Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 oktyabr kuni Buxoro xalqaro aeroporti qurilishiga oid taqdimot bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Mamlakatimizda aeroportlarni modernizatsiya qilish boʻyicha katta ishlar amalga oshirilmoqda. Shu yilning oʻzida Shahrisabz, Qoʻqon va Zomin aeroportlari ishga tushirildi, Namangan va Andijonda esa modernizatsiya boshlandi.
Aeroportlar boshqaruviga xususiy sektor jalb qilinayotgani ham oʻz samarasini berayapti. Xususan, Samarqand xalqaro aeroporti xususiy boshqaruvga berilib, modernizatsiya qilingach parvozlar va yoʻlovchilar soni 5 barobarga oshgan.
Shunday salohiyat Buxoroda ham bor. Lekin u yerdagi aeroport aholi va turistlar talabiga javob bermayapti. Mazkur aeroport soatiga 400 nafar yoki yiliga 1 million yoʻlovchiga xizmat koʻrsata oladi, xolos. Bu – talabga nisbatan juda past.
Parvozlarni boshqarish va yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish tizimlari, kutish-kuzatish zallari eskirgani qatnovlarni koʻpaytirish imkonini cheklayapti. Aksariyat sayyohlar Buxoroga borish uchun Toshkent, Samarqand yoki Urganch aeroportlariga qoʻnishga majbur boʻlayapti. Masalan, 9 oyda Buxoroga tashrif buyurgan 1 milliondan ziyod xorijiy turistlarning 95 foizi poyezd yoki avtomobilda borgan.
Viloyatda mehmonxonalar tarmogʻi, ziyorat turizmi rivojlanib bormoqda. Kelgusi uch yilda Buxoroga turistlar oqimini 8 millionga yetkazish reja qilingan.
Shu bois joriy yil 31 mayda Prezidentimizning viloyatga tashrifi chogʻida Buxoro tumanida yangi xalqaro aeroport qurilishi boshlangan edi. Davlat-xususiy sheriklik asosidagi ushbu loyiha doirasida jahon standartlariga mos aeroport tashkil etiladi. Soatiga 1 ming 200 nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratiladi. Yoʻlovchi va havo kemalariga servis sifatini oshirish orqali yangi xalqaro aviakompaniyalar jalb qilinadi.
Taqdimotda loyihaning texnik-iqtisodiy jihatlari toʻgʻrisida axborot berildi.
Davlatimiz rahbari yangi aeroportda oʻtkazuvchanlik qobiliyatini 2 barobar oshirib, soatiga 8 ta samolyot kelish-ketishiga imkoniyat yaratish zarurligini taʼkidladi. Terminalning qulayliklari, ichki va tashqi qiyofasi boʻyicha tavsiyalar berildi.