Tabiat uygʻonishi va yangilanishidan darak beruvchi, sharqiy yangi yil boshlanishini anglatuvchi Navroʻz bayrami munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, yetakchi xalqaro tashkilotlar rahbarlari, taniqli din va jamoat arboblaridan Oʻzbekistonning koʻp millatli xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilaklari bildirilgan qutlovlar kelmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Navroʻz bayrami munosabati bilan Sizga va butun Oʻzbekiston xalqiga samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni qabul qilgaysiz.
Qardosh xalqlarimiz qadim-qadimdan ushbu ayyomni uygʻunlik va hamjihatlik tantanasi, beminnat yordam va baxt-saodat ramzi sifatida alohida shukuh bilan nishonlaydilar. Navroʻzning fayzli qalblarimizga iliqlik bagʻishlab, kunlari doʻst mamlakatlarimizga farovonlik va qut-baraka olib kelsin.
Birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan mustahkam doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilikka asoslangan Qozogʻiston-Oʻzbekiston strategik sherikligi va ittifoqchiligi bundan buyon ham qardosh xalqlarimizning farovonligi yoʻlida jadal rivojlanib borishiga ishonaman.
Ushbu imkoniyatdan foydalanib, hurmatli Shavkat Miromonovich, Sizga Oʻzbekistonning porloq kelajagi va ravnaqi yoʻlida boshlagan barcha ishlaringizda muvaffaqiyatlar, xalqingizga esa omonlik va farovonlik tilayman.
Navroʻz har bir xonadonga toʻkinlik va baxt keltirsin!
Hurmat bilan,
Qasim-Jomart Toqayev,
Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Navroʻz bayrami bilan Sizni chin dildan qutlayman.
Yangi yil boshlanishi ramzi, tinchlik va hamjihatlikka chaqiriq boʻlgan Navroʻz ayyomi qardosh xalqlarimizga baraka va farovonlik keltirsin.
Joriy yil davlatlarimiz uchun taraqqiyot yili boʻlishiga ishonaman. Qirgʻiziston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi mushtarak maʼnaviy qadriyatlar, doʻstlik va strategik sheriklikka asoslangan koʻp qirrali munosabatlar izchil rivojlanaversin.
Muhtaram Shavkat Miromonovich, Sizga mustahkam sogʻlik, davlatchilik faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, qardosh Oʻzbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va porloq kelajak tilayman.
Hurmat bilan,
Sadir Japarov,
Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Navroʻz xalqaro bayrami kirib kelgani munosabati bilan ezgu tilaklarimni izhor etib, Sizni va yurtingizning doʻst xalqini samimiy muborakbod etaman.
Ushbu qadim ayyomning bunyodkorlik ruhi va maʼnaviy ildizlari bugungi zamonda alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Navroʻzga xos boʻlgan doʻstlik va birodarlik, oʻzaro anglashuv, hurmat va koʻmak anʼanalari bizni tinchlikni yanada mustahkamlashga, xalqlarimizning farovon hayoti va kelajagini taʼminlashga birgalikdagi saʼy-harakatlarimizni yoʻnaltirishga davʼat etmoqda.
Ishonchim komil, mamlakatlarimiz yangi orzu-niyatlar bilan, Navroʻzning oʻchmas qadriyatlariga amal qilgan holda, strategik sheriklik va ittifoqchilik doirasida yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini bundan buyon ham kengaytirib boradilar va rivojlantiradilar.
Bahorning ushbu quvonchli kunlarida Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, mustahkam sogʻlik va muvaffaqiyatlar, birodar Oʻzbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va barqaror ravnaq tilab qolaman.
Navroʻz muborak!
Hurmat bilan,
Emomali Rahmon,
Tojikiston Respublikasi Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Sizga va qardosh Oʻzbekiston Respublikasi xalqiga Navroʻz xalqaro bayrami munosabati bilan samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni yoʻllash men uchun sharaf.
Tabiat uygʻonishi, yangilanish va bunyodkorlik darakchisi boʻlgan Navroʻz oʻzida umuminsoniy qadriyatlar – tinchliksevarlik, insonparvarlik va yaxshi qoʻshnichilikni mujassam etadi. Umumiy merosimiz boʻlmish ushbu ayyom xalqlarimizni yaqinlashtirishda muhim oʻrin tutadi va davlatlarimiz oʻrtasidagi ishonchli munosabatlarning mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Ushbu fayzli bayram Sizga va yurtingizning butun xalqiga quvonch, baxt-saodat va farovonlik olib kelsin!
Chuqur hurmat ila,
Serdar Berdimuhamedov,
Turkmaniston Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Sizni va qardosh Oʻzbekiston xalqini oʻz nomimdan va Ozarbayjon xalqi nomidan kirib kelgan Navroʻz bayrami bilan muborakbod etaman.
Tabiatdagi abadiy uygʻunlikni ifoda etuvchi ushbu milliy bayram xalqlarimizning insoniyat madaniyatiga qoʻshgan qimmatli hissasidir. Yangilanish, yosharish va goʻzallik ramzi boʻlmish ushbu ayyom qalblarni nurga toʻldirib, oʻzaro anglashuv, doʻstlik va hamjihatlikni tarannum etadi.
