Bahor, tabiat uygʻonishi va yangilanish ramzi boʻlgan Navroʻz bayrami munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, yetakchi xalqaro tashkilotlar rahbarlari, taniqli davlat va jamoat arboblaridan samimiy qutlovlar kelmoqda. Ularda Oʻzbekistonning koʻp millatli xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilaklari izhor etilgan, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Xorijiy hamkorlar oʻz qutlovlarida Yangi Oʻzbekistondagi mamlakatni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan islohot va yangilanishlarda erishilayotgan katta yutuq va muvaffaqiyatlarni, davlatimizning xalqaro maydondagi nufuzi izchil mustahkamlanib borayotganini alohida qayd etgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Prezident janoblari!
Xitoy hukumati va xalqi nomidan hamda oʻz nomimdan Sizni Oʻzbekistonning anʼanaviy bayrami Navroʻz munosabati bilan samimiy muborakbod etishga ijozat bergaysiz.
Yaqinda siz bilan Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganligiining 30 yilligini nishonladik. Pekindagi qishki Olimpiya oʻyinlarining ochilish marosimi doirasida doʻstona muhitda sermahsul uchrashuv oʻtkazdik hamda ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirish va birgalikda “Bir makon, bir yoʻl”ni barpo etish, COVID-19 koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish boʻyicha hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan yangi kelishuvlarga erishdik.
Men Xitoy-Oʻzbekiston munosabatlarini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratmoqdaman va Siz bilan birgalikda mamlakatlarimiz ravnaqi va xalqlarimiz farovonligi yoʻlida anʼanaviy doʻstlikni mustahkamlash va ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga tayyorman.
Sizga mustahkam sogʻlik, davlatchilik faoliyatingizda katta muvaffaqiyatlar, doʻst Oʻzbekiston xalqiga baxt-saodat va farovonlik tilayman!
Si Szinpin,
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Prezident janoblari!
Sizga va Oʻzbekiston xalqiga Navroʻz baxtli va farovon boʻlishini tilayman. Bu barcha uchun tinchlik va yangilanish bayramidir, joriy yil esa mamlakatlarimiz diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligini nishonlayotgani bilan alohida ahamiyatlidir.
Mening maʼmuriyatim pandemiyaga qarshi kurash, strategik sherikligimizni chuqurlashtirish va xavfsizlikni mustahkamlash borasidagi muvaffaqiyatli saʼy-harakatlarimizni davom ettirish uchun kelgusi yilda Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilishdan umidvor. Mamlakatingizni Amerika investitsiyalari uchun jozibador qilishiga yordam bergan iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirish yoʻlidagi saʼy-harakatlaringizni qoʻllab-quvvatlashdan mamnunmiz.
Shuningdek, Siz bilan C5+1 jarayoni doirasida umumiy mintaqaviy maqsadlarimiz yoʻlidagi ishlarimizni davom ettirishga intilamiz.
Navroʻz muborak!
Hurmat bilan,
Jozef Robinett Bayden,
Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Barchamiz uchun umumiy bshʼlgan Navroʻz bayrami munosabati bilan Siz va yurtdoshlaringizni samimiy tabriklayman.
Ushbu fayzli bahoriy bayram, yuksak maʼnaviy qadriyatlarni aks ettirib, yangilanish, tinchlik va birlikka chorlaydi. Azal-azaldan qadrli Navroʻz birodar davlatlarimizga shodlik va farovonlik olib kelgan.
Birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz tufayli Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi doʻstlik va yaxshi qoʻshinchilikka asoslangan ittifoqchilik bundan buyon ham xalqlarimiz farovonligi yoʻlida izchil rivojlanadi.
Ushbu fayzli kunlarda Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mamlakatingiz ravnaqi va barqaror taraqqiyoti yoʻlidagi barcha ezgu tashabbuslaringizga katta muvaffaqiyatlar, qardosh oʻzbek xalqiga esa tinchlik va farovonlik tilayman.
Navroʻz har bir xonadonga qut-baraka olib kelsin!
Hurmat bilan,
Qasim-Jomart Toqayev,
Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Sizni Navroʻz bayrami bilan chin dildan qutlayman!
Navroʻz – ezgu intilishlar, pok orzu-umidlar, hayot va bahor shodiyonasini mujassam etgan buyuk qadimiy bayram.
Ishonchim komil, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlar bundan buyon ham chinakam doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik ruhida mustahkamlanib boradi.
Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sogʻlik, baxt-saodat, faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar, qardosh Oʻzbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilayman!
Hurmat bilan,
Sadir Japarov,
Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Sizga va Siz orqali doʻst Oʻzbekiston xalqiga ajdodlarimizning azaliy bayrami Navroʻz kirib kelishi munosabati bilan samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Bugungi kunda xalqaro bayram maqomini olgan qadimgi Navroʻz ayyomi oʻzining chuqur maʼnaviy mazmuni bilan insoniyatga xizmat qilayotgani quvonarlidir.
Zamonning murakkab ijtimoiy-iqtisodiy va geosiyosiy sharoitlarida Bahor bayramining umuminsoniy qadriyatlari tiklanish va bunyodkorlik, tinchlik va osoyishtalik, doʻstlik va ahillik, oʻzaro tushunish va birdamlik, oʻzaro hurmat va koʻmak kabi yuksak neʼmatlarni oʻzida aks ettirish bilan alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Oʻzbekiston-Tojikiston doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlari Navroʻzning ezgu anʼanalari ruhida kelajakda ham rivojlanib, xalqlarimizning tub manfaatlariga muvofiq kengayishiga ishonaman.
Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, mustahkam sogʻlik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, birodar Oʻzbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, barqarorlik, farovonlik va cheksiz ravnaq tilayman.
Navroʻz mubork!
Hurmat bilan,
Emomali Rahmon,
Tojikiston Respublikasi Prezidenti
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Sizni va birodar Oʻzbekiston ahlini xalqaro Navroʻz bayrami munosabati bilan samimiy muborakbod etib, eng ezgu tilaklarimni yoʻllash men uchun sharafdir.
Navroʻz bayrami qadim zamonlardan tabiat tiklanishi, hayot tantanasi va bahor kirib kelishi ramzidir. Mehmondoʻstlik, tinchlikservarlik, yaxshi qoʻshnichilik va yuksak insonparvarlik tamoyillarini mujassam etgan ushbu bayram xalqlarimiz oʻrtasidagi ahillik va doʻstlikni mustahkamlashda alohida oʻringa ega.
Ushbu ajoyib bayram Siz va mamlakatingizning butun xalqiga shodlik, farovonlik va ravnaq olib kelsin.
Chuqur hurmat ila,
Serdar Berdimuhamedov,
Turkmaniston Prezidenti
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Oʻz nomimdan va Ozarbayjon xalqi nomidan Sizga va Siz orqali qardosh Oʻzbekiston xalqiga Navroʻz bayrami munosabati bilan samimiy tilaklarimni izhor etaman.
Tabiatni uygʻotuvchi, odamlarga yangi kayfiyat ulashuvchi ushbu bahoriy bayram oʻzaro anglashuv, doʻstlik va hamjihatlikni tarannum etadi.
Ozarbayjon va Oʻzbekiston oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlik Navroʻzning ezgu qadriyatlarini yuksak qadrlaydigan xalqlarimiz irodasiga muvofiq bundan buyon ham kengayib, mustahkamlanib borishiga ishonaman.
Fursatdan foydalanib, Sizga mustahkam sogʻlik, faoliyatingizga muvaffaqiyatlar, qardosh Oʻzbekiston xalqiga esa tinchlik va ravnaq tilayman.
Hurmat bilan,
Ilhom Aliyev,
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Qalblarga quvonch bagʻishlovchi Navroʻzning kirib kelishi, tabiat va ona zaminning qaytadan jonlanishi hamda hijriy-shamsiy yangi 1401 yilning boshlanishi munosabati bilan Siz Janobi Oliylarini, Sizning muhtaram oila aʼzolaringizni va mamlakatingizning aziz xalqini chin yurakdan muborakbod etaman.
Navroʻz xudojoʻylik, oilani sevish va tinchlikparvarlikdan kelib chiqadigan madaniyatning avj nuqtasi boʻlmish qadriyatlarga tayanuvchi sivilizatsiyaning timsoli va jilolanishidir. Islomning aziz Paygʻambari (unga, uning pokiza avlodlari va buyuk sahobalariga salovotlar boʻlsin) shunday marhamat qiladilar: «Bahorni koʻrganingizda qiyomatni koʻproq eslang». Yaratilishning buyukligi toʻgʻrisida tafakkur qilish va tabiatdagi oʻzgarishlarga eʼtibor qaratish qalbning uygʻonishiga turtki, Allohni eslash vositasi hamda insoniyatning taraqqiyoti va yuksalishi yoʻli hisoblanadi. Buyuk shoir Saʼdiy Sheroziy bu toʻgʻrida shunday degan:
Turgin, gʻanimat bilgin ul bahor yellarini,
Qushlarning kuylashi-yu lolazor xush hidini.
