Yangi hayot mahallasi Oʻzbekistonga namuna boʻladi

0
47
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 fevral kuni Andijon viloyatining Xonobod shahriga kelib, aholi hayoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Xonobod mamlakatimizning eng sharqiy hududi. Chegarada joylashgani sababli ilgari yopiq shahar edi. Oxirgi yillardagi oʻzgarishlar, yaxshi qoʻshnichilik siyosati natijasida Xonobod ochildi, uning iqtisodiyoti ancha sogʻlomlashdi, aholi turmush darajasi osha boshladi. Bugun bu yerda turizm, sanoat, meva-sabzavotchilik va xizmatlar rivojlanmoqda.

Yangi hayot mahallasi faollari davlatimiz rahbariga odamlarning turmush tarzi haqida soʻzlab berdi. 

Bu mahallada 3 ming 500 dan ortiq aholi yashaydi. Maktabgacha taʼlim tashkilotlari, maktab va kollejlarda sifatli taʼlim uchun sharoitlar bor. Togʻ yonbagʻridagi dam olish maskanlari, ishlab chiqarish korxonalari va tomorqa xoʻjaliklarida aholi ish bilan band.

Bundan tashqari, oʻndan ortiq uy mehmonxonasi, yigirmaga yaqin savdo doʻkoni, sartaroshxona, xizmat koʻrsatish shoxobchalari faoliyat yuritmoqda. Oʻtgan yilda mahalladagi yuz nafardan ortiq ishsiz aholi doimiy va mavsumiy ishlarga joylashtirildi. Yana 181 fuqaro oʻzini oʻzi band qilgan.

Oʻzbekiston Prezidentining 2023 yil 21 dekabrdagi farmoniga muvofiq, mahalla institutining jamiyatimizda va aholi muammolarini hal etishda birinchi boʻgʻin sifatidagi roli oshirildi. Mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, profilaktika inspektori, soliqchi va ijtimoiy xizmat xodimidan iborat «mahalla yettiligi» tashkil etildi.

Davlatimiz rahbari ushbu tizim vakillari bilan suhbatlashdi.

— Biz birinchi kundan xalq bilan muloqot, xalqni rozi qilishga kirishganmiz. Shuning uchun mahalla tizimini birinchi boʻgʻin sifatida rivojlantirayapmiz. Mahalla — fuqarolik jamiyatining asosi. Bu xalqning dardi, ovozi, degani. Mahalladagi davlat vakillari berilgan vakolat va mablagʻlardan foydalanib, dunyoqarashini oʻzgartirib, odamlarni rozi qilishi kerak. Ishonamanki, Yangi hayot mahallasi Oʻzbekistonga namuna boʻladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Prezident mahalla guzari, savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalarini ham koʻzdan kechirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.