Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlari doirasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

0
84
marta koʻrilgan.
 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori

Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlari doirasida mamlakatimizda natijadorlikka yoʻnaltirilgan ixcham va professional davlat boshqaruvi tizimini yaratish boʻyicha chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishini taʼminlash, shuningdek, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini yangilangan talablar va tamoyillar asosida tashkil etish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 21 dekabrdagi “Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–269-son Farmoni bilan vazirlik, qoʻmita, agentlik va inspeksiyalarni oʻz ichiga oladigan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining yagona tizimi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va ularning hududiy boʻlinmalari masʼuliyatini oshirish maqsadida respublika va mahalliy darajadagi boʻgʻinlarning quyidagi funksional chegarasi belgilansin:

a) respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari:

tegishli sohada yagona davlat siyosatini ishlab chiqadi va uning amalga oshirilishini taʼminlaydi hamda bu borada mahalliy ijroiya hokimiyati organlari faoliyatini uslubiy jihatdan taʼminlaydi;

jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqadi, ularga davlat xizmatlarini koʻrsatadi hamda hududiy boʻlinmalarning xalq bilan ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish yoʻnalishidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi va umumlashtiradi;

oʻz tizimiga va tashkiliy boʻysunuviga kiradigan ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini baholashning maqsadli koʻrsatkichlarini belgilaydi hamda ularga erishish ishlarini muvofiqlashtiradi;

huquqiy tartibga solish funksiyasi doirasida idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qiladi (vazirlik tizimi yoki tashkiliy boʻysunuviga kiradigan ijro etuvchi hokimiyat organlari bundan mustasno) hamda qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqadi;

joylardagi muammolarni aniqlash va bartaraf etish tadbirlari amalga oshirilishini muvofiqlashtiradi, oʻz vakolati doirasida huquqiy tartibga solish va nazorat funksiyalarini amalga oshiradi;

tegishli tuzilmalarni malakali kadrlar bilan toʻldirish, ularning bilim va koʻnikmalarini uzluksiz oshirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;

mehnat faoliyatini amalga oshirish va mehnatga haq toʻlashning munosib va adolatli shart-sharoitlarini yaratadi;

b) ijro etuvchi hokimiyat organlarining hududiy boʻlinmalari:

tegishli hududda soha boʻyicha yagona davlat siyosatini amalga oshirish hamda belgilab berilgan maqsadli koʻrsatkichlarga erishishga qaratilgan amaliy va manzilli chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

joylarda ijtimoiy va iqtisodiy holatni tahlil qilgan holda, aholini qiynayotgan tizimli muammolarni bartaraf etish hamda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha dasturlarni ishlab chiqishda va amalga oshirishda ishtirok etadi;

joylarda qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va boshqa qonunchilik hujjatlarining oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlaydi;

jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqadi va ularga davlat xizmatlarini koʻrsatadi hamda oʻz vakolati doirasida tegishli hududda davlat nazorati tadbirlarini amalga oshiradi.

3. Belgilansinki, 2023 yil 1 yanvardan boshlab:

respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari va ularning oʻrinbosarlari bir vaqtning oʻzida xoʻjalik boshqaruvi organlarining rahbari vazifasini bajarishi taqiqlanadi;

uyushma va boshqa xoʻjalik birlashmalariga davlat hokimiyati vakolatlarini berish va ularning rahbarlarini Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan lavozimga tayinlash amaliyoti bekor qilinadi.

4. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining moliyaviy mustaqilligini taʼminlash maqsadida tegishli sohaga oid Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishning quyidagi tartibi oʻrnatilsin:

har bir respublika ijro etuvchi hokimiyat organi tomonidan tegishli sohani rivojlantirish yuzasidan oʻrta muddatli dastur (konsepsiya, strategiya) (keyingi oʻrinlarda – Dastur) ishlab chiqiladi hamda belgilangan tartibda tasdiqlanadi;

Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tegishli vazirlik va idoralarga ajratilgan mablagʻlarning cheklangan miqdori doirasida kelgusi yillar uchun Dasturda belgilangan ustuvor yoʻnalishlar asosida sohani yillik moliyalashtirish hajmlari ishlab chiqiladi;

vazirlik va idoralar tomonidan Dasturda belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan va Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etilgan byudjet soʻrovlari bilan xarajatlarning cheklangan miqdori oʻrtasida nomutanosiblik yuzaga kelganda, unga Vazirlar Mahkamasi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida aniqlik kiritiladi;

Vazirlar Mahkamasi vazirlik va idoralar kesimida ularga Davlat byudjetidan ajratilishi koʻzda tutilayotgan mablagʻlar doirasida Dasturda belgilangan maqsadlarga erishish koʻrsatkichlari belgilanishini taʼminlaydi.

5. Belgilab qoʻyilsinki:

Iqtisodiyot va moliya vazirligi kelgusi moliya yilidan boshlab, Davlat byudjeti parametrlari tasdiqlangandan soʻng vazirlik va idoralarning xarajatlar smetasini roʻyxatga olishda mablagʻlarni xarajatlar iqtisodiy tasnifining moddalariga ajratmasdan faqat xarajat guruhlari boʻyicha ajratilishini taʼminlaydi;

vazirlik va idoralar byudjet va byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga erishilishi hamda mablagʻlarning sarflanishi yuzasidan barcha maʼlumotlarni xarajatlar iqtisodiy tasnifining moddalari kesimida oʻzlarining rasmiy veb-saytlarida ochiq eʼlon qilib boradi va Oliy Majlis palatalari oldida hisobot beradi.

6. Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlari doirasida barcha respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining qariyb 5 ming funksiyalari xatlovdan oʻtkazilib, 500 ga yaqin takrorlanadigan, oʻz ahamiyatini yoʻqotgan hamda amalga oshirish mexanizmlari bilan taʼminlanmagan funksiyalar aniqlanganligini inobatga olgan holda respublika va hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlari funksiyalarining ochiq reestrini (keyingi oʻrinlarda – Funksiyalar yagona reestri) shakllantirish va uni doimiy yuritish amaliyoti yoʻlga qoʻyilsin.

Bunda:

Funksiyalar yagona reestriga kiritilgan har bir funksiya boʻyicha ularni respublika, viloyat va tuman (shahar) kesimida amalga oshirish uchun tashkiliy-huquqiy mexanizmlar, moliyaviy-iqtisodiy

va kadrlar resurslari bilan taʼminlanganlik holati aks ettirilsin;

amalga oshirish mexanizmi boʻlmagan funksiyalarni zarur tashkiliy-huquqiy mexanizmlar, moliyaviy-iqtisodiy va kadrlar resurslari bilan taʼminlash, oʻz ahamiyatini yoʻqotgan funksiyalarni esa bekor qilish boʻyicha takliflar kiritilsin;

qonunchilik hujjatlari bilan ijro organlariga yuklatiladigan funksiyalar bir vaqtining oʻzida majburiy tarzda Funksiyalar yagona reestriga kiritilib, takrorlanuvchi funksiyalar bekor qilinsin;

funksiyalarni raqamlashtirish va inson omilini qisqartirgan holda avtomatlashtirish yuzasidan takliflar kiritilsin.

7. Belgilansinki:

Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan har yili respublika byudjetidan respublika davlat boshqaruvi organlariga ajratiladigan mablagʻlarning cheklangan miqdorlarini belgilashda Funksiyalar yagona reestrida nazarda tutilgan funksiyalar mezon sifatida inobatga olinadi;

Adliya vazirligi tomonidan Funksiyalar yagona reestrini elektron tarzda yuritish imkonini beradigan “Davlat funksiyalari” avtomatlashtirilgan onlayn axborot tizimi yuritiladi.

Adliya vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2023 yil 1 martga qadar Funksiyalar yagona reestrini shakllantirish ishlarini yakunlasin hamda uni yuritish tartibi boʻyicha qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

8. Davlat boshqaruvida ochiqlik darajasini yanada oshirish, raqamli texnologiyalarni joriy etish, raqamlashtirilgan davlat boshqaruvi modeliga oʻtish maqsadida 2023 yil 1 yanvardan boshlab, sinov tariqasida, Adliya vazirligi tizimida idoraviy buyruq, qaror va farmoyishlarni “E-qaror” elektron tizimi orqali qabul qilish va eʼlon qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyilsin.

Adliya vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2023 yil 1 iyunga qadar sinov natijalari boʻyicha 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab barcha respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarida buyruq, qaror va farmoyishlarni “E-qaror” elektron tizimi orqali qabul qilish va eʼlon qilishni joriy etishni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini kiritsin.

9. Davlat boshqaruvi apparatini saqlash bilan bogʻliq xarajatlarni maqbullashtirish, korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish hamda byudjet mablagʻlarining sarflanishi ustidan taʼsirchan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish maqsadida:

hududlarga xizmat safarlarini qisqartirgan holda joylardagi muammolarni aniqlash uchun “onlayn qabul”, “virtual tashrif“ kabi hududlar bilan ishlashning zamonaviy texnologiyalarga asoslangan masofaviy usullarini qoʻllash tizimi joriy etilsin;

respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini avtotransport vositalari bilan taʼminlash meʼyorlari rahbar kadrlarning soni qisqartirilishini inobatga olgan holda maqbullashtirilsin;

ijro etuvchi hokimiyat organlari uchun energiya va boshqa resurslarning sarflanishini bosqichma-bosqich, shu jumladan tejamkor texnologiyalarni joriy etish hisobidan kamaytirish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlarni har yili belgilash hamda ajratiladigan byudjet mablagʻlarini ularga qarab maqbullashtirish amaliyoti joriy etilsin;

bino va inshootlarni qurish, taʼmirlash va jihozlash (qayta jihozlash) hamda rasmiy tadbirlarni oʻtkazish boʻyicha maksimal narxlarni ichiga oluvchi meʼyorlarni belgilash, shuningdek, ushbu maqsadlarga sarflangan mablagʻlar yuzasidan hisobotlarni xarajatlar iqtisodiy tasnifining moddalari kesimida eʼlon qilib borish tartibi joriy etilsin;

nazorat tadbirlarini oʻtkazishning muqobil shakllari joriy etilishini va ularda jamoatchilik vakillarining ishtirokini taʼminlaydigan tizimni yoʻlga qoʻyish orqali barcha nazorat tadbirlari va obyektlari haqidagi maʼlumotlarning ochiqligi taʼminlansin.

10. Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlari doirasida amalga oshiriladigan birinchi navbatdagi chora-tadbirlar boʻyicha “yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

“Yoʻl xaritasi”da belgilangan tadbirlarning oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishini taʼminlash yuzasidan masʼul ijrochi boʻlgan davlat organlarining birinchi rahbarlariga shaxsiy masʼuliyat yuklansin.

11. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ommaviy axborot vositalarida ushbu qarorning maqsad va vazifalari keng yoritilishini tashkil etsin.

12. Adliya vazirligi bir oy muddatda ushbu qarordan kelib chiqib, qonunchilik hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar yuzasidan takliflar kiritsin.

13. Qaror ijrosini nazorat qilish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                              Sh. Mirziyoyev

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.