Xorazm viloyatini rivojlantirish boʻyicha rejalar koʻrib chiqildi

0
90
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 noyabr kuni Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Soʻnggi yillarda Xorazmda tadbirkorlik, agrosanoat va xizmatlar izchil rivojlanmoqda. Davlatimiz rahbarining yil boshidagi amaliy tashrifi hamda unda belgilangan vazifalar bunga qoʻshimcha surʼat bagʻishladi.

Viloyatga kelgusi yil 1,5 milliard dollar investitsiyalarni jalb etish rejalashtirilgan. Bu koʻplab korxonalar, ish oʻrinlari va turmush farovonligiga asos boʻladi.

Masalan, Qoʻshkoʻpir tumanida 175 gektar yer sanoat zonasiga qoʻshib berilsa, 1 milliard dollarlik loyihalarga yoʻl ochiladi. U yerda elektrotexnika, kimyo, mashinasozlik va farmatsevtika yoʻnalishida 2 mingta ish oʻrni yaratiladi.

Shovot kanalining himoya zonasi 50 metrdan 25 metrga qisqartirilsa, 30 million dollarlik loyihalarni joylashtirish mumkin boʻladi. U yerda 1 trillion soʻmlik xizmatlar koʻrsatilib, 2,5 mingta yangi ish oʻrni ochiladi. Gʻazovot va Polvon kanallari atrofida ham 50 million dollarlik loyihalar uchun imkoniyat bor.

Qishloq va suv xoʻjaligida ham omilkorlik zarur. Masalan, Qoʻshkoʻpirda parrandachilik, Bogʻot tumanida baliqchilikni kengaytirish uchun sharoit yetarli. Yangiariqda suv taʼminotini yaxshilab, poliz, sholi va baliq yetishtirish hisobidan 1,2 ming kishini ishli qilish mumkin.

Ijtimoiy sohada ham takliflar koʻp. Xususan, sifatli taʼlimga ehtiyoj yuqori. Shu bois 44 ta maktab va bogʻchani taʼmirlash, davlat-xususiy sheriklik asosida yangilarini qurish rejalashtirilgan. Shuningdek, Urganch, Bogʻot, Shovot va Yangibozor tumanida koʻp tarmoqli tibbiyot markazlari tashkil etish moʻljallangan.

Davlatimiz rahbari bu takliflarni mujassam qilib, qaror loyihasi tayyorlash boʻyicha koʻrsatma berdi. Imkoniyatlarni natijaga aylantirib, odamlarni ish bilan taʼminlash va daromadini oshirish muhimligini taʼkidladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.