XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlarining birinchi kunida hamyurtlarimiz ishtiroki

0
99
marta koʻrilgan.

XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlarida hamyurtlarimiz ishtirokini birinchi boʻlib mergan Muxtasar Tohirova boshlab beradi. Namanganlik sportchi 10 metrdan miltiqdan oʻq otish dasturida 622.2 ochko toʻplay oldi. Bu bilan vakilamiz 33-koʻrsatkichni qayd etdi.

Qilichbozlikning sablya yoʻnalishida 19 yoshli hamyurtimiz Sherzod Mamutov ruminiyalik Yulian Teodosiuga qarshi jang olib bordi va 11:15 hisobida imkoniyatni boy berib qoʻydi.

Akademik eshkak eshish boʻyicha vakillarimiz Sobir Safaraliyev va Shahboz Xolmirzayev Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlaridagi birinchi chiqishlarini yakunlashdi. Yengil qayiqdagi juftlik bahslarida ishtirok etgan vakillarimiz 2000 metr masofaga kechgan dasturda 6:44.98 daqiqa natija qayd etishdi. Bu bilan ular oʻz guruhlarida toʻrtinchi oʻrinni band etishdi.

Tennischi Denis Istomin hindistonlik Sumit Nagalga qarshi kechgan murosasiz bellashuvda  1:2 hisobida magʻlubiyatga uchradi. Vakilimiz ikkinchi setda gʻalaba qozonib, uchrashuvda biroz burilish yasagandek boʻldi, biroq hal qiluvchi bellashuvda hindistonlik raketka ustasiga omad kulib boqdi.

Shpaga qurolida jang olib borgan Malika Hakimova xitoylik Yiven Sunga qarshi bahs olib bordi. Qiziqarli kechgan bellashuvda xitoylik qilichboz 15:10 hisobida gʻalaba qozondi.

Bokschi Shahnoza Yunusova polshalik Karolina Kosevska raqiblik qildi. Yosh vakilamiz tajribali bokschiga qarshi munosib jang qildi. Biroq, yakunda polshalik bokschi gʻalaba qozonib, keyingi bosqichga yoʻl oldi.

Dzyudochi Sharofiddin Lutfillayev 60 kg vazn toifasida ukrainalik Artyom Lesiukka qarshi kurashdi. Murosasiz kechgan bellashuvda Sharofiddin Lutfillayev kutilmaganda imkoniyatni boy berib qoʻydi va Olimpiadani erta tark etdi. Shu tariqa ukrainalik dzyudochi keyingi bosqichda medallar uchun kurashni davom ettiradi.

Sanjar Tursunov jazoirlik Abdulxafid Benchablaga qarshi ringga koʻtarildi va teng kurashlar ostida kechgan jangda kichik farq bilan magʻlubiyatga uchradi. Ikkinchi raundni oʻz ustunligida oʻtkaza olgan Tursunov qolgan raundlarda tashabbusni boy berib qoʻydi.

J. Saʼdullayev tayyorladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.