Sizning 2023 yil 1-3 mart kunlari Ozarbayjonga, Boku shahriga Qoʻshilmaslik harakati Muloqot guruhining COVID-19 ga qarshi kurashish boʻyicha sammitida ishtirok etish uchun amalga oshirgan tashrifingizni yuksak qadrlayman, oʻzaro ishonch ruhida oʻtgan uchrashuvimizni mamnuniyat bilan eslayman.
Boy maʼnaviy merosga ega qardosh xalqlarimiz farovonligi yoʻlida hamda sherikligimiz va hamjihatligimizni asrab-avaylash, doimo mustahkamlab borish maqsadida birgalikdagi saʼy-harakatlarimizni davom ettirishimizga ishonchim komil.
Ushbu qutlugʻ kunlarda Sizga va oilangizga mustahkam sogʻlik va baxt-saodat, birodar Oʻzbekiston Respublikasining ravnaqi yoʻlidagi oliy davlatchilik faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilayman.
Hurmat bilan,
Ilhom Aliyev,
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu,
Navroʻz bayrami munosabati bilan Siz, Janobi Oliylariga samimiy tabrik va ezgu tilaklarimizni yoʻllashdan behad mamnunmiz.
Fursatdan foydalanib, Alloh taolodan Siz, Janobi Oliylariga sihat-salomatlik va baxt-saodat, qardosh Oʻzbekiston xalqiga taraqqiyot va farovonlik tilab qolamiz.
Janobi Oliylari, Sizga boʻlgan yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz.
Salmon bin Abdulaziz Ol Saud,
Saudiya Arabistoni Podshohi
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu,
Janobi Oliylari, Navroʻz bayrami munosabati bilan eng xolis tabriklarim va ezgu tilaklarimni yoʻllashdan baxtiyorman.
Siz, Janobi Oliylariga sihat-salomatlik va baxt-saodat, Oʻzbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, taraqqiyot va farovonlik tilab qolaman.
Janobi Oliylari, Sizga boʻlgan yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz.
Muhammad bin Salmon bin Abdulaziz Ol Saud,
Saudiya Arabistoni Valiahdi, Vazirlar Mahkamasi Raisi
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Esar Navroʻz shamoli yellari yorim koʻchasidan,
Yoq ey koʻngil chirogʻini istasang gar madad undan.
Etakdan gʻam gʻuborin qoqqani chiqqin dalalarga,
Kirib gulzor aro oʻrgan gʻazal yozmoqni bulbuldan.
(Hofiz Sheroziy)
Tabiatning uygʻonishi va xijriy-shamsiy 1402 yilning boshlanishi, qadimiy Navroʻzning kirib kelishi munosabati bilan Siz, Janobi Oliylari va mamlakatingizning aziz xalqini chin yurakdan muborakbod etishdan benihoya mamnunman.
Bahor ona yer va tabiatning oʻzgarish pallasi, yangilanish va qayta jonlanish fasli, tafakkur ahlining borliq olamning ulugʻvor tabiiy jilvalaridan birini mushohada aylash vositasida oʻz Parvardigorlarining jamolini koʻrish tomon intilishlaridan bir nishonadir. Bir necha ming yillik tarixga ega boʻlgan boy madaniyat va sivilizatsiya ramzi hamda mehr-muhabbatga toʻla koʻhna udum boʻlmish Navroʻz esa ishq-muhabbatni esga soluvchi, yam-yashillik va musaffolikdan xabar beruvchi, qalblarni uygʻotuvchi hamda Yaratganning zavol topmas kuch-qudratidan belgi beruvchi bir hodisadir.
Kutlugʻ Navroʻz sharofati bilan odamlarimizda va ularning qalblarida ulkan oʻzgarishlar yuz beradi. Navroʻzdan ildiz olgan azaliy tarixiy-madaniy mushtarakliklar vositasida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro doʻstona munosabatlarni rivojlantirish va chuqurlashtirish orqali xalqlarimiz taraqqiyoti va farovonligi yoʻlida qadam tashlaymiz, deb umid qilaman. Bu yoʻnalishda Eron Islom Respublikasi mintaqa va jahonda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash maqsadida Navroʻz madaniy mintaqasining barcha mamlakatlari bilan yanada koʻproq hamkorlik qilishga tayyordir.
Qodir Egamdan Siz, Janobi Oliylariga sogʻlik va muvaffaqiyat, doʻst va birodar Oʻzbekiston Respublikasi xalqiga esa baxt-saodat va farovonlik ato etishini soʻrab, yangi yilning barcha uchun xayr-barakaga toʻla bir yil boʻlishini tilab qolaman.
Ibrohim Raisiy,
Eron Islom Respublikasi Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu,
Siz, Janobi Oliylariga oʻz salomlarimizni va samimiy tilaklarimizni mamnuniyat bilan yoʻllab, Sizga omad va zafarlar tilaymiz.
Navroʻz bayrami munosabati bilan Alloh Taolodan ushbu yilni xayr-baraka yili qilishini, birodar yurtingiz va xalqingiz rivoji yoʻlida qilayotgan barcha saʼy-harakatlaringiz amalga oshishini hamda Sizga uzoq umr va baxt-saodat ato etishini soʻrab qolamiz.
Bayramingiz muborak boʻlsin!
Samimiy ehtiromlar ila,
Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum,
Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi
Shuningdek,
Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan,
Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili,
Iroq Respublikasi Prezidenti Abdullatif Rashid,
Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev,
Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Husrav Noziriy,
Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda va boshqalar tabrik yoʻllagan.
Qutlovlar kelishi davom etmoqda.