Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida Yozuvchilar uyushmasi Faollar yigʻinining navbatdan tashqari majlisi boʻlib oʻtdi. Unda taniqli yozuvchilar, shoirlar, uyushmaning faol aʼzolari, shuningdek, davlat va jamoat arboblari ishtirok etdilar, deyiladi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi saytida.
Yigʻilishni Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining oʻrinbosari Gʻayrat Majid ochdi va boshqarib bordi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov soʻzga chiqib, mamlakatimizda adabiyot, maʼnaviyat va milliy mafkurani rivojlantirish boʻyicha keng qamrovli islohotlar hayotga tatbiq etilayotgani, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 5 apreldagi “Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori milliy adabiyotimiz va maʼnaviy-ijtimoiy hayotimizda tarixiy voqea boʻlganini alohida taʼkidladi.
Yigʻilishda Prezidentimizning ushbu tarixiy qarori ijrosini taʼminlash boʻyicha Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi markaziy apparati, shuningdek, uyushma aʼzolari zimmasiga masʼuliyatli vazifalar yuklanishi haqida soʻz bordi. Qarordagi dolzarb va muhim vazifalarni bajarish va chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun ishni yangicha tashkil etish, Yozuvchilar uyushmasiga yangi aʼzolar qabul qilishning zamonaviy mezonlari hamda yozuvchining yuksak maqomini va nufuzini saqlash masʼuliyati haqida fikrlar aytib oʻtildi.
Majlis kun tartibida tashkiliy masala koʻrildi. Oʻzbekiston Xalq yozuvchisi, Davlat mukofoti sovrindori Muhammad Ali sohibqiron Amir Temurning hayoti va tarixiy faoliyati haqida badiiy film ssenariysini yozish va qizgʻin ijodiy faoliyat bilan shugʻullanish uchun shart-sharoit yaratib berishni soʻrab Faollar kengashiga Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi lavozimidan ozod etish haqida yozgan arizasi muhokama etildi. Yigʻilish ishtirokchilari uning bu taklifini inobatga olib, uni Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi lavozimidan ozod etishdi.
Ahmadjon Meliboyev, Noʻmonjon Rahimjonov, Saʼdulla Hakim, Isajon Sulton va boshqa ijodkorlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 5 apreldagi “Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash borasida yozuvchi-shoirlarimiz, shuningdek, Yozuvchilar uyushmasining barcha aʼzolari oldida turgan dolzarb va masʼuliyatli vazifalar haqida soʻzladilar. Muhammad Alining qizgʻin faoliyati, ustoz adiblar va uyushma aʼzolarini, shu jumladan, yosh ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash borasida koʻplab ezgu ishlarni amalga oshirganini alohida taʼkidlab oʻtdilar. Asosan badiiy ijodga eʼtibor qaratilayotgan bugungi kunda Muhammad Alidek yozuvchining tajribasida foydalanish milliy adabiyotitmizni yangi asarlar bilan boyitajagini aytdilar. Shu maʼnoda sohibqiron Amir Temur haqidagi badiiy film ssenariysini yaratish va uni suratga olish dolzarb vazifalardan biri ekani haqida fikr bildirdilar.
Yigʻilishda Oʻzbekiston Xalq shoiri Sirojiddin Sayyid Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining raisi lavozimiga, uyushma aʼzosi, taniqli shoir Minhojiddin Mirzo Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari lavozimiga saylandi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining Yoshlar bilan ishlash boʻyicha oʻrinbosari Iqbol Mirzo Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida yoshlar masalasi boʻyicha masʼul vazifaga tayinlangani munosabati bilan “Yoshlik” jurnali bosh muharriri, shoir Nodir Jonuzoq Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining Yoshlar bilan ishlash boʻyicha oʻrinbosari lavozimiga saylandi.