Xotin-qizlar uchun ulkan imkoniyatlar belgilandi

0
273
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 1 mart kuni xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash tizimi hamda ularning jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlash masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Xalqimiz tarixida buyuk allomalar, jahongir bobolarimiz qatorida, bunday insonlarni dunyoga keltirib, tarbiyalagan, ulugʻvor ishlarga ruhlantirgan fozila ayollar ham koʻp boʻlgan. Bugun ham xotin-qizlarimiz farzand tarbiyasida, turli sohalarda, mahallalarda fidoyilik koʻrsatmoqda. Ularning ogʻirini yengil qilish, huquq va manfaatlarini taʼminlash maqsadida soʻnggi yillarda bir qator qonunlar, farmon va qarorlar qabul qilindi.

2021 yilda ayollar tadbirkorligi dasturlari doirasida 200 mingdan ziyod loyihalarga 2 trillion soʻm kredit va subsidiyalar ajratilib, 320 ming xotin-qiz doimiy ish oʻrniga ega boʻldi. 190 ming nafar ayol kasb-hunarga oʻqitildi. 4 mingdan ziyod xotin-qizlarga uy-joy toʻlovining boshlangʻich badaliga mablagʻ ajratildi.

2 ming nafar qiz alohida grant asosida oliy taʼlimga qabul qilindi. Natijada, oʻtgan yili oliy oʻquv yurtlariga kirgan talabalarning 60 foizini xotin-qizlar tashkil etdi.

Umuman, 2020 yildan boshlab, “Ayollar daftari” tizimi yoʻlga qoʻyilib, unga kiritilgan 900 mingga yaqin xotin-qizlarga ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy, huquqiy va psixologik koʻmak berilgan.

Yigʻilishda bu boradagi navbatdagi dolzarb vazifalar muhokama qilindi.

Hozirgi kunda “Ayollar daftari”da 630 mingdan ziyod xotin-qiz roʻyxatda turibdi, ulardan 200 ming nafari ishsiz. Ayollar oʻrtasida jinoyatchilik, oilada zoʻravonlik va tazyiq holatlari, afsuski, hali ham bor.

Davlatimiz rahbari bu muammolarni hal etishda mahalla faollari, jamoatchilik va nuroniylarning oʻrni va taʼsiri sezilmayotganini aytdi.

– Bugungi farovon hayotimiz ham, yorugʻ kelajagimiz ham ayollarga bogʻliq. Agar xalqimiz bizdan rozi boʻlishini xohlasak, avvalo, moʻtabar onalarimiz, opa-singillarimiz uchun munosib turmush sharoitlari yaratishimiz kerak. Ona rozi boʻlsa, oila rozi boʻladi, oila rozi boʻlsa, jamiyat rozi boʻladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu maqsad mamlakatimizning taraqqiyot strategiyasida eng muhim yoʻnalishlardan biri sifatida belgilangan. Ularning ijrosini tizimli tarzda, har bir mahalla kesimida amalga oshirish uchun Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisida Prezident farmoni qabul qilindi.

Qoʻmita raisi ayni paytda Bosh vazir oʻrinbosari va Senat aʼzosi sifatida faoliyat yuritadi. Qoʻmitaning viloyat, tuman va shahar boshqarmalari rahbarlari esa, hokim oʻrinbosari hisoblanadi.

Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hamda “Ayollar daftari” jamgʻarmasi mazkur qoʻmita tomonidan boshqariladi. Yurtimizdagi 9 ming 309 ta mahalla raisining xotin-qizlar va oila boʻyicha oʻrinbosari lavozimlari ham qoʻmita tizimiga oʻtkaziladi hamda har bir mahallada xotin-qizlar faoli lavozimi yangidan joriy qilinadi.

– Endi har bir mahallada ayollarning dardi bilan yashaydigan tizim boʻladi. Qaysi ayolga nima kerakligi, oʻqishi, davolanishi, bolalari tarbiyasi boʻyicha mening stolimda adolatli raqam boʻladi, – dedi davlatimiz rahbari.

Maʼlumki, xotin-qizlar masalalari Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tizimida edi. Alohida qoʻmita tuzilishi munosabati bilan, bu vazirlik ham Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi sifatida qayta tashkil etildi.

Bu sohada ham yangi tizim yaratilishi belgilandi. Joylarda bu vazifa bevosita hokimlarning zimmasiga yuklatiladi, hokim oʻrinbosari lavozimi qisqartiriladi. Mahalla raisi oʻz hududida hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faolining hamjihatlikda ishlashni taʼminlaydi.

Shuningdek, Xalq qabulxonalarining vazifalari ham endi shahar va tumandan mahalla miqyosiga tushadi.

Yigʻilishda davlatimiz rahbari ayollarni ijtimoiy himoya qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. 2022 yil 1 sentyabrdan xususiy sektorda rasmiy ishlayotgan ayollarga homiladorlik nafaqasini davlat tomonidan toʻlash tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatma berildi. Bu maqsadlar uchun joriy yilda byudjetdan 200 milliard soʻm, 2023 yilda esa 1 trillion 700 milliard soʻm yoʻnaltirilishi qayd etildi.

