Yangi Oʻzbekiston investitsiyalar uchun yanada qulay mamlakatga aylanadi

0
57
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining

ochilish marosimidagi nutqi

Hurmatli forum ishtirokchilari!

Aziz mehmonlar, xonimlar va janoblar!

Sizlar bilan ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida uchrashib turganimdan bagʻoyat xursandman.

Albatta, Oʻzbekistonning yaqin doʻstlari va ishonchli hamkorlari boʻlgan xorijiy hukumatlar va xalqaro moliya institutlari vakillari hamda nufuzli kompaniyalar rahbarlari bilan ushbu forum doirasidagi uchrashuvlarimiz barchamiz uchun yaxshi anʼanaga aylanib bormoqda.

Sizlarning mehmondoʻst diyorimizga tashrifingizni yurtimizga hurmat va islohotlarimizga ishonch ifodasi sifatida qabul qilamiz.

Oʻzbekistonga xush kelibsiz!

Hurmatli forum ishtirokchilari!

Hozirgi vaqtda xalqaro maydonda davom etayotgan murakkab va tahlikali jarayonlar, bashorat qilib boʻlmaydigan oʻzgarishlar dunyo iqtisodiyotini jiddiy sinovdan oʻtkazayotgani hech kimga sir emas.

Ishonchim komilki, bunday ziddiyatli sharoitda bugungi uchrashuvimiz ikki tomonlama va koʻp tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga, barchamiz uchun yangi biznes imkoniyatlarini kashf etishga xizmat qiladi.

Aziz doʻstlar!

Oʻtgan yili boʻlib oʻtgan birinchi Xalqaro investitsiya forumida yangi hamkorlik yoʻnalishlari muhokama qilinib, koʻplab kelishuvlarga erishildi.

Bir yil ichida mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada erkinlashtirish, biznesga keng yoʻl ochish, bu borada qonun ustuvorligi va huquqiy kafolatlarni mustahkamlash boʻyicha tizimli islohotlarni jadal davom ettirdik. Jumladan, mintaqamizdagi eng qulay fiskal tizimni yaratish boʻyicha katta oʻzgarishlarga erishdik. Xususan, qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi 12 foizga tushirildi. Xabaringiz bor, ilgari ushbu soliq stavkasi 20 foiz edi. Shuningdek, qoʻshilgan qiymat soligʻini eksportchi korxonalarga 7 kun ichida qaytarish joriy qilingani, soliq va bojxonada oʻzaro hisobga olish yoʻlga qoʻyilgani tadbirkorlarga juda maʼqul boʻlyapti. Shu paytgacha investorlar 2 ta alohida tizim orasida sarson edi.

Bundan tashqari, xorijiy investorlarning oʻz aksiyalaridan oladigan dividendlari uch yil muddatga soliqdan ozod qilindi, ular uchun foyda soligʻi 20 foizdan 12 foizga tushirildi.

Muhimi – soliq va bojxona qonunlariga yangi yoki ogʻirlashtiruvchi javobgarlik choralari kiritilmasligi qatʼiy belgilab qoʻyildi.

Tashqi savdoni erkinlashtirish boʻyicha navbatdagi muhim qadamlar qoʻyildi. Jumladan, investorlar uchun zarur boʻlgan 7 mingdan ziyod xomashyo va tovarlarga bojxona bojlari bekor qilindi. Bojxona hududida qayta ishlashning soddalashtirilgan tartibi joriy etildi.

Tashqi savdo va raqobat muhitini yangi bosqichga olib chiqish, yangi-yangi bozorlarga kirish maqsadida biz Jahon savdo tashkilotiga qoʻshilish borasidagi ishlarimizni jadallashtirdik.

Alohida taʼkidlab oʻtmoqchiman, Jahon savdo tashkiloti talablari islohotlarimiz mazmuniga toʻla mos va biz ushbu nufuzli tashkilotga tezroq aʼzo boʻlib kirishdan manfaatdormiz.

Hozirgi vaqtda aʼzo mamlakatlar bilan muzokaralar olib borish hamda milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti qoidalari bilan uygʻunlashtirish qizgʻin bosqichda. Yil yakuniga qadar sezilarli natijalarga erishish boʻyicha aniq rejalarni olganmiz.

Ijro hokimiyati tizimida byurokratiyani kamaytirish, korrupsiyani yoʻq qilish, ixcham, samarali boshqaruvni joriy etish maqsadida dadil maʼmuriy islohotni boshladik.

