Hozirgi kunda davlatimiz rahbari boshchiligida kitobxonlik, kutubxonalar faoliyati, mutolaa madaniyatini yanada rivojlantirish davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.
Bu borada qabul qilingan barcha huquqiy-meʼyoriy hujjatlar ijrosini amaliyotga joriy etish maqsadida respublika miqyosida bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda.
Joriy yilning 26-27 sentyabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar Agentligi, Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona, Xorazm viloyati hokimligi va Maxmud Zamaxshariy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi hamkorligida mintaqaviy seminar tashkil etildi.
Ushbu anjumanga Xorazm viloyatiga qoʻshni boʻlgan minataqalardan yaʼni Navoiy, Buxoro viloyatlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi barcha axborot-kutubxona markazlari rahbarlari hamda davlat miqyosidagi yirik 14 ta viloyat va Toshkent shahar Axborot-kutubxona markazlari rahbarlari ishtirok etishi bilan yanada muhim axamiyat kasb etadi.
Seminarning birinchi kuni “Kitobsevar millat” shiori ostida oʻtkazilayotgan Kitob karvoni Xorazmga yetib keldi. Unda 4,5 mingdan ziyod 1 milliard sakkiz million soʻmlik “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli 100 jilddan iborat asarlar majmuasi mavjud boʻlib, viloyatdagi 12 ta tuman axborot-kutubxona markaziga armugʻon qilindi. Shuningdek taqdimotda majmuaning ijodkorlari bilan uchrashuv ham tashkil etildi. Ushbu kun Xorazm kitobxonlari uchun haqiqiy maʼnoda maʼnaviyat bayramiga aylandi.
Viloyatdagi tuman axborot-kutubxona markazlari faoliyati bilan tanishish jarayoni barchamizda katta taassurot qoldirdi. Jumladan, Yangibozor, Gurlan, Xozarasp, Xiva shahri va tuman axborot-kutubxona markazlarida hamda har bir mahallada tashkil etilgan kutubxonalar va ulardagi kitobxonlarga yaratilgan sharoitlar andoza oladigan darajada deb aytsam hech mubolagʻa boʻlmaydi.
Kutubxonalarda yaratilgan zamonaviy shart-sharomilar, mavjud texnikalar, “Kutubxona-kafe” (Gurlan TAKM) ish uslublari asosidagi oʻquv zallari, oʻlkashunoslik muzey (Shovot TAKM)larining tashkil etilishi hamda jonkuyar ziyolilar saʼy- harakatlari bilan “Ochiq byudjet” loyihalarida ishtirok etishib (Xazorasp TAKM) 300 million mablagʻ yutib, fondlarni yangi nashrlar (80 million), IT parkini yangi texnikalar (120 million) va mebel jixozlari bilan taʼminlanganligi va binolarning taʼmirlanib, dilni nurafshon qiladigan darajada goʻzalligi tahsinga loyiq.
Ayniqsa, Urganch shahrida 2022 yil dekabr oyida tadbirkor Quvondiq Abdullayev tomonidan ochilgan “Yoshlar kutubxonasi”, Madaniyat ishlari vazirligi tasarrufidagi “Koʻzi ojizlar kutubxonasi”ning yangi qurib foydalanishga topshirilgan binolari oʻzining maxobatli, qulay va shinam ekanligi bilan biz tashrif buyurganlarni xayratga soldi.
Alohida taʼkidlash kerakki, Xorazm vohasida viloyat axborot-kutubxona markazi rahbari Raximboy Qurbonovning jonkuyarligi, tashabbuskorligi ila viloyat hokimligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar Agentligi huqudiy boshqarmasi rahbari Dilbarjon Bekchanova hamda tuman hokimliklarining toʻla qoʻllab-quvvatlaganligi natijasida oʻtkazilgan mintaqaviy seminar koʻzlangan maqsadni va marrani uddaladi.
Biz mutaxassislarga mana shunday Kitob va maʼnaviyat bayramlari, tajriba almashish jarayonlari, Xorazm oʻlkasining buyuk ajdodlari Mahmud Zamaxshariy, Jaloliddin Manguberdi, Ogahiy, Al-Xorazmiy, Al-Beruniy va Feruz kabi buyuk bobokalonlardek ilmga, ziyoga cheksiz mehr qoʻyishlari, ana shunday buyuk bobokalonlarning vorislari ekanligi, ularga munosib izdosh boʻlishi kerakligini chuqur his etishlarini anglash yoʻlidagi olib borayotgan tengsiz va xayrli ish faoliyatini respublika miqyosida keng tadbiq etish zarurligini eʼtirof etdik.
Ishonamanki, 2 kun davomida olgan bilimlar, koʻnikmalar, tajriba almashish jarayoni yangi tashkil etilgan Axborot-kutubxona markazlari rahbarlarining kelgusida ishni meʼyoriy-huquqiy hujjatlar asosida tashkil etishi, mahalliy hokimiyat bilan hamkorlikda ishlashi, muammolarni ijobiy hal etish usullari, foydalanuvchilarga yangi innovatsiyalar asosida xizmat koʻrsatishni tashkil etilishi hamda byudjetdan tashqari mablagʻlarni jalb etish orqali yanada yuksak marralarni zabt etilishi kabilar ziyo taratuvchilarning ish faoliyatida mustahkam omil boʻlib xizmat qiladi.
Xorazmdagi mintaqaviy seminar kutubxona mutaxassislari uchun mahorat maktabi boʻldi, desak arziydi.
Hafiza Karimova, Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazi direktori