Oʻzbekiston Respublikasi IIV Xalqaro hamkorlik boshqarmasida «Xyuman Rayts Votch» ofisining Markaziy Osiyo boʻyicha direktori Stiv Sverdlov va xalqaro tashkilot ofisining Qozogʻiston Respublikasi boʻyicha maslahatchisi Viktoriya Kim bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Mehmonlarni Oʻzbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi boshligʻi, general-mayor Qutbidin Burxonov qabul qildi. General-mayor Q.Burxonov mehmonlarni yurtimizga tashrifi bilan qutlab, Oʻzbekistonda ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy jabhalarda keng koʻlamli islohotlar, yangilanishlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi. Xalq farovonligi, yurt tinchligini taʼminlashga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini toʻlaqonli va samarali himoya qilishga qaratilgan mazkur islohotlar natijasi, avvalo, mamlakatimiz ichki ishlar organlari faoliyatida yaqqol koʻzga tashlanayotganini qayd etdi.
Oʻz navbatida, Stiv Sverdlov iliq va samimiy qabul uchun minnatdorchiligini bildirdi. Shuningdek, Oʻzbekistonda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan tub islohotlar doirasida muhim ijobiy oʻzgarishlar koʻzga tashlanayotgani va bu jahon hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilayotganini taʼkidladi. Ishchan muhitda oʻtgan suhbat chogʻida yana bir qator dolzarb masalalar muhokama qilindi.