchun endi yerlarni auksionga qoʻyish jarayoni ijara boʻyicha 48 kundan 15 kunga, mulk huquqida 74 kundan 20 kunga qisqartiriladi. Yer maydonlarini baholash ekspertizadan oʻtkazilmaydi, haqiqiy bahosi auksionda aniqlanadi.
Shu bilan birga, 2023 yil 1 yanvardan boshlab, yerlarni auksionga chiqarishda kadastr idoralarida bor maʼlumotlarni boshqa idoralar bilan kelishish tartibi bekor qilinadi. Barcha vazirliklarning kadastr maʼlumotlari Milliy geoaxborot tizimiga kiritiladi.
Joriy yil 1 sentyabrgacha 205 ta tuman va shaharda 253 ta maxsus savdo va xizmat koʻrsatish koʻchalarini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu maqsadlar uchun oʻtgan yili respublika byudjetidan 1 trillion 400 milliard soʻm, joriy yilda esa 900 milliard soʻm ajratilgan.
Masalan, Jizzax shahrining “Jizzaxlik” mahallasidagi yopiq koʻcha Sharof Rashidov markaziy koʻchasiga bogʻlanib, savdo va servis shoxobchalariga tunu kun ishlashga ruxsat berilgan. Natijada biznes rivojlanib, 200 ta ish oʻrni paydo boʻlgan.
Viloyat hokimlariga shahar va tumanlarda shunday koʻchalar tashkil etib, servisni rivojlantirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Yoki yana bir misol: Boysundagi mashhur Omonxona sihatgohi atrofida 3 ta mehmonxona bor. Lekin joy yetishmasligi sababli mehmonlarni qishloqdagi xonadonlar qabul qiladi. Agar bu sihatgohga olib boruvchi yoʻl yaxshilansa, mehmonlar soni yanada koʻpayishi, yoʻl boʻyida 200 dan ziyod savdo va xizmat obyektlari tashkil etilishi mumkin. Shu bois, mutasaddilarga Omonxona qishlogʻini rivojlantirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Shunday yondashuv asosida, xorijiy konsalting kompaniyalari va ekspertlarni jalb qilib, 28 ta shahar va xizmat salohiyati yuqori 10 ta tumanning “master rejasi”ni ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
Prezident koʻchma va yengil konstruksiyali savdo faoliyati uchun talablarni soddalashtirish zarurligini taʼkidladi.
Jumladan, uy-joy mulkdorlari shirkatlari, mahalla, obodonlashtirish va yoʻl tashkilotlariga oʻz hududida mavsumiy kafe va savdo nuqtalarini tashkil etishga ruxsat beriladi. Bu orqali qariyb 50 ming nafar aholining bandligi taʼminlanadi.
Yigʻilishda transport sohasiga xususiy investorlarni jalb qilish, xizmatlar turini koʻpaytirish, Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi faoliyatini transformatsiya qilish masalalariga ham eʼtibor qaratildi.
Davlatimiz rahbari yaqinda mahallalarda boʻlib oʻtgan saylovlarga ham toʻxtalib, raislarni saylangani bilan tabrikladi.
– Elga bosh boʻlish bu – katta masʼuliyat. Mahalla raislari mamlakatimizdagi islohotlarni har bir xonadonga yetkazishda, odamlarning talabini hokimlar oldiga qoʻyib, xalqimizni rozi qilishda yetakchi boʻlishi zarur. Bugun xizmatlar sohasini rivojlantirish boʻyicha qoʻyilgan aniq masalalar ham eng avvalo mahalladan boshlanishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yigʻilishda Bosh vazir oʻrinbosarlari, vazirlar, hokim va hokim yordamchilari soʻzga chiqib, reja va takliflarini bayon etdi.