Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Prezidenti lavozimiga kirishish marosimida kelgusida 1 milliondan ortiq aholi uchun barcha qulaylik va ijtimoiy infratuzilmaga ega boʻlgan “Yangi Oʻzbekiston” massivlari bunyod etilishini aytgan edi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Shu yil 2 noyabr kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bu dasturning amaliy jihatlari muhokama qilindi. Oʻtgan bir oyda yangi massivlar uchun shahar yoki tuman markaziga yaqin, infratuzilmaga ega joylar tanlanib, dastlabki loyihalar shakllantirildi.
Mazkur loyihalar 30 noyabr kuni davlat rahbari huzurida taqdimot qilindi.
Rejaga koʻra, kelgusi yilda 22 ta yangi massiv barpo etiladi. Quruvchi tashkilotlarga yengillik berish maqsadida faqatgina koʻp qavatli uy-joy maydonining oʻzi auksion orqali sotiladi. Tutash maydonlar esa, qurilish bitganidan keyin, uy-joy mulkdorlariga umumiy foydalanishga beriladi. Tadbirkorlik uchun yer uchastkalari elektron onlayn auksion orqali ajratiladi.
Davlatimiz rahbari mazkur yangi mavzelarda koʻplab maktab, bogʻcha va tibbiyot muassasalari qurish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Kichik sanoat zonasi, tadbirkorlik obyektlari tashkil etish orqali kamida 50 mingta ish oʻrni yaratish mumkinligi taʼkidlandi.
Hudud rahbarlari qurilishni tashkil etish rejalari yuzasidan axborot berdi.