Bu borada barcha vazirliklar isloh qilinib, ularning soni 61 tadan 28 taga keltirildi, vazifa va vakolatlari aniq belgilandi.

Shuningdek, davlatning biznesni tartibga solishga qaratilgan 500 ta funksiyasi bekor qilindi, 70 tasi xususiy sektorga davlat-xususiy sheriklik va autsorsing asosida oʻtkazildi.

Hozirgi kunga qadar 132 ta litsenziya va ruxsat berishga oid hujjatlar bekor qilindi, 33 tasi boʻyicha xabardor qilish tartibiga oʻtildi.

Eng muhimi – ushbu islohot doirasida investorlar bilan ishlashning yaxlit tizimi joriy qilindi.

Investitsiya, sanoat va savdo vazirligida loyiha tashabbusidan boshlab, to uni ishga tushirishgacha boʻlgan barcha jarayonlarda investorlarga “yagona darcha” orqali koʻmaklashish yoʻlga qoʻyildi.

Investorlar faoliyatiga oid masalalarni tezkor hal etish, ularning davlat rahbari bilan bevosita muloqotini yoʻlga qoʻyish maqsadida Prezident huzurida Xorijiy investorlar kengashi ish boshladi.

Men xorijiy kompaniyalar vakillari va ishbilarmonlar bilan koʻproq muloqot qilishga intilaman. Sizlarning gʻoya, taklif va tashabbuslaringiz menga kuch-gʻayrat beradi, yangi islohotlarga undaydi. Shu bois, yangi-yangi investorlar bilan tez-tez uchrashuvlar oʻtkazishga, sizlarning yurtimizdagi yutuqlaringizni shaxsan kafolatlashga tayyorman.

Investorlar huquqlarini ishonchli himoya qilish boʻyicha ham islohotlarimiz jadal davom etmoqda.

Chet ellik investorlar uchun koʻchmas mulk sotib olish, Oʻzbekistonga kelib-ketish va yashash shartlari keskin soddalashtirildi.

Investorlar huquqlarini sud orqali kafolatli himoya qilish borasida katta qadamlar qoʻyilmoqda. Bu borada maʼmuriy sudlarning nufuzi oshirildi va ularga katta vakolatlar berildi. Bundan buyon tadbirkor va investorlar sudda oʻz talabining toʻgʻriligini isbotlashi shart emas. Endi davlat idorasi oʻz qarorining qonuniyligini isbotlab berishga majbur boʻladi. Yuzaga kelgan har qanday noaniqliklar esa investorlar foydasiga hal qilinadi.

Qonunlarimizda xalqaro arbitraj sudlari qarorlarini majburiy ijroga qaratish mexanizmlari mustahkamlab qoʻyildi.

Joriy yilda ham tadbirkorlar huquqini himoya qilish boʻyicha islohotlarimiz davom ettiriladi. Jumladan, xalqaro ekspertlar koʻmagida tariximizda ilk bor Xalqaro tijorat sudi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Islohotlarimiz natijasida Oʻzbekistonning mintaqadagi iqtisodiyoti eng yuqori diversifikatsiya qilingan mamlakat sifatidagi maqomi yanada mustahkamlandi.

Bir yilning oʻzida 100 mingga yaqin yangi korxonalar tashkil qilindi, kiritilgan xorijiy sarmoyalarning yillik hajmi 10 milliard dollarga yetdi yoki islohotlar boshlangan 2017 yilga nisbatan 3 barobar oshdi, 1 millionga yaqin aholi kambagʻallikdan chiqarilib, kambagʻallik darajasi 17 foizdan 14 foizga tushirildi. Eslatib oʻtaman, islohotlar boshlangan davrda bu koʻrsatkich 30 foizdan yuqori edi.

Albatta, bu yutuqlarda siz, hurmatli hamkorlarimizning oʻrni beqiyos.

Oxirgi yillarda sizlarning koʻmagingiz bilan mamlakatimizda minglab zamonaviy korxonalar tashkil qilindi, yirik loyihalar amalga oshirildi, yuz minglab yuqori daromadli yangi ish oʻrinlari yaratildi.

Fursatdan foydalanib, ana shunday yutuqlarga munosib hissa qoʻshayotgan barcha xorijiy va mahalliy investorlarga, hamkor davlatlar hukumatlariga, xalqaro moliya institutlariga chuqur minnatdorlik hamda yuksak hurmat va ehtiromimni bildiraman.

Muhtaram mehmonlar!

Islohotlarimiz jadal davom etishi, yurtimizda biznes emin-erkin rivojlanishi uchun yanada mustahkam huquqiy poydevor kerak.

