Xorazm viloyat axborot-kutubxona markazida Oʻzbekistondagi Gyote instituti bilan hamkorlikda uyushtirilgan Germaniyaning Gissen shahridagi “Matematikum” muzeyining barcha yoshdagilar uchun moʻljallangan “Matematikani qoʻlga ol” nomli koʻrgazmasi ochildi.
Koʻrgazmani Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining viloyat boshqarmasi boshligʻi Dilbar Bekchanova kirish soʻzi bilan ochdi.
Tadbirning rasmiy tantanasida Oʻzbekistondagi Gyote institutining til boʻyicha boʻlim boshligʻi Dildora Muhammadaminova, taʼlim sohasida nemis tili boʻyicha hamkorlik boʻlimi xodimi Dilorom Ismatullayeva ishtirok qildilar.
Dildora Muhammadaminova oʻz soʻzida, koʻrgazma tashkil etishdan maqsad taʼlim jarayonida fanlararo uzviylikni targʻib qilish, alohida fanlarni nemis tilida oʻqitish, shuningdek, matematika, informatika kabi tabiiy va texnik fanlarni oʻrganishga yoshlarning qiziqishini oshirishga qaratilganligini taʼkidladi.
“Matematikani qoʻlga ol” koʻrgazmasi Germaniyaning Gissen shahridagi “Matematikum” muzeyining barcha yoshdagilar uchun moʻljallangan interfaol koʻchma tadbirdir. Ushbu koʻrgazma har yili 150 minglab qatnashuvchilarni oʻziga rom qilib kelmoqda. Ushbu koʻrgazma respublikamizning yana Andijon, Toshkent shaharlarida oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Koʻrgazma bugungi kunga qadar Yevropa, Amerika va Osiyoning koʻplab mamlakatlarida namoyish etilgan boʻlib, 2011 yilda esa Oʻzbekistonga kirib kelgan.
Viloyat axborot-kutubxona markazida tashkil qilingan ushbu koʻrgazma deyarli bir oy davomida barcha yoshdagi kishilar, yoshlar va bolalarga beminnat xizmat qiladi.
Gulyor PALVANOVA