2020/2021 oʻquv yilidan boshlab professional taʼlim muassasalari tarmogʻi tashkil etiladi. Bu haqda Oliy va oʻrta-maxsus taʼlim vazirligi Matbuot xizmati xabar beradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “Professional taʼlim tizimini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi yangi farmoniga koʻra,
boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus professional taʼlim tizimida tegishli taʼlim dasturlari joriy etilgan kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlardan iborat professional taʼlim muassasalari tarmogʻi tashkil etiladi.
Jumladan,
— kasb-hunar maktablarida:
maktablarning 9-sinf bitiruvchilariga 2 yillik umumtaʼlim va mutaxassislik fanlarining integratsiyalashgan dasturlari asosida kunduzgi taʼlim beriladi;
taʼlim olayotgan oʻquvchilar Davlat byudjeti hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida oylik stipendiya hamda uch mahal ovqat bilan taʼminlanadi.
— kollejlarda:
kamida umumiy oʻrta maʼlumotga ega boʻlgan shaxslarga kasblar va mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda 2 yilgacha muddatda kunduzgi, kechki va sirtqi taʼlim shakllarida davlat buyurtmasi hamda toʻlov-kontrakt asosida taʼlim beriladi.
— texnikumlarda:
umumiy oʻrta maʼlumotga ega boʻlgan shaxslarga kasblar va mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda 2 yildan kam boʻlmagan muddatda kunduzgi, kechki va sirtqi taʼlim shakllarida davlat buyurtmasi hamda toʻlov-kontrakt asosida taʼlim beriladi;
Texnikumlarni tamomlagan bitiruvchilar oʻz sohasiga mos bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kirish imtihonlarisiz yakka tartibdagi suhbat orqali oliy taʼlim muassasalarida 2-kursdan oʻqishini davom ettirish huquqiga ega boʻladi.