Xurshida XOʻJAMUROTOVA: KASBIM  MENGA  ZAVQ  BERADI

0
441
marta koʻrilgan.

Mana bir necha yildirki, Xorazm viloyatining Urganch shahridagi  2-sonli Bolalar musiqa sanʼat maktabi (BMSM) “Tasviriy sanʼat” boʻlimining “Amaliy sanʼat” yoʻnalishida yoshlarga saboq berib kelmoqdaman.

Yoshligimdan tasviriy sanʼatga boʻlgan qiziqishim meni shu kasbni tanlashimga sabab boʻldi. Respublika “Sogʻlom avlod” gazetasi sahifalarida oʻz ijodiy ishlarim bilan bir necha bor qatnashish baxtiga muyassar boʻlganman. Oʻsha davrda  gazetaning bosh muharriri Raʼno opa Zaripovaning koʻrsatmalari bilan  maqola va hikoyalarning mazmunidan kelib chiqib surat chizib berar,  har bir ishimdan zavqlanardim…

Hozir bolalarga dars berayotib  oʻzimning  zavqlanib  ruhlanib rasm chizgan paytlarimni eslayman. Sanʼat insonga estetik zavq bagʻishlashi bilan birga maʼnaviyatini yuksaltiradi. Bilimining oshishi, dunyoqarashining oʻsishida muhim ahamiyatga ega. Bolajonlar  hayotga, unda kechayotgan voqealarga oʻzlarining begʻubor tasavvurlari bilan yondoshadilar. Bu ularning ijodiy ishlarida aks etadi.  Ularni kuzatganimda bolalikning begʻubor dunyosiga tushib qolaman.

Oʻquvchilarni tabiatda kechayotgan oʻzgarishlar, fasllar almashinuvining  oʻziga xosliklari nihoyatda qiziqtirishi tabiiiy. Men ham har bir dars jarayonini  yangiliklar bilan boyitishga, oʻquvchilarni qiziqtirayotgan savollarga individual javob berishga harakat qilaman. Maktabimizda tez-tez oʻquvchilarning ijodiy ishlari koʻrgazmasini oʻtkazib turamiz. Bunda menga maktabimiz direktori  Bekposhsha Yoqubova hamda direktor oʻrinbosari  Dilrabo Rajabovalar yaqindan yordam berishadi. Ijodiy tanlovlar bolalarga yanada koʻproq ijod qilishga, yangiliklarga intilishga turtki beradi.  Iqtidorli bolalar bilan ishlash oʻzimga ham zavq beradi, ham kasbimga boʻlgan mehrimni yanada oshiradi.

Oʻquvchilarimiz har yili maktabimizda, shahar va viloyat miqyosida turli mavzularga bagʻishlab  oʻtkaziladigan yosh ijodkorlar  koʻrik-tanlovlarida ishtirok etib, faxrli oʻrinlarni egallab kelmoqdalar.

Masalan, 2018 yilda Belorussiya davlatining Minsk shahrida har yili oʻtkaziladigan xalqaro koʻrik-tanlovning “Zolotaya pchyolka”  tanlovida maktabimiz oʻquvchilaridan  Ixtiyor Ismoilov, Aziza Azimova, Zahro Sharifboyevalar ijodiy ishlari bilan faol ishtirok etib, tanlov diplomini qoʻlga kiritdilar.

Yaqinda Xorazm viloyati Urganch shahridagi  “Barkamol avlod” bolalar va oʻsmirlar markazida  shahar, tuman maktab oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazilgan “Ona diyor ranglar jilosida” koʻrik-tanlovida xakam sifatida ishtirok etish baxtiga muyassar boʻldim.  Urganch Davlat Universiteti va ixtisoslashgan maktablar pedogoglaridan iborat  hakamlar guruhining eng yosh ishtirokchisi boʻldim. Ustozlar davrasida boʻlish menga katta ruhiyat va kuch quvvat berdi. Birgalikda  ijodkor oʻquvchilarning ijodiy ishlarini kuzatib bordik.  

Bolajonlar tomonidan ona-diyorimizda kechayotgan yangiliklar, yangi uslubda qurilib qad koʻtargan betakror binolar, shahrimizning goʻzal maskanlari, manzaralari aks ettirilgan ijodiy ishlarning har biri munosib baholandi.

Xurshida XOʻJAMUROTOVA,  oʻqituvchi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.