Barcha gulu yaproqlar Yaratganni eslagay,
Bulbulu musicha ham kuylar Xudo yodini.
Hijriy-shamsiy yangi asrda oliy ilohiy va insoniy qadriyatlar tomon harakat yanada tezlashib, bu asr mamlakatingizda yashovchi barcha kishilar uchun Navroʻz kabi yanada quvonchliroq va musafforoq kunlar, mintaqaning barcha xalqlari uchun esa yanada mustahkamroq tinchlik va yakdillik olib keladi, deb umid qilaman. Eron Islom Respublikasi ushbu madaniy birdamlikni mustahkamlash mintaqa va jahondagi barcha mamlakatlar uchun tinchlik va osoyishtalik olib keladi, deb hisoblaydi hamda bu yoʻlda samimiylik bilan barcha mamlakatlarga oʻzining doʻstlik qoʻlini choʻzadi.
Qodir Egamdan Siz janobi oliylariga sogʻlik va muvaffaqiyat, doʻst va birodar Oʻzbekiston Respublikasi xalqiga baxt-saodat va farovonlik ato etishini soʻrab, yangi yilning sizlar uchun xayr-barakaga toʻla bir yil boʻlishini tilab qolaman.
Ibrohim Raisiy,
Eron Islom Respublikasi Prezidenti
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu,
Siz Janobi Oliylariga oʻz salomlarimizni va samimiy tilaklarimizni mamnuniyat bilan yoʻllab, Sizga bardavom sogʻlik, baxt-saodat, oʻzbek xalqiga esa Sizning oqilona rahbarligingiz ostida yanada yuksalish va taraqqiyot tilaymiz.
Navroʻz bayrami munosabati bilan Sizga samimiy tabriklarimizni taqdim etib, yurtingiz rivoji yulida qilayotgan barcha sayʼ-harakatlaringizni amalga oshishiga hamda ushbu yil Siz va xalqingiz uchun yaxshilik, baxt va quvonch yili boʻlib qolishiga tilakdoshmiz.
Bizlarni birlashtirib turgan mustahkam doʻstlik, birodarlik va sheriklik rishtalarini doʻst xalqlarimiz manfaatlari yoʻlida turli sohalarda yanada yuksak choʻqqilarga olib chiqishga boʻlgan intilishlarimiz yuqori ekanini Siz Janobi Oliylariga taʼkidlab oʻtamiz.
Bayramingiz muborak boʻlsin, doimo Allohning panohida boʻling!
Samimiy ehtiromlar ila,
Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum,
Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Sizni buyuk Navroʻz bayrami bilan chin dildan tabriklayman.
Navroʻz — eng qadimiy qadriyatlardan. Xalqlarimiz qalbini ezgulikka toʻldiruvchi, ularga farovonlik va shodlik keltiruvchi ushbu bayram birodarlik va doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlasin. Maʼnaviy mushtaraklik, oʻzaro qoʻllab-quvvatlashga asoslangan Qozogʻiston-Oʻzbekiston munosabatlarining uygʻunligini yuqori baholar ekanman, ikki tomonlama strategik sherikligimizning izchil rivojlanishi mamlakatlarimizni katta muvaffaqiyatlarga eltadi, deb ishonaman.
Ushbu shukuhli damlarda, hurmatli Shavkat Miromonovich, Sizga va oilangiz aʼzolariga mustahkam sogʻlik va farovonlik, birodar Oʻzbekiston xalqiga esa ravnaq va baxt-saodat tilayman.
Hurmat bilan,
Nursulton Nazarboyev,
Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti — Elboshi
Shuningdek,
Falastin Davlati Prezidenti Mahmud Abbos,
Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri oʻrinbosari, ichki ishlar vaziri Shayx Sayf bin Zoid Ol Nahayon,
Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Chjan Min,
Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Bagʻdod Amreev,
Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Husrav Noziriy va boshqalar tabrik yoʻllagan.
Qutlovlar kelishi davom etmoqda.