Xorazm tajribasi: Obod qishloq ayollari tashabbuskor va faol

0
475
marta koʻrilgan.

Xorazm viloyatining “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan barcha maskanlarida “Obod qishloq ayollari tashabbuskor va faol” mavzuida tadbirlar boʻlib oʻtmoqda.

Viloyat xotin- qizlar qoʻmitasi topshirigʻi bilan viloyat hokimiyati tomonidan tuzilgan roʻyxat asosida targʻibot va tashviqot ishlari guruhi tuzildi. Viloyat Matbuot va axborot boshqarmasi boshligʻi Dilbar Bekchanova rahbarligidagi guruh Xiva shahri va Xiva tumanidagi tadbirlarga masʼul etib tayinlandi.

Xiva tumanidagi Chanashiq va Doshyoq qishloqlari “Obod qishloq“ dasturiga kiritilgan. Tumanning eng chekka qishloqlaridan biri boʻlgan Chanashiq qishlogʻidagi Xiva va Diyor koʻchalarining yoʻllari zamon talablariga mos tarzda ravonlashtirilib, tekislandi. Qishloq ahli uchun namunali mahalla guzari  qurilishiga, hovlilarning tashqi qiyofasining goʻzalligi va tomorqalarning obodligiga alohida eʼtibor berilyapti. Viloyat Matbuot va axborot boshqarmasi boshligʻi rahbarligidagi targʻibot va tashviqot guruhi uyda oʻtirgan ayollar bilan mahallaning obodonchiligiga qanday hissa qoʻshishi mumkinligi haqida jonli suhbatlar uyushtirishdi. Qishloqlar, xonadonlar obodligi tomorqalardagi samarali mehnat, hosilning moʻl toʻplanishiga bogʻliqligi xususida tushuntirishlar berishdi.

Xorazm viloyatida men ham OAVsi vakili sifatida tadbirlarda qatnashib, obod qishloq haqida tushuncha berib, unga har bir inson, ayniqsa, uy bekalari oʻzlarining munosib hissalarini qoʻshishi katta ahamiyatga ega ekanligi va boshqa viloyatlardagi namunali obod qishloq dasturiga kiritilgan mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirib berdim.

 “Mehr bulogʻi“ markazi rahbari  Durdiposhsha  Bekchanova, viloyat perinatal markazi  boʻlim boshligʻi, akusher ginekologlar Shodiya Yusupova, Feruza Roʻzmetovalar ayollarga bolani  ona suti bilan boqishning ahamiyati, tugʻruq oraligʻi, reproduktiv salomatlik va boshqa masalalarda jonli suhbatlar uyushtirishdi. «Hasan Basriy» masjidi imomi Sanjar Sapayevning erta nikoh va ajralishlarning oldini olish xususidagi fikrlari ham barchada qiziqish uygʻotdi.  Dilbar Bekchanova  tomorqaga ekish mumkin boʻlgan mahsulotlar haqida oʻz tomorqasiga ekkan ekinlari oʻz tajribasidan kelib chiqib maslahatlar berdi. Shahardagi kichkina tomorqasida turli xil dala mahsulotlarini ekib, oilasini tabiiy mahsulotlar bilan taʼminlayotgani, bu oila farovonligiga munosib hissa qoʻshishi bilan birga farzandlarni mehnatga oʻrgatib, chiniqtirib borishini ham taʼkidladi. Uchrashuvlar jonli tarzda oʻtdi.

Eng asosiysi tadbirlar qishloqlarning soʻlim joylarida, gujumlar soyasida boʻlib oʻtdi. Xorazmliklar gujum daraxtlarini vohaning konditsioneri deyishadi. Darhaqiqat, bunga yozning issiq kunida oʻtkazilgan  tadbirlarda ishonch hosil qildim.

Doshyoq qishloqida boʻlgan uchrashuvni Madina Ollaberganovaga “Doshyoq qishlogʻining eng tashabbuskor va tadbirkor ayoli” sertifokatini topshirish bilan boshlandi. Tuman xotin-qizlar qoʻmitasi raisi, hokim oʻrinbosari Malika Ismoilova  Madina Ollaberganovaga  ushbu sertifikatni topshirar ekan, qishloqlarning obodligida ayollarning munosib oʻrni borligini taʼkidladi. Nima uchun Madinaga sertifikat berildi? Chunki, u   Doshyoq qishlogʻida bunyod etilayotgan mahalla guzarining qurilishiga oʻzining shaxsiy tashabbusi va mablagʻi bilan hissa qoʻshmoqda. Guzarda mahalla fondi joylashishi bilan birga atrofida maishiy-madaniy maskanlar, dam olish oromgohlari, militsiya tayanch punkti, oʻquv markazlari qurilishi tasdiqlangan.

Madinaxonning turmush oʻrtogʻi farzandlari bilan birga guzar atrofidagi ikki maskan qurilishini oʻz zimmasiga olishgan. Biri  bolalarning dam olish oromgohi boʻlsa, ikkinchisi, bolalar futbol maydonchasini qurish saʼy harakatlarini boshlab yuborishdi.

Guzarning loyihasini koʻzdan kechirdik. Unda qishloq odamlarining madaniy- maʼrifiy faoliyatini kuchaytirish, mehnat bilan bandligini taʼminlash borasida koʻzlangan rejalar amalga oshiriladi. Madina bir umr savdo sohasida ishlagan, yaʼni oʻzining mini savdo tarmogʻi boʻlgan. Shu bilan birga hovlisi atrofining shinamligi va goʻzalligiga alohida eʼtibor berishi bilan ham barchaga namuna. Chamandek ochilgan gullardan bahri dilingiz ochiladi. Tomorqasining orqasida 15ta qoʻy, 2ta sigir, 40 ortiq quyon, ellikdan ortiq tovuq boqib, oilasining farovonligiga, yurtning, mahallaning goʻzalligiga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.  Uch nafar kelini, nevaralari bilan yashayotgan ahil bu oila shaxsiy tashabbusi bilan mahallaning eʼtiboriga tushgan.

U shunday deydi: Biz kamdan kam goʻsht sotib olamiz.Tovuq va quyon parhez goʻsht,  salomatlikka koni foyda. Yana qoʻyon tez, yaʼni uch oyda koʻpayishi bilan juda afzal”.  Eshik oldi esa chamandek ochilgan gulzor oldida Madina Ollaberganovaga ragʻbatlantiruvchi mukofot topshirildi.

 Bular bari tinimsiz izlanish, saʼy-harakatlari mahsulidir.  Darhaqiqat, ayollar tadbirkor, saranjom-sarishta boʻlsa, oʻz uyining atrofini gullatib, yashnatib oʻtirsa, roʻzgʻor ishlarini aql va farosat bilan olib borsa, xonadoni, oʻz qishlogʻining farovonligi, obodligini taʼminlaydi.

Raʼno Zaripova,

Oʻzbekiston  Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.