Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2 noyabr kuni aholini uy-joy bilan taʼminlash hamda yashil maydonlarni kengaytirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bu ikki masala ham Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturida belgilangan muhim vazifalardan. Xalq bilan uchrashuvlarda davlatimiz rahbari inson qadrini ulugʻlash, munosib turmush sharoitlari yaratish asosiy maqsad boʻlishini aytgan edi. Bularning bosh omili esa, avvalo, uyli boʻlish, obod va fayzli yashashdir.
Soʻnggi yillarda yurtimizda ipoteka dasturlari doirasida 140 mingdan ortiq xonadonli uy-joylar barpo etildi. Bu undan oldingi yillarga qaraganda 10 martadan ham koʻp.
Shu bilan birga, bu ishlarni davom ettirish zarur. Mamlakatimizda har yili 300 mingga yaqin nikohlar qayd etilmoqda. Kelgusi besh yilda aholi soni 38 millionga yetishi kutilmoqda.
Uylar qurilishi koʻlami shunga muvofiq kengaytirib boriladi. Har bir hududda barpo etiladigan “Yangi Oʻzbekiston” massivlari bunda muhim oʻrin tutadi. Kelgusi besh yilda ularda 250 mingdan ziyod oila uy bilan taʼminlanadi.
Yigʻilishda shu boradagi bunyodkorlik ishlarining tashkiliy, moliyaviy jihatlari muhokama qilindi.
Prezidentimiz “Yangi Oʻzbekiston” massivlari kompleks rivojlanish tamoyili asosida barpo etilishi kerakligini taʼkidladi.
Yaʼni, har bir massivda sanoat loyihalari, xizmat koʻrsatish obyektlari va ijtimoiy infratuzilma bir vaqtda quriladi. U yerda odamlar ham uyli, ham ishli boʻladi. Kelgusi yili Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 40 ta shunday zamonaviy mavze barpo etish moʻljallangan.
– Bagʻdod tumanidagi yangi massivni koʻrdingiz. Loyiha tayyor, endi tajriba ham bor. Faqat shu loyihani har bir hududga moslashtirish kerak. Ochiq tanlov oʻtkazish juda muhim. Ochiqlik, halollik boʻlsa, sifat boʻladi, xalq oldida yuzingiz yorugʻ boʻladi, – dedi Prezident mutasaddilarga.
Qurilish vazirligiga viloyat hokimlari bilan birga, har bir hududda yer maydonlarini aniqlab, ularning bosh rejasini ishlab chiqish boʻyicha topshiriqlar berildi.
“Yangi Oʻzbekiston” massivlari qurish uchun kelgusi yilda 15 trillion soʻm ajratilishi belgilandi. Bu mablagʻ ipoteka krediti berish uchun banklarga yoʻnaltiriladi. Qurilish investorlar hisobidan amalga oshiriladi.
Davlatimiz rahbari ehtiyojmand oilalarga koʻmaklashish, boshlangʻich badal va foizlar boʻyicha subsidiya berish muhimligini taʼkidladi.
Kelgusi yili yangi massivlarda quriladigan uylarning mingtasi ehtiyojmand oilalar va yolgʻiz ayollar uchun davlat tomonidan sotib olinadi. Buning uchun, qurilish tashkilotlariga 220 milliard soʻm oldindan oʻtkazib beriladi.
Bugungi kunda uylarning bir kvadrat metri narxi oʻrtacha 4 million 500 ming soʻmni tashkil etmoqda. Yigʻilishda yangi massivlardagi narxni shu miqdorda saqlab qolish vazifasi qoʻyildi. Shu maqsadda, yangi massivlarni ichki va tashqi infratuzilma bilan taʼminlashga byudjetdan har yili 1 trillion soʻm ajratilishi belgilandi.
Kelgusi yildan sement ishlab chiqaruvchilardan foyda soligʻi 20 foizdan 15 foizgacha, yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq 2 baravarga kamaytirilmoqda. Shuningdek, sement importi uchun imtiyozlar muddati yana bir yilga uzaytiriladi. Bular ham uylar narxi sezilarli tushishiga sabab boʻladi.
Yigʻilishda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari ham koʻrib chiqildi. Bu loyiha doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta koʻchatlarini ekish, shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni hozirgi 8 foizdan 30 foizga oshirish rejalashtirilgan.
– Shuncha yillarda “qogʻozda” ekilgan daraxtlarni hisoblasa, Oʻzbekistonda boʻsh joy qolmasligi kerak edi. Tizim, qarov boʻlmagani uchun ekilganining ham koʻpi qurib ketdi. Bugungi va kelgusidagi ekologik vaziyatni inobatga olib, daraxt ekishni davlat siyosati darajasiga koʻtarayapmiz. Shuning uchun bu umummilliy loyihani puxta tayyorgarlik bilan, puli, egasi, sugʻorish tizimi bilan amalga oshirish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bois, birinchi navbatda, mavjud va yangidan barpo etiladigan yashil maydonlarga tuman yoki shahar hokimining qarori bilan masʼul belgilanadigan boʻldi. Ular daraxtlarni parvarishlash bilan birga, ushbu hududni obod saqlashga ham javob beradi.
Obodonlashtirish boʻlimlari maxsus texnika bilan taʼminlanadi, zarur joylarda sugʻorish tarmoqlari barpo etiladi. Ekologiya, daraxt ekish va parvarishlash masalalariga hokimlarning qurilish boʻyicha oʻrinbosarlari masʼul boʻladi.
Davlatimiz rahbari ushbu savobli ishda har bir tashkilot, har bir fuqaro oʻz oʻrnini topishi kerakligini taʼkidladi.
Koʻp qavatli uylarga tutash hududlar uy-joy mulkdorlariga yashil maydonlar barpo etish uchun biriktiriladi va u yerda qurilish qilishga ruxsat berilmaydi. Muassasalar hovlisi, mahallalar, yoʻl va dala chetlariga daraxtlar ekiladi.
Yigʻilishda 10 dekabrga qadar daraxt ekish boʻyicha “dolzarb 40 kunlik” eʼlon qilindi.
Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasiga hokimlar bilan birga, har bir hududning iqlim sharoitiga mos koʻchatlarni koʻpaytirish va yetkazib berish vazifasi qoʻyildi. Buning uchun, qoʻmita huzurida “Yashil hudud” unitar korxonasi va har bir viloyatda uning filiallari tashkil etiladigan boʻldi.
Sohadagi ishlarda Ekologiya qoʻmitasining oʻrni taʼkidlanib, uning tuzilmasi, vakolat va vazifalarini qayta koʻrib chiqish zarurligi taʼkidlandi.
Yigʻilishda sugʻorish tizimini yangilash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Hokimlarga irrigatsiya tarmoqlari qurish, quduqlar qazdirish va tomchilatib sugʻorish tizimini joriy etish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Koʻchatchilikni rivojlantirish, kam suv talab qiladigan daraxt navlarini koʻpaytirish choralari ham belgilandi.