Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 3-mis boyitish fabrikasi qurilishining boshlanishiga bagʻishlangan marosim boʻlib oʻtdi.
— Barchangizni bugungi quvonchli voqea – Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining yangi mis boyitish fabrikasi qurilishi boshlanayotgani bilan chin qalbimdan tabriklayman, — dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev. — Vatanimiz Mustaqilligining 30 yilligi arafasida ezgu niyatlar bilan mana shunday ulkan loyihani amalga oshirishga kirishmoqdamiz. Bu muhim voqea nafaqat ushbu kombinat hayotida, balki mamlakatimiz sanoati tarixida yangi davr boshlanayotganidan yaqqol dalolat beradi.
Keyingi yillarda kombinat faoliyati yuksak darajaga koʻtarilib, mis ishlab chiqarish hajmi 1,5 barobarga koʻpaygani va 150 ming tonnaga yetkazilgani taʼkidlandi.
Oʻtgan uch yil mobaynida kombinat konlarida umumiy uzunligi 206 ming metr boʻlgan 475 ta quduq burgʻulangan. Xalqaro miqyosda tan olingan xorijiy laboratoriyalarda ushbu konlar rudasining 100 mingdan ortiq namunalari kimyoviy tahlillar asosida chuqur oʻrganilgan. Xalqaro baholash mezonlariga koʻra, bu yerda misning yalpi zaxirasi 45 million tonnani, oltin zaxirasi esa 5 ming tonnadan ziyodni tashkil etishi aniqlangan. Bu dunyo miqyosida ham eng yirik va noyob koʻrsatkichlardir.
Shuningdek, bu yerda qazib olinayotgan ruda tarkibida kumush, molibden, selen, tellur, reniy va boshqa nodir metallar borligi ham aniqlangan.
Bugun dunyoda “yashil iqtisodiyot”, qayta tiklanadigan energiya manbalariga eʼtibor kun sayin ortib bormoqda, elektr texnikasi sanoati jadal rivojlanmoqda. Buning natijasida 2030 yilga borib mis mahsulotlariga boʻlgan ehtiyoj kamida 40 foizga ortishi kutilmoqda. Bu Olmaliq kombinati mahsulotlariga xalqaro talab uzoq yillar davomida yuqori boʻladi, deganidir.
Shu bois mamlakatimizda rangli va qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni kengaytirishga katta eʼtibor qaratilmoqda.
“Yoshlik-1” koni negizida qurilayotgan 3-mis boyitish fabrikasi shu boradagi ulkan qadamlardan biridir. Qiymati 2 milliard dollar boʻlgan ushbu korxona birinchi bosqichda yiliga 60 million tonna rudani qayta ishlash imkonini beradi.
Ikkinchi bosqichda quvvat 160 million tonnaga yetadi yoki bugungi koʻrsatkichdan 3 barobarga koʻpayadi. Ushbu ikki bosqich amalga oshirilishi natijasida korxona 2028 yilga borib yiliga 400 ming tonna mis, 50 tonna oltin va 270 tonna kumush ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻladi.
Shu tariqa Olmaliq kombinati togʻ-kon metallurgiyasi sohasida dunyodagi eng yirik sanoat majmualaridan biriga aylanadi.
— Kelgusida kombinat ishlab chiqaradigan mahsulotlar hajmi 3 martadan ziyod koʻpayib, uning qiymati hozirgi 2,5 milliard dollardan qariyb 8 milliard dollarga yetadi. 11 mingta yangi, yuqori texnologik ishchi oʻrinlari yaratiladi. Bu esa yosh yigit-qizlarimiz uchun geolog, muhandis, texnolog, loyihachi, dasturchi va boshqa zamonaviy kasb-hunarlarni egallash imkonini beradi. Bu ulugʻvor rejalar – tom maʼnoda inqilobiy qadam, desak, toʻgʻri boʻladi, — dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari rangli metallar sanoatini rivojlantirishga qaratilgan rejalarga ham toʻxtalib oʻtdi.
Kelgusi yildan geologiya-qidiruv ishlarida toʻliq xalqaro JORC standartlariga oʻtiladi. Yaqin 5 yilda barcha loyihalar hisobidan ruda qazib olish va qayta ishlash hajmi mamlakatimiz boʻyicha yillik 130 million tonnadan 300 million tonnaga ortadi.
Hozirgi kunda yurtimizda konlarni geologik jihatdan oʻrganish va oʻzlashtirish boʻyicha Kanada, Fransiya, Yaponiya, Turkiya, Xitoy va boshqa mamlakatlar kompaniyalari ish olib bormoqda.
Prezidentimiz chet ellik investorlar uchun imkoniyatlar yanada kengaytirilishini taʼkidladi.
Xususan, mis va oltin boʻyicha qazilma boyliklarga soliq stavkalarini 10 foizdan 7 foizga, tabiiy gaz va neft boʻyicha 10 foizga, uran boʻyicha 8 foizga, volfram boʻyicha 10 foizdan 2,7 foizga tushirish rejalashtirilgan. Bunday imtiyozlar investorlarda albatta katta qiziqish uygʻotadi.
Shuningdek, sohani malakali kadrlar bilan taʼminlash maqsadida Toshkentda geologiya fanlari boʻyicha Italiyaning Piza universiteti filiali ochiladi.
Marosimda «Gazprombank» boshqaruvi raisining oʻrinbosari Aleksey Matveev, «SRK Consulting» kompaniyasining Markaziy Osiyo boʻyicha direktori Mayk Bir, geolog va metallurglar, nuroniylar soʻzga chiqdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-mis boyitish fabrikasi qurilishiga tamal toshi qoʻydi.