Xabaringiz bor, yaqin kunlarda Yangi Oʻzbekistonning yangilanayotgan Konstitutsiyasi boʻyicha umumxalq referendumi oʻtkaziladi.

Eng avvalo, yangi Konstitutsiyamizda Oʻzbekiston – suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani alohida belgilanmoqda. Barcha oʻzgartirishlarning tub negiziga “inson huquqlari va erkinliklari ustuvor” degan ezgu gʻoya qoʻyilmoqda. Shuningdek, Konstitutsiyamizda ilk bor qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhitini taʼminlash, mulk daxlsizligi, bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratish, sud mustaqilligi boʻyicha davlat oʻziga majburiyatlar olmoqda.

Hech shubhasiz, yangi Konstitutsiya – biz boshlagan islohotlarni izchil davom ettirib, eng muhimi, ularga ortga qaytmaydigan tus berishi muqarrar.

Qadrli doʻstlar!

Endi sizlar bilan hamkorligimizni kengaytirish borasidagi yangi imkoniyatlarga toʻxtalsam.

Birinchidan, Oʻzbekiston “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish yoʻlini qatʼiy davom ettiradi.

Ayniqsa, “ACWA Power”, “Masdar”, “Total Eren” kabi jahonning eng nufuzli kompaniyalari mamlakatimizda yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari loyihalarini amalga oshirmoqda. Shu yilning oʻzida 2 ming megavattdan ziyod, keyingi yilda esa 8 ming megavattli quvvatlar ishga tushadi.

“Yashil iqtisodiyot” bizga sanoatning yangi yoʻnalishlarini ham olib kelmoqda. Quyosh panellari, shamol turbinalari, invertor va boshqa elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar barpo etilmoqda. Bu – investorlar uchun 8 milliard dollarlik imkoniyat, degani.

Sizlarni shu kabi loyihalarni amalga oshirishga taklif qilamiz va buning uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz.

Ikkinchidan, yaqin-yaqingacha iqtisodiyotning muhim tarmoqlari faqat davlat korxonalaridan iborat edi.

Islohotlarimiz natijasida oldinlari “yopiq” boʻlgan tarmoqlarga xususiy investitsiyalar faol kirib kelmoqda. Birgina misol, avval 100 foiz davlat tarmogʻi hisoblangan aviatsiya sohasida xususiy sektorga keng yoʻl ochildi. Jumladan, 5 ta xususiy aviakompaniya tashkil etilgani, Samarqand aeroporti tashqi boshqaruvga berilgani hisobiga parvozlar soni 2,5 barobar oshdi.

Biz transport sohasida raqobat muhitini yaratishga qaratilgan islohotlarni davom ettiramiz. Bu yil Andijon, Namangan, Buxoro va Urganch aeroportlari boshqaruvini ham xususiy sektorga topshiramiz.

Temir yoʻl sohasida ham katta oʻzgarishlarni boshlayapmiz va bunda investorlar faol ishtirok etishlarini soʻrab qolaman.

Shu bilan birga, tez oʻsib kelayotgan IT, turizm, taʼlim, tibbiyot kabi sohalarda Oʻzbekiston mintaqaviy xabga aylanib borayotgani ham bu yoʻnalishdagi katta imkoniyat.

Ushbu rejalarimizni amalga oshirishda xalqaro moliya institutlarining koʻmagiga tayanamiz. Misol uchun, Islom taraqqiyot banki bizga ishonch bildirib, davlat kafolatisiz 1,5 milliard dollarlik davlat-xususiy sheriklik loyihalari boʻyicha jadal ishlayapti. Buning uchun forumda ishtirok etayotgan bankning prezidenti Muhammad bin Sulaymon al-Jassir janoblariga alohida minnatdorligimni bildiraman.

Oʻylaymanki, bu hamkorligimiz uzoq yillar davom etadi va har ikki tomon uchun manfaatli boʻladi.

Umuman, bu yil davlat-xususiy sheriklikni joriy qilish boʻyicha 14 milliard dollarlik alohida dasturlar xalqaro moliya institutlari koʻmagida ishlab chiqildi. Bular davlat uchun muhim boʻlgan transport, kommunal va suv xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash kabi tarmoqlarni qamrab oladi va ular boʻyicha ushbu forum doirasida sizlarga aniq loyihalar taqdim etiladi.

Uchinchidan, biz bu yil davlat mulkini xususiylashtirish boʻyicha “1 ming + 1 ming + 40” dasturini qabul qildik.