Ayollarning uy-joy sharoitini yaxshilash masalasiga toʻxtalar ekan, Prezidentimiz shunday dedi:

– Bir vaqtlar ayollarga imtiyozli uy berishga imkon yoʻq edi, bunga qonuniy asos, mablagʻ yoʻq edi.

Yigʻilishda ipoteka kreditlari boʻyicha ajratiladigan subsidiyalarning kamida 40 foizi xotin-qizlarga yoʻnaltirilishi belgilandi.

Ularning salomatligini tiklash boʻyicha ham aniq tadbirlar amalga oshiriladi. Xususan, joriy yilda 6 ming nafar ayolga yuqori texnologik tibbiy yordam koʻrsatiladi. Nogironligi boʻlganlar reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlanadi. 3 million nafar xotin-qiz onkologik skriningdan oʻtkaziladi. Shuningdek, qizlarni emlash, fertil yoshdagi ayollarni dori va vitaminlar bilan bepul taʼminlash boʻyicha topshiriqlar berildi.

Qizlarning yaxshi taʼlim olishi, kasb-hunar egallashi Prezidentimizni hamisha oʻylantiradigan masalalardan biri. Bu yigʻilishda ham ular uchun taʼlim sharoitlarini kengaytirish boʻyicha tarixiy qarorlar qabul qilindi.

Jumladan, 2022-2026 yillarga moʻljallangan Xotin-qizlar taʼlimini qoʻllab-quvvatlash dasturi ishlab chiqiladi. Dastur doirasida, poytaxtimizda asosan xotin-qizlarni oʻqitish uchun davlat-xususiy sherikchilik asosida toʻqimachilik sohasida alohida universitet tashkil etiladi. Paxta-toʻqimachilik va pillachilik klasterlari ishtirokida joylarda universitetning texnikumlari ham ochiladi.

Yangi oʻquv yilidan boshlab, taʼlim kontraktlarini toʻlash uchun qizlarga ilk marotaba 7 yil muddatga foizsiz kredit berish joriy qilinadi. Buning uchun, joriy yilda banklarga 1 trillion 800 milliard soʻm, kelgusi besh yilda 8 trillion soʻm mablagʻ ajratiladi. 

Yana bir yangilik: kelgusi oʻquv yilidan boshlab, magistraturada oʻqiyotgan qizlarning kontrakt pullari toʻliq byudjetdan qoplab beriladi. Shuningdek, ehtiyojmand oila vakillari, ota yoki onasini yoʻqotgan talaba qizlarning taʼlim kontrakti mahalliy byudjetdan toʻlanadi.

Jamiyatimizda olima ayollar ulushini sezilarli oshirish uchun doktorantura yoʻnalishida xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratiladi.

Monomarkazlar va oliygohlar qoshida Malakani baholash markazlari tashkil etish, ayollarni talab yuqori boʻlgan ishchi kasblarga oʻqitish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

2022-2024 yillar uchun “Biznes ayollar” dasturi qabul qilinishi belgilandi. Uning ijrosiga jami 8 trillion soʻm yoʻnaltiriladi. Ayollar uchun tadbirkorlik kurslari tashkil etiladi, imtiyozli kreditlar beriladi.

Davlatimiz rahbari ehtiyojmand xotin-qizlar bandligini taʼminlagan tadbirkorlarni ham qoʻllab-quvvatlash zarurligini taʼkidladi. Ular uchun koʻplab soliq va savdo imtiyozlari belgilandi.

Yigʻilishda ayollarning huquqiy himoyasini kuchaytirish masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi. Bugungi kunda tazyiq va zoʻravonlik uchragan ayollar 30 kun muddatga alohida himoyaga olinadi. Lekin, undan keyingi tizim boʻshliq boʻlib qolgan.

Shu bois, endi ayollarning tazyiq va zoʻravonlikdan himoyasi sud tomonidan taʼminlanishi, alohida himoyaga olish bir yilgacha belgilanishi aytildi.

Oilalarni mustahkamlash, farzand tarbiyasida ota-onaning masʼuliyatini oshirish ham bugungi kundagi dolzarb masalalardan.

Prezidentimiz bu borada obroʻ-eʼtiborli, bilimli xotin-qizlardan iborat “Oqila ayollar” harakatini tashkil qilish taklifini bildirdi.

– Bu harakat “mahallaning vijdoni”ga aylanishi kerak. Chunki maʼrifatli jamiyatni maʼrifatli onalarsiz qurib boʻlmaydi, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.

Yigʻilishda belgilangan chora-tadbirlar ijrosini tashkil etish va nazorat qilish boʻyicha mutasaddilarga koʻrsatmalar berildi. Faol ayollar, tarmoq va hudud rahbarlari soʻzga chiqib, oʻz fikrlarini bildirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.