Prezident Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi Boʻston tumanidan boshlandi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bu yerda yaqinda “Sayyora favvorasi” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan toʻqimachilik korxonasi ishga tushirilgan edi.
Umumiy qiymati 113 milliard soʻmlik ushbu loyiha doirasida bino barpo etilib, Turkiyadan zamonaviy uskunalar keltirib oʻrnatildi. Erkaklar, ayollar va bolalar uchun 50 turdan ortiq, yiliga 1 million 200 ming dona tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Mingga yaqin mahalliy aholi ish bilan taʼminlandi.
Korxonaning “Elegance SM” brendi ostidagi sifatli, bejirim mahsulotlarning asosiy qismi eksportga yoʻnaltirilgan. Yillik eksport hajmi 4 million dollar boʻlishi moʻljallangan.
— Bu korxonaga zamin yaratayotganimizda bugungiday boʻlib ketishiga koʻpchilik ishonmagandi. Boʻston iqtisodiy jihatdan orqada qolgan tumanlardan edi. Mana shunday korxonalar ochilib, odamlarimiz daromad topayotgani quvonarli. Buni davom ettirib, ish oʻrinlarini koʻpaytirishimiz kerak, — dedi davlatimiz rahbari.
Shu yerning oʻzida kasb-hunarga qayta tayyorlash oʻquv markazi tashkil etilgan. Unda hududdagi ishsiz fuqarolar hunar oʻrganib, oʻz yoʻlini topmoqda. Jumladan, yaqinda 200 nafar ehtiyojmand xotin-qiz kasbga oʻqitilib, ishga olindi.
Prezident ular bilan suhbatda ayolning bilimli, hunarli boʻlishi oilaning katta yutugʻi ekanini taʼkidladi. Korxonaga muvaffaqiyat, ayollarga oilaviy farovonlik tiladi.