Bu degani 1 mingta korxonadagi davlat ulushlari hamda yana 1 mingta davlatga tegishli koʻchmas mulk obyektlari ochiq auksion savdolariga chiqariladi, iqtisodiyotimiz uchun strategik ahamiyatga ega 40 ta korxona IPO ga olib chiqiladi. Jumladan, oltin, mis ishlab chiqaruvchi yirik korxonalar, telekommunikatsiya va sugʻurta kompaniyalari hamda banklar aksiyalari investorlarga taklif etiladi.

Toʻrtinchidan, biz industrial rivojlanishni yangi bosqichga olib chiqishga ustuvor ahamiyat beramiz.

Masalan, hozirgi kunda toʻqimachilik, charm-poyabzal, qurilish materiallari, elektr texnikasi, mashinasozlik tarmoqlari yetarli xomashyo bazasi va malakali kadrlarga ega. Yaʼni, shu sohalarda “katta sakrash” qilib, ulardagi ishlab chiqarish va eksportni 2 barobar oshirish uchun yetarli imkoniyatlar bor. Buning uchun bizga yirik brendlar bilan hamkorlik, tashqi bozorlarga chiqish, innovatsiya va zamonaviy texnologiyalar kerak.

Bularni olib keladigan investorlarga biz barcha sharoitlarni yaratish, alohida texnopark hamda sanoat zonalari tashkil qilish va boshqa qoʻshimcha imtiyozlarni yaratib berishga tayyormiz. Bu borada vazirlarga topshiriq berganman. Ular sizlarga forum sessiyalari davomida 160 ta yirik va oʻzaro manfaatli loyihalarni taqdimot qiladi.

Beshinchidan, biz Markaziy Osiyoda yaxshi qoʻshnichilik siyosatini davom ettirib, iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshni davlatlar bilan faol ishlayapmiz.

Ushbu maqsadlarda qoʻshma investitsiya fondlarini tashkil qilib, sanoat, energetika, transport va suv xoʻjaligi sohalarida yirik mintaqaviy loyihalarni amalga oshiryapmiz.

Iqtisodiyotlarimizning “bir-birini toʻldirishi” tamoyili asosida sanoat va agro kooperatsiyalarini qatʼiy davom ettiramiz.

Bugungi forumda qoʻshni Qirgʻiz Respublikasi hukumati rahbari Aqilbek Japarovni koʻrib turganimdan xursandman. Biz uchun qardosh boʻlgan Qirgʻiziston bilan hamkorlik natijasida soʻnggi yillarda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 5 barobar va qoʻshma korxonalar soni 8 barobar oshdi. Xususan, toʻqimachilik, avtomobilsozlik, geologiya, kimyo sanoati, qishloq va suv xoʻjaligi, chorvachilik kabi yoʻnalishlarda birgalikda katta-katta loyihalarni boshladik.

Bularning barchasi 2021 yilda tashkil etilgan Oʻzbekiston – Qirgʻiziston taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan moliyalashtirilmoqda.

“Qambarota GES-1” va “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻlini qurish loyihalari boʻyicha ham ishlar jadal davom etmoqda.

Shu oʻrinda mintaqamiz davlatlari oʻrtasidagi hamkorlikni yuksaltirish boʻyicha bu tashabbuslarni faol qoʻllab-quvvatlayotgan qoʻshni davlatlar hukumatlari vakillari, yirik kompaniyalar rahbarlari va tadbirkorlariga alohida minnatdorlik bildiraman.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Sizlarning bugungi forumda qatnashayotganingiz va mamlakatimizda biznes yuritish uchun katta qiziqish bilan qarayotganingizni yuksak qadrlaymiz.

Hech shubhasiz, bugungi forum barchamiz uchun yangi-yangi imkoniyatlarni ochib beradi.

Ishonchim komil, boʻlib oʻtadigan muloqotlar orqali sizlar Yangi Oʻzbekistondagi biznes uchun beqiyos imkoniyatlarni kashf qilasizlar.

Sizlar oʻzingiz istagan tinchlik va barqarorlik, qulay investitsiya muhiti hamda zarur kafolatlarni aynan bizning yurtimizda topasiz. Bunga men Prezident sifatida kafolat beraman. Yangi Oʻzbekiston Sizning biznes faoliyatingizda alohida yorqin iz qoldiradigan makon boʻlib xizmat qiladi, deb ishonaman.

Barchangizga kelgusi faoliyatingizda omad va ulkan zafarlar yor boʻlsin!

Forum ishida oʻzaro manfaatli kelishuvlarga erishishni tilab qolaman.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.