Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 14 dekabr kuni xizmatlar sohasini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Joriy yil 11 mayda davlatimiz rahbarining “Xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan edi. Unda mazkur sohani muhim drayverga aylantirish va 2023 yilga qadar xizmatlar hajmini ikki baravarga oshirish belgilandi.
30 sentyabrda yana bir muhim hujjat – “Xizmatlar sohasini qoʻllab-quvvatlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” Prezident farmoni qabul qilinib, pandemiya davrida umumiy ovqatlanish, savdo, turizm, transport sohalari uchun berilgan imtiyozlar muddati uzaytirildi. Tadbirkorlar bilan uchrashuvlarda aytilgan muammolar hal etildi.
Joriy yilda jami 18 trillion soʻmlik 29 mingta loyiha amalga oshirilib, xizmatlar sohasi 20 foizga oʻsgan. Lekin, 5 ta tuman va shaharda oʻsish surʼati kam boʻlgan. Umuman, joylarda aholiga xizmat koʻrsatish darajasi pastligicha qolmoqda.
Shu bois yigʻilishda xizmatlar sohasini keng rivojlantirish, foydalanilmayotgan imkoniyatlarni ishga solish masalalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari bu borada har bir hududga alohida yondashuv zarurligini taʼkidlab, aniq misollar keltirdi. Tuman va shaharlarning aholi soni, geografik joylashuvi, iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib, 3 ta yoʻnalish belgilandi.
Birinchi yoʻnalish – xizmatlar sohasini 158 ta tumanda rivojlantirish.
Xususan, sayyohlik maskanlari bor 45 ta hamda togʻli hududdagi 40 ta tumanda turizm xizmatlari koʻpaytiriladi.
Masalan, Shahrisabz tumanining Navroʻz, Miraki, Oqdaryo va Hisor qishloqlariga yiliga 500 mingga yaqin sayohatchilar keladi. Agar shu hududdagi 65 kilometr yoʻl taʼmirlanib, internet va mobil aloqa yaxshilansa, xizmatlar hajmi 3-4 barobar oshishi mumkin. Natijada mehmon uylari, savdo va ovqatlanish shoxobchalari ochilib, qoʻshimcha ish oʻrinlari paydo boʻladi.
Davlatimiz rahbari bunday tumanlarni zarur infratuzilma bilan taʼminlab, yerlarni tayyor loyiha bilan auksionga chiqarish zarurligini taʼkidladi.
Shuningdek, turizm sohasi uchun maxsus soliq rejimi joriy etish, mehmon uylari uchun imtiyozli kreditlar ajratish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Qayd etilganidek, sanoati rivojlangan 27 ta tumanda savdo, umumiy ovqatlanish, logistika, mehmonxona va koʻngilochar maskanlar xizmatlariga ustuvorlik beriladi.
Qishloq xoʻjaligida daromad yuqori boʻlgan tumanlarda umumiy xizmatlar bilan birga, zamonaviy agroxizmatlar rivojlantiriladi.
Masalan, Qamashi tumanida Agroxizmatlar markazi, xususiy veterinariya korxonalari tashkil etiladi. Tuman markazida 200 tonnalik sovutkichga ega “Ekobozor” quriladi va mingta ish oʻrni yaratiladi.
Tuman hokimlariga Qamashi misolida shunday dastur ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
Maʼlumki, kelgusi yil 21 ta tumanda 10 ming oila uchun “Yangi Oʻzbekiston” massivlari, maktab, bogʻcha va tibbiyot maskanlari quriladi. Bu ham servis va savdoni rivojlantirish uchun juda katta imkoniyat ekani taʼkidlandi.
Chegara oldida joylashgan 25 ta hamda xalqaro avtomagistral va temir yoʻl oʻtgan 100 ta tuman savdo va logistika xizmatlari koʻrsatishga ixtisoslashtiriladi. Shu bois mutasaddilarga yoʻl boʻyi xizmatlarini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish, qoʻshni davlatlar bilan chegara punktlari va ularga boradigan yoʻllarda servis infratuzilmasini tubdan yaxshilash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Umuman, mazkur 158 ta tumanda xizmat koʻrsatish sohasida 300 ming ish oʻrni yaratish mumkinligi taʼkidlandi.
Ikkinchi yoʻnalishda 29 ta oʻrta va yirik shahar hamda aholisi 300 mingdan koʻp 6 ta tumanda zamonaviy bozor xizmatlari rivojlantiriladi.
Bu borada koʻp qavatli uylarning birinchi qavatidan samarali foydalanish, yengil konstruksiyali obyektlar uchun yer uchastkalarini auksionga chiqarish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Shaharlarda aksariyat maktab va maktabgacha taʼlim muassasalarida oʻrinlar yetishmayotgani sir emas. Shu bois xususiy taʼlim xizmatlari qamrovini kengaytirish, maktab va bogʻcha qurish uchun yer maydonlarini ajratish boʻyicha vazifalar belgilandi.
Toshkent viloyati tajribasi asosida har bir viloyatda yoshlarni zamonaviy xizmatlarga oʻqitadigan IT-akademiyalar tashkil etish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.
Umuman, mazkur 35 ta shahar va tumanda xizmat koʻrsatish sohasida 200 ming ish oʻrni yaratish koʻzda tutilmoqda.
Uchinchi yoʻnalishga koʻra, Toshkent, Samarqand va Namangan shaharlarida yuqori daromadli xizmatlarni rivojlantirish boʻyicha alohida dastur qabul qilinadi.
Misol uchun, poytaxtimizning Sergeli tumanidagi yer usti metrosi atrofida savdo va xizmat koʻrsatish sohasida 5 mingta ish oʻrni yaratish imkoniyati bor. Yoki rassomchilik, haykaltaroshlik, hunarmandchilik mahsulotlari sotiladigan “sanʼat koʻchalari” tashkil etish mumkin.
Mutasaddilarga muzeylar faoliyatini yaxshilash, koʻrgazmalarini kengaytirish va turistlar uchun yangi yoʻnalishlar ochish yuzasidan koʻrsatma berildi.
Yana bir masala – Toshkent, Samarqand, Buxoro kabi yirik shaharlarda “Taks fri” tizimini joriy etish, shahar ichida “Dyuti fri” doʻkonlarini ochish orqali chakana savdo hajmini yanada oshirish mumkin. Shu bois xorijiy mehmonlarga xaridlari uchun qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarib berish tizimini barcha turistik shaharlarda yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriq berildi.
Umuman, Toshkent, Namangan va Samarqand shaharlarida xizmat koʻrsatish sohasida 750 ming ish oʻrni tashkil etish rejalashtirilgan.
Kelgusi yilda xizmat koʻrsatish sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga 500 million dollar ajratilishi belgilandi.
Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axboroti eshitildi.