Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 8 aprel kuni joriy yilning birinchi choragida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va xalqaro moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalarning amalga oshirilishini tahlil qilish, birinchi yarim yillikka doir vazifalarni belgilash masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Keyingi yillarda vazirlar va tarmoqlar rahbarlari hududlarga yuborilib, joylarda yangi korxonalar va doimiy ish oʻrinlari tashkil etishni taʼminlaydigan investitsiya loyihalari ishlab chiqish hamda amalga oshirish boʻyicha yangi tizim yaratildi. Investitsiya muhitini yaxshilash boʻyicha koʻplab imtiyoz va yengilliklar joriy etildi.
Xorijiy davlatlar va xalqaro moliya tashkilotlari rahbarlari, jahonning yetakchi ishbilarmonlari bilan muzokaralar oʻtkazilib, mamlakatimizga oʻnlab milliard dollar investitsiya jalb etish boʻyicha 700 ga yaqin investitsiya bitimlari imzolandi.
Bunday chora-tadbirlar natijasi oʻsish surʼatlarida koʻzga tashlanmoqda. Xususan, oʻtgan yili asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi 18 foizdan ziyod oʻsgan. Bu, oʻz navbatida, sanoat ishlab chiqarishining 14,4 foizga koʻpayishini taʼminlagan.
Muhim sifat oʻzgarishi shundaki, ilgari toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar ishtirokida hududiy loyihalar deyarli boʻlmagan boʻlsa, joriy yilda oʻzlashtiriladigan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy sarmoyalarning yarmi hududlar hissasiga toʻgʻri keladi.
2019 yilgi Investitsiya dasturiga muvofiq jami 3 ming 200 dan ziyod investitsiya loyihasi doirasida qariyb 14 milliard dollar miqdoridagi kapital qoʻyilmalarni oʻzlashtirish rejalashtirilgan. Shundan 4 milliard dollardan ortiq toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish belgilangan.
Yigʻilishda mazkur investitsiya loyihalari tarmoqlar va hududlar kesimida tahlil qilinib, olib borilayotgan ishlar yuzasidan tegishli rahbarlarning hisobotlari eshitildi. Muddatidan kechikayotgan loyihalarning muammoli jihatlari muhokama qilindi.
Birinchi chorakda belgilangan mablagʻlar oʻzlashtirilgan boʻlsa-da, ayrim tarmoqlar va hududlarda ishlar qoniqarsiz ekani koʻrsatib oʻtildi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “Oʻzavtosanoat”, “Oʻzagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyatlari, “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi rahbarlari, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Namangan, Fargʻona va Xorazm viloyatlari hokimlarining investitsiya boʻyicha oʻrinbosarlari ogohlantirildi.
Davlatimiz rahbari investitsiyalarning oʻz vaqtida oʻzlashtirilishini taʼminlash uchun yangi nazorat tizimini joriy etishni taklif qildi. Unga koʻra, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi barcha loyihalar toʻrtta roʻyxatga boʻlinib, alohida va izchil nazorat qilib boriladi.
Birinchi roʻyxatga joriy yilda 3,6 milliard dollar xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilishi moʻljallangan 27 ta eng muhim strategik loyihalar kiritiladi va u Prezidentning doimiy nazorati ostida boʻladi.
Ikkinchi roʻyxat shu yili 1,3 milliard dollar xorijiy investitsiya oʻzlashtiriladigan 65 ta yirik loyihadan iborat boʻlib, uni Bosh vazir nazorat qilib boradi.
Bosh vazir oʻrinbosarlari nazorat qiladigan uchinchi roʻyxatga 407 million dollar xorijiy investitsiya oʻzlashtirilishi rejalashtirilgan 65 ta loyiha kiritiladi.
Toʻrtinchi roʻyxatdagi loyihalarni hududlarga biriktirilgan markaziy idoralar rahbarlari va hokimlar nazorat qiladi.
Investitsiyaviy loyihalar ijrosi doimiy ravishda muhokama qilinib, muammolar tezkorlik bilan hal etib boriladi.
Prezident toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va xalqaro moliya institutlari mablagʻlarini jalb qilish borasida imkoniyatlar toʻliq ishga solinmaganiga eʼtibor qaratib, tarmoqlar va hududlarda yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish zarurligini taʼkidladi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga tarmoq vazirliklari bilan birgalikda neft-gaz, kimyo, energetika, qurilish materiallari, mashinasozlik, elektr texnikasi sohalarida, shuningdek, hududlardagi mavjud salohiyat va resurslaridan kelib chiqib, har bir tuman va shahar boʻyicha qoʻshimcha investitsiya loyihalari ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
Shakllantirilgan ushbu takliflar asosida mamlakatimizning elchixonalari bilan birgalikda yurtimiz va xorijda biznes-forumlar tashkil qilish, mahalliy investorlarning maqsadli taqdimotlarini oʻtkazish boʻyicha topshiriqlar berildi.
– Oʻzbekiston bilan ishlash istagini bildirgan xorijiy investorlar bilan mustahkam aloqa oʻrnatib, loyihaning boshidan oxirigacha ularga yordam berish, oddiy qilib aytganda, ularni “qoʻlidan yetaklab” natijani taʼminlash kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yigʻilishda Toshkent shahriga sarmoya jalb etishni kengaytirish, investitsiya loyihalari uchun yer uchastkalari va davlat mulki obyektlari berish borasidagi ishlar ham muhokama qilindi. Poytaxtimiz toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha barchaga oʻrnak boʻlishi lozimligi taʼkidlandi.
Hududlar va tarmoqlarda loyihalarning amalga oshirilishini monitoring qilish, yuzaga kelgan muammolarni tezkor aniqlab, hal etish boʻyicha elektron axborot tizimini qisqa muddatda ishga tushirish zarurligi qayd etildi.
Xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikdagi ishlar tahlil qilinar ekan, ijtimoiy sohalardagi loyihalar aholi turmushi uchun muhimligi, ular oʻz muddatida va sifatli amalga oshirilishi kerakligi taʼkidlandi. Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimida 4 ta, Suv xoʻjaligi vazirligida 4 ta, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligida 3 ta loyiha boʻyicha ishlar kechikayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Bunday loyihalarni muvofiqlashtirishni takomillashtirish uchun Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasi kabi xalqaro moliya institutlari bilan bevosita ishlaydigan vazirlik va idoralar belgilandi.
Videoselektorda oliy darajadagi tashriflar yakuniga koʻra tasdiqlangan “yoʻl xaritalari” ijrosiga ham eʼtibor qaratildi.
Maʼlumki, ular doirasida 700 ga yaqin investitsiya bitimi imzolangan. Hisob palatasi tomonidan kelishuvlarning maʼlumotlar bazasi yaratilgan, ularning ijrosi boʻyicha monitoring va nazorat oʻrnatilgan.
Prezidentimiz “yoʻl xaritalari”dagi chora-tadbirlarni tez va izchil amalga oshirish, bu borada hukumatlararo komissiyalarning faoliyatini jonlantirish zarurligini taʼkidladi.
Vazirlar Mahkamasiga har bir davlat bilan hamkorlik yoʻnalishlarining asosiy xususiyatlaridan kelib chiqib, hukumatlararo komissiyalar tarkibini qayta koʻrib chiqish vazifasi qoʻyildi.
Keyingi yildan boshlab investitsiya dasturlari uch yillik qilib shakllantirilishi, barcha tarmoqlar va hududlar bunga tayyorgarlikni bugundan boshlashi zarurligi taʼkidlandi.
Muhokama qilingan masalalar boʻyicha galdagi muhim vazifalar belgilab berildi.