Kegeyli tumanida Qoraqalpogʻiston Respublikasini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish masalalari muhokamasi boʻyicha yigʻilish oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Tadbir avvalida 6 ta yangi korxonani ishga tushirish marosimi boʻldi. Beruniy tumanidagi “Beruniy bugʻdoy klaster” hamda “Rayhon apparel”, Qoraoʻzak tumanidagi “Qoraqalpoq sement” zavodining 3-bosqichi, Qoʻngʻirot tumanidagi “KKRasi kemikal”, Nukus shahridagi “Azimut hotel”, Toʻrtkoʻl tumanidagi “Xozagro” vakillari videoaloqa orqali majmualar salohiyati haqida axborot berdi. Bu korxonalarda jami 1 ming 100 ta doimiy ish oʻrni yaratiladi, ular orqali ishlab chiqarishga 300 milliard soʻm, eksportga 20 million dollar qoʻshiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, ushbu yangi korxonalarni ishga tushirdi.
Bu Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi rivojlanishning izchil davomi aslida. Soʻnggi olti yilda hududda 15 trillion soʻm investitsiya hisobiga 5 ming 300 dan ziyod loyiha amalga oshirilgan. Tadbirkorlar soni 2 baravar koʻpayib, 46 mingta doimiy ish oʻrni yaratilgan. Ilgari sanoati eng past boʻlgan 6 ta tumanda ishlab chiqarish 2-3 baravar oshib, Qoraqalpogʻistondagi ulushi 12 foizga yetgan.
Umuman, bu davrda Qoraqalpogʻistonda sanoat 1,3 baravar oʻsib, 61 turdagi yangi mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Ayniqsa, kimyo, qurilish materiallari, oziq-ovqat, tekstil va toʻqimachilik, farmatsevtika sanoati mahsulotlari tayyorlash 2 baravardan ziyod oʻsgan.
Oʻtgan yil 31 avgustda davlatimiz rahbarining “Qoraqalpogʻiston Recpublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal surʼatlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni va katta dastur qabul qilingan edi. Bular bilan 2023 yilning oʻzida 670 milliard soʻm va 340 million dollar mablagʻlar ajratildi.
Tadbirkorlarga jozibador biznes muhitini yaratish maqsadida foyda, aylanmadan soliq, yer va mol-mulk soliqlari 2 baravar pasaytirildi, ijtimoiy soliq 1 foiz qilib belgilandi. Bu orqali Qoraqalpogʻistonning barcha tadbirkorlari ixtiyorida yiliga 500 milliard soʻm qolayapti.
Faqat ushbu hudud tadbirkorlariga tijorat kreditlarining 75 foiziga Tadbirkorlik jamgʻarmasi kafilligi berilishi belgilandi. Bunday imkoniyatlar sohalar rivojiga qoʻshimcha turtki berdi.
– Biz bitta el va bitta yurtmiz! Hamma viloyatlar Qoraqalpogʻistonni rivojlantirishga oʻz hissasini qoʻshishga bel bogʻlagan. Har bir tumanga vazirlar, viloyat hokimlari, idora va banklar rahbarlari biriktirilgan. Buning natijalari barcha tumanlarda koʻrinayapti va bu ishlar toʻxtamaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yigʻilishda davlatimiz rahbari Qoraqalpogʻiston aholisi farovonligini yanada oshirishga qaratilgan uchta yangi tashabbus bildirdi.
Birinchisi, Qoraqalpogʻistondagi 452 ta mahallaning har biriga toʻgʻridan-toʻgʻri 500 million soʻmdan qoʻshimcha mablagʻ ajratiladi. Buning uchun alohida Qoraqalpogʻiston mahallalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil qilinib, unga joriy yilda 250 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.
Ikkinchisi, kadastri yoʻq 38 ming uy-joy va koʻchmas mulklar boʻyicha tegishli hujjatlar qilib beriladi.
Uchinchisi, aholi talabini inobatga olib, joriy yilda 4 mingta uy-joy quriladi. Bunga qoʻshimcha, zamonaviy loyiha asosida 4 ming yakka tartibdagi uy-joy qurishga 4 sotixdan yer ajratiladi.
Yigʻilishda ish oʻrinlarini koʻpaytirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Qoraqalpogʻistonda 72 ming rasmiy ishsiz bor. Har yili 43 ming yoshlar mehnat bozoriga kirib keladi. Shularni hisobga olib, 193 ming ish oʻrni yaratish va Qoraqalpogʻistonni “ishsizlikdan xoli hudud”ga aylantirish maqsad qilib qoʻyildi. Bu borada yirik korxona va klasterlar, konchilik, oilaviy tadbirkorlik, kasanachilik va qishloq xoʻjaligidagi imkoniyatlar koʻrsatib oʻtildi.
Oziq-ovqat mahsulotlari moʻl va arzon boʻlishini taʼminlash maqsadida 2022 yilda aholiga 6 ming 600 gektar yer brilgan edi, bu yil yana 6 ming gektar ajratilmoqda. Bu orqali sabzi, piyoz, kartoshka kabi kundalik mahsulotlarga ehtiyoj qoplanadi. Boʻston kanalini betonlash hisobiga Ellikqalʼa, Toʻrtkoʻl va Beruniy tumanlarida 100 ming gektarda suv taʼminoti yaxshilanadi. Dala chetlarida 3,6 ming gektarda kadi, uzum va sabzavot yetishtirib, 42 ming tonna mahsulot olinadi.
Qoraqalpogʻistonda 51 ta maktabda oʻquvchilar soni meʼyordan 2 baravar koʻp. 208 ta mahallada ichimlik suvi taʼminoti yaxshi emas. 120 kilometr magistral hamda eng serqatnov 600 kilometr ichki yoʻllarni taʼmirlash kerak. Shu bois 9 ta tumanda maktabgacha taʼlim muassasalari qurish, maktab va shifoxonalarni taʼmirlashga, shu jumladan issiqlik taʼminotiga qoʻshimcha mablagʻ ajratilishi belgilandi.
Yoʻllarni taʼmirlash, elektr energiyasi taqchilligi choralarini koʻrish boʻyicha ham koʻrsatmalar berildi.
Qoraqalpogʻistonlik faollar bu marralarni bajarish oʻzlariga bogʻliq ekani, hamma birlashib ishlasa, natijalar yanada yaxshi boʻlishini taʼkidlashdi.