Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 7 fevral kuni xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash masalalariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida.
Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish davlat siyosatining muhim yoʻnalishi sifatida belgilangan.
Oʻtgan yillar mobaynida bu borada muayyan ishlar amalga oshirilgan. Biroq shu paytgacha xotin-qizlar manfaatlarini roʻyobga chiqarish boʻyicha samarali mexanizm yaratilmagan.
Xotin-qizlar qoʻmitasi, mahalla va boshqa jamoat tashkilotlari yillar mobaynida faqatgina turli tadbir va yigʻilishlar oʻtkazish bilan cheklanib, ijtimoiy vaziyati ogʻir oilalar, ayollar va yosh qizlarga chinakam yordam berish boʻyicha samarali faoliyat olib bormagan. Buning oqibatida joylarda koʻplab masalalar toʻplanib qolgan, ularning yechimi boʻyicha aniq manzilli ishlar amalga oshirilmagan.
Oʻtgan yil jamoatchilik nazorati guruhlari tashkil etilib, xotin-qizlar hayotidagi muammolar oʻrganildi. 2017 yil jami 5 milliondan ortiq xonadonga kirib borilib, oilalar tomonidan koʻtarilgan masalalarni hal etish choralari koʻrildi. Jumladan, 22 mingta oilada ajrashib ketishning oldi olindi, 36 ming fuqaro ishga joylashtirildi, 14,5 ming yurtdoshimizga imtiyozli kredit olishda yordam berildi.
Yigʻilishda taʼkidlanganidek, bu oilalar farovonligini taʼminlashga qaratilgan muhim ishlarning bir qismi xolos. Hali bu borada amalga oshirish zarur boʻlgan qator dolzarb vazifalar turibdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni shu maqsadda qabul qilindi.
Xotin-qizlarga eʼtibor hamma vaqt barcha saʼy-harakatlarimiz markazida boʻlishi, hammamizning vazifamizga aylanishi kerak, dedi davlatimiz rahbari. Oilaga eʼtibor aslida bu oʻzligimizga eʼtibordir.
Yigʻilishda xotin-qizlar qoʻmitalari faoliyati qoniqarsiz ekani, ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollarga koʻmak berish, erta nikohlar, ajrashishlar va ayollar jinoyatchiligining oldini olishga yetarlicha eʼtibor berilmagani taʼkidlandi.
Oxirgi yillarda ajrashishlar soni har yili 10-11 foizga oshib borgani tashvishlanarlidir. 2017 yilda 31 mingdan ziyod ajralish holati qayd etilgan. Buning oqibatida, asosan, ayollar va bolalar jabr koʻrmoqda. Ayollar oʻrtasida jinoyatga qoʻl urish hollari koʻp uchramoqda.
Prezidentimizning yuqorida qayd etilgan farmonida shu kabi muammolarni hal etish, xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qator chora-tadbirlar belgilandi. Respublika, viloyat, shahar va tumanlar xotin-qizlar qoʻmitalari tuzilmasi tubdan takomillashtirildi.
Barcha mahalla fuqarolar yigʻinlarida xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha mutaxassis lavozimi joriy etildi.
Vazirlar Mahkamasi huzurida “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi va uning hududiy boʻlinmalari tashkil etilib, aniq vazifalari, maqomi belgilab berildi.
Fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish organi faoliyatini muvofiqlashtirish tuman hokimi oʻrinbosari – xotin-qizlar qoʻmitasi raisi zimmasiga yuklatildi. Bu bilan joylardagi xotin-qizlar masalalari boʻyicha hokim oʻrinbosarlari hamda Respublika qoʻmitasining imkoniyati va taʼsiri kuchaytirildi.
Onalar va goʻdaklar oʻlimi qayd etilayotgani, nogiron bolalar tugʻilayotgani – xotin-qizlarning reproduktiv salomatligini taʼminlash boʻyicha ishlarning mutlaqo qoniqarsiz ekanini koʻrsatmoqda. Har yili 95 foiz homilador ayollar perinatal skrining tekshiruvidan oʻtkazilsa-da, natijasi amalda sezilmayapti. Shu bois oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlarida “ayollar maslahatxonalari” tashkil etilishi belgilandi.
Respublika komissiyasi va 7 ta ishchi guruh tashkil etilib, bu boradagi ishlarni bajarish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri zimmasiga yuklatildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz xotin-qizlarining hayotiy muhim manfaatlarini taʼminlash, turmush sharoitlarini har tomonlama yaxshilash boʻyicha muhim vazifalarni belgilab berdi.
Topshiriqlarga muvofiq, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasining barcha boʻgʻinlaridagi rahbarlar faoliyati tanqidiy oʻrganilib, vazifasiga noloyiq kadrlar oʻzgartiriladi.
Ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan va nogiron xotin-qizlarning manzilli roʻyxati shakllantirilib, ular bilan yakka tartibda ishlash tizimi joriy etiladi.
“Oila” markazi va Xotin-qizlar qoʻmitasi tomonidan Oila institutini mustahkamlash konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqiladi.
Sudlar tomonidan qaror qabul qilinayotganda, birinchi navbatda, ajralishlarning oldini olish, mazkur jarayonda ayollar va bolalar manfaatlarini himoya qilish, ayniqsa, ularni uy-joy bilan taʼminlashga qaratilgan choralar koʻrish boʻyicha takliflar ishlab chiqiladi.
Joylardagi fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish organlari faoliyati tanqidiy oʻrganilib, ularga oʻz vazifasi mohiyatini tushunadigan, adolatli, oilaviy qadriyatlarimizni hurmat qiladigan, professional kadrlar tayinlanadi.
Ishlash istagi boʻlgan xotin-qizlarning manzilli roʻyxatlari shakllantirilib, ularning bandligini taʼminlash, ayollarni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka jalb etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Xotin-qizlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida har bir mahalla kesimida ish olib boriladi. Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan, shuningdek, oʻtgan yili maxsus roʻyxatdan chiqarilgan 2 ming 587 nafar diniy oqim aʼzosi boʻlgan ayollarning hayotda oʻz oʻrnini topishi, ijtimoiy muammolarini hal etishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Xotin-qizlarning tibbiy madaniyatini oshirish, kam taʼminlangan oilalarga manzilli tibbiy yordam koʻrsatish, respublika skrining va reproduktiv markazlari xizmatlarini yanada rivojlantirish boʻyicha ham tizimli ishlar amalga oshiriladi.
Yigʻilishda sohada olib borilayotgan ishlar yuzasidan mutasaddilarning hisobotlari tinglandi. Istiqboldagi muhim vazifalar yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.