“Yangi Oʻzbekiston-yangi saylovlar” shiori ostida saylangan deputatlar

0
265
marta koʻrilgan.

 Toshkent shahar Xalq deputatlari kengashi va Sergeli tumani Xalq deputatlari kengashi deputatlari “Madaniyat”, “Xalqobod”, “Uchuvchilar” va “Oltin vodiy” mahalla fuqarolar yigʻinlari faollari bilan uchrashuvlar oʻtkazdilar.

Uchrashuvda deputatlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning joriy yilning 24 yanvar kuni Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida ijtimoiy sohaga oid belgilangan vazifalarning mazmun-mohiyati xamda 4 fevral kuni Toshkent shahar va Sergeli tumani Xalq deputatlari Kengashlarining navbatdagi sessiyalarida koʻtarilgan masalalar boʻyicha qisqacha maʼlumot berildi.

Mazkur uchrashuvlar davomida “Madaniyat” mahalla fuqarolar yigʻini  faollari tomonidan hududda bogʻcha qoʻrish masalasi, “Xalqobod” mahalla fuqarolar yigʻini  faollari tomonidan esa notarius  xizmatini tashkil etish,  “Elga xizmat” shaxobchasini ochish va uning narxlarini nazoratga olish muammolari koʻtarildi.

“Uchuvchilar” mahallasi  hududida yechimini kutayotgan  muammolar yanada koʻpligi aniqlashtirildi. Jumladan, xududda  avvalgi  59- va 169- marshrutlar harakatlarini qayta tiklash, chiqindilar shaxobchalarini qurish, mavjud temir garajlarni tartiblashtirish, mahallaga kirish xududidagi zavodga tegishli yuk mashinalarining joylashuv  holatlarini tartibga solish, keksalarga tibbiy koʻrikni tashkil etish, 88 uy orqasidagi magistral yoʻlning ariqlarini taʼmirlash kabi  muammolarni hal etish takliflari berildi.

“Oltin vodiy” mahalla fuqarolar yigʻinlari faollari ham jim qarab turishmadi. Hududdagi tegishli koʻchalarning asfaltlashtirish masalasini koʻtarishdi. Shuningdek, Mirza Haydar koʻchasining sovuq suv quvurlarini taʼmirlash va ayrim joylariga kanalizatsiya oʻtkazish, 237 maktabning kapital taʼmirlash ishlari talab darajasida amalga oshirilmayotganligi kabi masalalarga eʼtiborni qaratishdi.

“Yangi Oʻzbekiston-yangi saylovlar” shiori ostida saylangan deputatlarning mazkur  uchrashuvlari dastlabkisi boʻlgani uchun oʻzini oʻzi boshqarish organlari vakillari va fuqarolar bilan uchrashuv kunlari ham  belgilab olindi.

Faollar bildirgan muammolar deputatlar tomonidan muhokama etilib, ularning yechimi yuzasidan mutasaddi tashkilotlarga murojaat etilishi boʻyicha kelishib olindi.

– Men saylangan hududda muammolar yetarli.  Jamiyat bor ekan, taraqqiyot bor ekan, muammolar hamisha boʻladi.  Biz tegishli tashkilotlar bilan ushbu kamchiliklarni bartaraf etishga, aholining ogʻirini yengil qilishga harakat qilamiz. Bizdan saylovchilar ham ana shu  daxldorlikni kutishyapti. – deydi Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputati H. Qoʻchkarova.

– Xalq ishonchiga sazovor boʻlgan biz deputatlarga besh yillik faoliyatimiz jarayonlarida katta masʼuliyat yuklatildi. Ishonchni oqlashga harakat qilamiz.   Elning ezgu niyatlari  ezgu amallarga aylanishida ularning ishonchlariga sadoqatimiz va gʻayrat-shijoatimizni safarbar etish bilan javob beramiz. – deydi Sergeli tumani Xalq deputatlari kengashi deputati A.Mirhidoyatov

Shuningdek, deputatlar uchrashuvdan soʻng “Madaniyat” mahalla fuqarolar yigʻini binosida  aholiga  xizmat koʻrsatayotgan tikuv atelyesi faoliyati bilan xam yaqindan tanishdilar, Sergeli tuman deputati, tadbirkor S.Neʼmatova tikuvchi qizlarga yaratilgan sharoitlarni  koʻrib, tegishli tavsiyalar berdi.

 Muammolarni bir-bir sanab oʻtganimiz ham bejiz emas.  Besh yillik yakunida ularga yana bir bora qaytamiz, degan umiddamiz. El-yurt xizmatida hormang deputatlar deymiz! El osoyishtaligi, yurt obodligi yoʻlidagi faoliyatingizda  ezguliklar tilab qolamiz.

R. Sapoyeva

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.