Xorazmni rivojlantirish boʻyicha «oʻsish nuqtalari» belgilandi

0
74
marta koʻrilgan.

Urganch shahrida 13 dekabr kuni Xorazm viloyati faollari va tarmoqlar mutasaddilari ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yigʻilish avvalida xorazmlik dehqon va fermerlarni, butun mehnatkash xalqimizni bugungi Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni bilan yana bir bor tabrikladi.

Yigʻilishda dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalar muhokama qilindi. Har bir shahar va tuman, mahallalarda mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib, «oʻsish nuqtalari» belgilandi.

Xususan, Urganch shahrida toʻqimachilik va turizm, Xiva shahrida turizm va qurilish materiallari, Gurlan tumanida toʻqimachilik va issiqxona xoʻjaligi, Yangibozor tumanida issiqxona va meva-sabzavotni qayta ishlash, Tuproqqalʼa tumanida mashinasozlik va elektr texnikasi kabi yoʻnalishlarni rivojlantirish mumkinligi qayd etildi. Shu yoʻnalishlarda ishlab chiqilgan loyihalarni amalga oshirish uchun har bir hududga vazirlik va banklar rahbarlari biriktirildi. Barcha loyihalar 16 mingdan ziyod ish oʻrni tashkil etish imkonini beradi.

2021 yilda viloyatda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, yoshlar va ayollar bandligini oshirish maqsadlariga 500 milliard soʻm kredit resursi ajratilishi maʼlum qilindi.

Xorazm uchun drayver sohalardan biri — turizm. Shu bois viloyatda mehmonxona oʻrinlarini koʻpaytirish, salohiyatli mamlakatlardan Urganchga doimiy va charter reyslar tashkil etish zarurligi taʼkidlandi. Ichki turizmni rivojlantirish uchun transport xizmatlarini yaxshilash, xususan, Fargʻona vodiysidan avia va temir yoʻl qatnovini yoʻlga qoʻyib, buning dastlabki davrida 30 foizlik chegirma qoʻllash boʻyicha koʻrsatma berildi. Keyinchalik bu tajriba Termiz, Samarqand va Buxoro shaharlari boʻyicha ham qoʻllaniladi.

Amudaryo ustida Xorazmni Qoraqalpogʻiston bilan bogʻlaydigan 413 metrlik koʻprik, Qoraoʻzak tumanidan Shovot tumanigacha 79 kilometrlik temir yoʻl qurilishi aytildi. Kelgusi uch yilda 2 ming 370 kilometr ichki yoʻllarni taʼmirlash vazifasi qoʻyildi.

Ijtimoiy masalalarga alohida eʼtibor qaratildi. Kelgusi yili viloyat boʻyicha 2 ming xonadonli 100 ta koʻp qavatli uy-joy barpo etish, ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash boʻyicha topshiriqlar berildi.

Taʼlim, tibbiyot, madaniyat sohalarini rivojlantirishga doir chora-tadbirlar belgilandi.

Prezidentimiz yigʻilishda xorazmlik yoshlar bilan alohida suhbatlashdi. Har birini eshitib, takliflari boʻyicha mutasaddilarga koʻrsatmalar berdi.

— Qiyin davrda, murakkab sharoitda yashayapmiz. Ana shu sharoitda har bir tuman, har bir mahallaning oʻz oʻrni, marralari bor. Xorazmning marrasi baland boʻlishi kerak, — dedi davlatimiz rahbari.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.