Yana bir muqobil energetika stansiyasi qurilishi boshlandi

0
124
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 24 fevral kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Beruniy tumaniga tashrif buyurdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Bu yerda Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi bilan hamkorlikda shamol elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan. Shu munosabat bilan, ushbu majmuaga tamal toshi qoʻyish marosimi boʻldi.

— Qoraqalpogʻistonning insonlari mehnatkash, yeri boy. Endi shamollariyam iqtisodiyotga manfaat keltiradi. Agar biz katta-katta korxonalar quramiz, desak, hamkorlarimiz avvalambor «energetikang bormi, yoʻling bormi, infratuzilmang bormi» deb soʻraydi. Bu yerda quvvati 100 megavatt boʻlgan shamol elektr stansiyasi barpo etilishi hudud iqtisodiyotiga qoʻshimcha kuch, zamin boʻladi, — Shavkat Mirziyoyev.

Qoraqalpogʻistonda yagona boʻlgan Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi bundan 65 yil avval qurilgan boʻlib, hudud ehtiyojini qondirish uchun yetarli emas edi. Shuning uchun ushbu stansiya 680 million dollar evaziga modernizatsiya qilinib, 560 megavatt quvvatlar ishga tushirildi.

Mana endi yangi yoʻnalishda, ekologik toza yana bir elektr stansiyasi qurilishi boshlanmoqda. Yillik quvvati 360 million kilovatt-soat boʻlgan ushbu loyiha 108 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisobiga amalga oshiriladi.

Bu loyiha ishga tushgach, 110 ming xonadonni qoʻshimcha elektr energiyasi bilan taʼminlash mumkin boʻladi. Yiliga  106 million kub metr tabiiy gazimiz tejaladi.

— Inson qadri uchun, degan bosh tamoyil asosida Qoraqalpogʻistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha ham katta marralar olganmiz.

Kelgusi besh yilda 2 ming 500 ta yangi korxonalar tashkil etib, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini qariyb 2 barobarga oshirish rejalashtirilgan. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari bu ishlarga kuchli turtki beradi. Bundan farzandlarimiz, kelajak avlodlar ham manfaat koʻradi, — dedi davlat rahbari.

Loyiha boʻyicha Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining texnik koʻmagida eʼlon qilingan xalqaro tenderda Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi 20 ga yaqin talabgorlar oʻrtasida gʻolib boʻlgan. Ushbu kompaniya tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida ishlab chiqariladigan shamol energiyasi uchun eng past tarif — 1 kilovatt-soat elektr uchun 2,56 sent taklif qilingan.

Yana bir muhim tomoni, stansiya qurilishida ming nafar qoraqalpoq yoshlari ham qatnashadi. U ishga tushgach esa, 100 nafar malakali muhandis va texnik xodimlar yuqori daromadli doimiy ish bilan taʼminlanadi.

Loyiha doirasida 25 ta shamol turbinasi oʻrnatiladi, 20 kilometr boʻlgan 220 kilovatt kuchlanishli elektr uzatish havo liniyasi qurilib, bu quvvatlar mamlakat yagona energetika tizimi bilan toʻliq ulanadi.

Prezidentimiz loyiha uchun zarur narsalarni mahalliylashtirishga alohida eʼtibor qaratish kerakligini taʼkidladi. Masalan, “Taxiatosh metall konstruksiya” zavodida tayanch ustunlar, “Nukus elektr apparat” korxonasida transformator va elektr texnika jihozlari, boshqa korxonalarda esa – kabel va oʻnlab turli mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish mumkin.

Qoraqalpogʻistonda shamol energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatlari cheksiz ekani qayd etildi.

— Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi, deb eʼlon qilingan Orolboʻyi mintaqasida boshlangan bu loyiha “yashil energiya” ishlab chiqarish boʻyicha “birinchi qaldirgʻoch”. Kelgusi besh yilda bu hududda quvvati qariyb 1 ming 800 megavatt boʻlgan 3 ta shamol stansiyasi ishga tushiriladi, — dedi davlatimiz rahbari.

Shundan soʻng Prezident Shavkat Mirziyoyev shamol elektr stansiyasi poydevoriga kapsula qoʻydi.

Marosimda “ACWA Power” kompaniyasi rahbari Muhammad Abdulla Abunayan, soha mutaxassislari, jamoatchilik vakillari soʻzga chiqdi.

Mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarishni koʻpaytirish boʻyicha koʻplab loyihalar amalga oshirilmoqda. Oʻtgan yili Navoiy viloyati Karmana tumanida ilk quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirilgan edi. Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida shunday yana bir stansiya qurilishi boshlangan.

Umuman, bu sohada 3 milliard dollar miqdoridagi xorijiy investitsiyalar hisobiga, jami 2 ming 900 megavattli 10 ta quyosh va shamol elektr stansiyalari barpo etilmoqda.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.