Xususiylashtirish sohasidagi ishlar natijadorligi koʻrib chiqildi

0
61
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 1 iyul kuni davlat aktivlarini xususiylashtirish sohasidagi ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Xususiylashtirish – muhim iqtisodiy tadbirlardan biri. Bu nafaqat byudjetga tushumni taʼminlaydi, balki yangi investitsiya loyihalari, ish oʻrinlari va qoʻshilgan qiymat uchun poydevor boʻlib xizmat qiladi. Chunki tadbirkorlik rivoji uchun eng zarur sharoit, avvalo, yer, bino va infratuzilmadir.

Shu bois xususiylashtirish masalasi iqtisodiy islohotlarning asosiy yoʻnalishlaridan biri etib belgilangan. Joriy va kelgusi yilda davlat ulushi boʻlgan korxonalar sonini kamida 3 barobar qisqartirish boʻyicha ish olib borilmoqda. Bu islohotlar dunyodagi nufuzli ekspertlar va ommaviy axborot vositalari tomonidan ham eʼtirof etilmoqda.   

2020 yil 27 oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilingan edi. Bu boradagi ishlar oʻz samarasini berib, joriy yilning birinchi yarmida 478 ta davlat mulki 1 trillion 100 milliard soʻmga sotildi.

Lekin, bu borada qilinadigan ishlar hali koʻp. Xususan, sotilishi belgilangan 556 ta mulkdan 288 tasi savdolarga chiqarilmagan. Shuningdek, davlat korxonalari va banklar ixtiyorida ularning asosiy faoliyatiga xos boʻlmagan 511 ta obyekt haligacha sotilmasdan turibdi.

Yigʻilishda xususiylashtirish jarayonini samarali tashkil etish, auksionda qatnashish tartiblarini soddalashtirish va ishtirokchilar sonini koʻpaytirishga qaratilgan vazifalar muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, joriy yilda 900 dan ortiq davlat mulki sotuvga qoʻyiladi. Endi davlat mulklarini “1 soʻm” qiymatda savdoga chiqarish, yer uchastkalarini investitsiya majburiyati bilan sotish amaliyoti bekor qilinadi va ular bozor bahosida elektron savdolarga chiqariladi.

Bundan tashqari, onlayn auksionda qatnashish uchun toʻlovlar bekor qilinadi va tadbirkorlarga elektron roʻyxatdan oʻtish xarajatlari Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan qoplab beriladi. Auksionda mulkni sotib olganda, toʻlov muddati hozirgi 5 kundan 15 kungacha uzaytiriladi.

Bundan buyon, davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan tashkilotlarning bino-inshootlari, transport vositalarini sotish va ijaraga berishni faqat elektron auksion orqali amalga oshirish tartibi joriy etiladi.

Mutasaddilarga ushbu yangi tartiblarni nazarda tutuvchi qaror loyihasi ishlab chiqish topshirildi.

Toshkent shahridagi 13 ta yirik koʻchmas mulk obyekti hamda 11 ta tarmoq korxonalaridagi davlat ulushlarini xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda, sotuvga chiqarish zarurligi taʼkidlandi.

Viloyat, tuman va shahar hokimlariga oʻz vakolatidagi 154 ta boʻsh turgan obyektni bir oy muddatda savdoga chiqarish vazifasi qoʻyildi.

Hokimliklar tomonidan sotuvga chiqarilgan mulklar sotilganda, hududlar ixtiyorida qoladigan mablagʻlar ulushi 73 foizdan 87 foizga oshiriladigan boʻldi. Bu mablagʻlar viloyat va tumanlar (shahar) byudjetlari oʻrtasida teng taqsimlanadi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga davlat korxonalari hamda banklarning asosiy faoliyatga xos boʻlmagan va boʻsh turgan obyektlarni toʻliq qaytadan xatlovdan oʻtkazib, ularni xususiylashtirishga tayyorlash boʻyicha topshiriq berildi.

Faoliyat yuritmayotgan yoki zarar koʻrib ishlayotgan korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish va modernizatsiya qilish boʻyicha takliflar muhokama qilindi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.