Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan ishlashni yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.
Xorijdagi vatandoshlar bilan ishlashni tashkil qilish va xorijiy mutaxassislarni jalb etish borasidagi asosiy vazifa va yoʻnalishlar sifatida quyidagilar koʻrsatildi:
- boy ilmiy va amaliy tajribaga ega, nufuzli xorijiy ilmiy-tadqiqot, taʼlim va tibbiyot muassasalarida, ayniqsa iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlari, ishlab chiqarish va yangi innovatsion texnologiyalarni qoʻllash sohalarida faoliyat olib borayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni oʻrnatish;
- mamlakatlar va mutaxassisliklar kesimida kataloglashtirilgan boy ilmiy va amaliy tajribaga ega vatandoshlarning elektron reestri (maʼlumotlar bazasi)ni yuritish, ushbu reestrdan davlat organlarining kadrlar xizmati tomonidan foydalanish va onlayn tarzda qidirish imkoniyatini yaratish;
- taʼlim, sogʻlikni saqlash, iqtisodiyot va davlat boshqaruvi, ayniqsa yangi va tez rivojlanayotgan tarmoqlarga xorijiy davlatlarning olimlari, oʻqituvchilari, muhandislari va boshqa mutaxassislarini, shu jumladan vatandoshlar ichidan mutaxassislarni jalb etish, ularga qulay sharoitlar yaratish, ularning mavjud muammolarini yechish, ularning ulkan salohiyati va imkoniyatlaridan samarali foydalanish;
- taʼlim, sogʻlikni saqlash va iqtisodiyot tarmoqlarida faoliyat olib borayotgan vatandoshlar orasida Oʻzbekistonning ijobiy qiyofasini shakllantirish, vatandoshlarning Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyoti hamda ijtimoiy sohalarini rivojlantirish masalalariga oid fikr va qarashlarini jamlash, umumlashtirish, ularning takliflarini tegishli tashkilotlarga yetkazish;
- xorijda Oʻzbekistonning ijobiy qiyofasini shakllantirish va qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, jahonning rivojlangan mamlakatlaridagi nufuzli taʼlim va ilmiy markazlari bilan aloqalarni izchil oʻrnatish va hamkorlikni rivojlantirishda vatandoshlar salohiyatidan keng foydalanish;
- Oʻzbekistonda olib borilayotgan ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar toʻgʻrisida mahalliy va xorijiy ekspertlarning, shu jumladan vatandoshlarning analitik, ilmiy toʻplamlari va jurnallarini tayyorlash va keng tarqatish;
- davlat organlari va boshqa tashkilotlardagi olib borilayotgan ishlarning holatini monitoring qilish orqali chet elda mutaxassislarni tayyorlash va xorijiy mutaxassislarni jalb etish tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish;
- taʼlim, sogʻlikni saqlash, iqtisodiyot va davlat boshqaruvi sohalarida hamkorlik va rivojlantirish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish maqsadida xorijiy mamlakatlarning davlat idoralari va nodavlat tashkilotlari bilan aloqalarni oʻrnatish.
Hujjatning toʻliq mazmuni bilan portalda tanishingiz mumkin.
Bu masalaga mamlakatimiz Prezidenti Germaniyaga hamda AQSHga rasmiy safarida u yerda ishlayotgan va oʻqiyotgan vatandoshlar bilan uchrashuvida alohida eʼtibor bergan edi.
Yuqoridagi suvratda mamlakatimiz prezidentining Germaniyada ishlayotgan vatandoshlarimiz bilan uchrashuvidan lavha.