Xorazm viloyatida 812 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi

0
128
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 mart kuni Xorazm viloyatida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Davlatimiz rahbari oʻtgan yilning oxirida, 12-13 dekabr kunlari Xorazm viloyatida boʻlib, hudud iqtisodiyotini rivojlantirish, aholi bandligini oshirish, infratuzilma inshootlari qurib, turmush sharoitlarini yaxshilash boʻyicha koʻrsatmalar bergan edi. Taqdimotda, avvalo, shu borada bajarilgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

Aytib oʻtilganidek, joriy yilning yanvar-mart oylarida 188 ta loyiha ishga tushirilib, 1 ming 726 ta ish oʻrni yaratilgan. Suv tejovchi texnologiyalarni tatbiq etish orqali 4 ming gektarga yaqin yer foydalanishga kiritilgan. Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Xorazm filiali tashkil qilingan. Amudaryo ustida yangi temir yoʻl koʻprigi qurilishi boshlangan. Bunday misollarni koʻplab keltirish mumkin.

Viloyatdagi siljishlarni izchil davom ettirish maqsadida joriy yil uchun 812 ta investitsiya loyihasi shakllantirilgan. Umumiy qiymati 1 milliard 320 million dollar boʻlgan mazkur loyihalarning 770 tasi hududiy, 42 tasi tarmoqlarniki.

Sohalar boʻyicha aytganda, ularning 273 tasi sanoat, 277 tasi xizmat koʻrsatish, 262 tasi qishloq xoʻjaligiga oid. Bu loyihalar natijasida 23 mingdan ortiq ish oʻrni tashkil etish, 65 million dollarlik tovar va xizmatlar eksport qilish moʻljallangan.

Toʻqimachilik, avtomobilsozlik, elektr texnikasi va oziq-ovqat sanoati, turizm, xizmatlar, issiqxona xoʻjaligi Xorazm viloyatining asosiy “oʻsish nuqtalari” sifatida belgilangan.

Masalan, paxta-toʻqimachilik klasterlari tomonidan 49 ta loyiha taklif etilgan. Ularning samarasida viloyatda yetishtirilayotgan paxtani qayta ishlash darajasi 2 barobardan ziyod oʻsib, ayrim koʻrsatkichlar boʻyicha 100 foizga yetadi. Xususan, ip-kalava tayyorlash quvvati 47 ming tonnadan 104 ming tonnaga, mato ishlab chiqarish 9 ming tonnadan 49 ming tonnaga, tayyor kiyim-kechaklar 47 million donadan 152 million donaga ortadi. Shunday korxonalar joriy yilda Qoʻshkoʻpir, Shovot, Yangiariq, Bogʻot tumanlarida ishga tushadi.

Avtomobilsozlikda 100 turdagi kuzov detallari, turli ehtiyot qismlar ishlab chiqarish boʻyicha 6 ta loyiha amalga oshiriladi. Bu mahsulotlar 20 million dollarlik import oʻrnini bosishi bilan ahamiyatli. Natijada Pitnakdagi zavodning lokalizatsiya darajasi 36 foizdan 45 foizga chiqadi.

Qurilish materiallari sanoatida 85 ta loyiha rejalashtirilgan. Masalan, Urganch shahrida gazoblok, keramik plita, gipsokarton ishlab chiqariladi, “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasida gulqogʻoz tayyorlash loyihasi kengaytiriladi.

Mazkur erkin iqtisodiy zonada elektr dvigatellar, Xiva shahrida gilam va polipropilen iplar ishlab chiqarish korxonalari ham ishga tushiriladi.

Qishloq xoʻjaligida yerlarni lazer yordamida tekislash va tomchilatib sugʻorishni keng joriy etish boʻyicha ishlar boshlangan. Bu orqali paxtachilikda hosildorlikni 35 sentnerga, gʻallachilikda 66 sentnerga yetkazish maqsad qilingan.

Maʼlumki, Xorazm guruchining dongʻi ketgan, unga bozorda talab doim yuqori. Lekin viloyatda yer va suv imkoniyatlari cheklangani sababli sholini istalgancha ekib boʻlmaydi. Shu bois yaxshi nav tanlash va xorij texnologiyasi asosida ekish orqali bor yerdan koʻp hosil olish choralari koʻrilmoqda. Buning uchun Xitoydan Xorazm tuproq-iqlim sharoitiga mos navlar keltiriladi. Oʻtgan yilgicha maydonda, lekin undan 50 ming tonna koʻp mahsulot olinadi. Bu 684 milliard soʻm qoʻshimcha daromad deganidir. Qolaversa, bu omilkorlik natijasida yiliga 113 million kub metr suv tejaladi.

Oziq-ovqat xavfsizligi va narxlar barqarorligini taʼminlash maqsadida joriy yilda oʻtgan yilga nisbatan 151 ming tonna koʻp meva-sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirish rejalashtirilgan. Shuningdek, chorva sonini koʻpaytirish boʻyicha 20 ta, parrandachilik yoʻnalishida 24, baliqchilikni sanoat usulida rivojlantirish boʻyicha 8 ta loyiha amalga oshiriladi.

Taqdimotda turizm, energetika, charm-sanoat, zargarlik, qurilish sohasiga doir loyihalar ham koʻrib chiqildi.

Davlatimiz rahbari mazkur rejalarni maʼqullab, shu bilan birga qoʻshimcha loyihalarni shakllantirish vazifasini qoʻydi. Mahallalarda “oʻsish nuqtalari”ni topib, ish oʻrinlarini koʻpaytirish,  ularga ishsiz aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni joylashtirish, oʻzini oʻzi band qiladigan tashabbuskorlarni qoʻllab-quvvatlash yuzasidan topshiriqlar berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.