Prezident Shavkat Mirziyoyev Urganch shahridagi “Khorezm Insulation Group” qoʻshma korxonasini borib koʻrdi.
Mamlakatimizda bunyodkorlik koʻlami keng. Soʻnggi yillarda barcha loyihalarda energiya tejamkorlik vazifasi qoʻyilmoqda. Shu bois bazalt xomashyosiga talab oshib borayotir. Tahlillarga koʻra, mamlakatimizda bunday mahsulotdan tayyorlangan plitalarga yillik talab 80 ming tonna.
Shu jihatdan “Khorezm Insulation Group” qoʻshma korxonasi bozor konʼyunkturasi asosida tashkil topdi, deyish mumkin. Qiymati 41 million yevrolik ushbu loyihada bazalt xomashyosidan issiqlik saqlovchi plitalar ishlab chiqariladi. Xomashyo Qoraqalpogʻiston Respublikasining Qoratau togʻidan olib kelinadi.
Korxonaning yillik quvvati 30 ming tonna boʻlib, qurilish sanoatiga talab yuqori mahsulotlar yetkazib beriladi. Shuningdek, Rossiya va qoʻshni davlatlarga 10 million dollarlik eksport qilish imkoniyati yaratiladi.
Buning uchun Germaniya, Turkiya, Rossiya va Xitoy davlatlaridan zamonaviy uskunalar keltirib oʻrnatilmoqda. Korxonada 300 ta yangi ish oʻrni ochiladi.
Prezident korxona bilan tanishar ekan, mahsulotlar sifatini yanada yaxshilash, mahalliylashtirish darajasini oshirishga eʼtibor qaratish lozimligini taʼkidladi.
Ayni paytda bu yerda yiliga 15 ming tonna polipropilen va polietilen tola ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha ham ish olib borilmoqda. Natijada 80 ta yangi ish oʻrni yaratilishi, yana 10 million dollarlik eksport quvvati yaratilishi moʻljallangan.