Yangi soliq tizimi yengil va adolatli, biznes rivojiga ragʻbat boʻladi

0
181
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 20 dekabr kuni yangi qabul qilingan soliq siyosati konsepsiyasini amaliyotga toʻliq tatbiq qilish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident.uz. saytida.

Ochiq-oshkora va adolatli soliq tizimi iqtisodiyot rivojining eng muhim asosidir. Lekin yurtimizda hozirgacha amal qilib kelinayotgan soliq maʼmuriyatchiligida koʻplab noaniqliklar borligi biznes, tadbirkorlik, investitsiya sohalari ravnaqiga toʻsiq boʻlayotgan edi. Stavkalarning yuqoriligi insofli soliq toʻlovchilarni qiynab kelardi.

Misol uchun, korxona foydasidan qatʼi nazar, tovar aylanmasidan 3,2 foiz miqdorida davlat maqsadli jamgʻarmalariga ajratma toʻlab kelingan. Bu soliq yuki korxona daromadining kamida 21 foiziga teng boʻlib, ularning raqobatbardosh va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishiga xalal berardi.

Bu kabi muammolarni bartaraf etish, soliq yukini kamaytirish va chinakam bozor iqtisodiyotini rivojlantirish maqsadida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi ishlab chiqildi. 

Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Jahon banki va boshqa tashkilotlar ekspertlarini jalb qilgan holda, rivojlangan davlatlar tajribasi asosida qabul qilingan ushbu konsepsiyada biznes uchun juda katta imkoniyatlar, xalqaro darajadagi qulay sharoitlar nazarda tutilgan. 

Xususan, kelgusi yildan boshlab soliq turlari 19 tadan 15 tagacha qisqarmoqda. Yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi stavkasi 14 foizdan 12 foizgacha, dividendlar va foizlar koʻrinishidagi daromadlar boʻyicha foyda soligʻi stavkasi 10 foizdan 5 foizgacha pasaytirildi. 

Yana bir muhim jihati, endi soliq stavkalari avvalgiga oʻxshab keskin oʻzgaruvchan boʻlmaydi. Bu investorlarga uzoq muddatli biznes loyihalarini rejalashtirishda qiyinchilik tugʻdirmaydi.

Yangi soliq konsepsiyasida, yuqorida qayd etilgan, tovar aylanmasidan ajratma toʻlash tartibi ham bekor qilinmoqda. Buning natijasida yirik korxonalar oʻz ixtiyorida 5 trillion soʻmdan ortiq mablagʻlarni saqlab qoladi.

Shu kabi yengilliklar tufayli Xalqaro valyuta jamgʻarmasi soliq tizimining isloh etilishini Oʻzbekistonning eng katta yutuqlaridan biri deb eʼtirof etdi.

Bir soʻz bilan aytganda, soliq maʼmuriyatchiligida yangi tizim yaratildi. Navbatdagi vazifa uni amaliyotga toʻliq tatbiq qilishdir. 

Videoselektor yigʻilishida bu tizimni oqilona yoʻlga qoʻyish uchun amalga oshiriladigan chora-tadbirlar belgilab berildi. 

2019 yil 1 yanvardan boshlab, xodimlar sonidan qatʼi nazar, tovar aylanmasi 1 milliard soʻmdan yuqori boʻlgan subyektlar umumbelgilangan soliq toʻloviga oʻtadi. 

Shu oʻrinda, nima uchun umumbelgilangan soliq toʻlovchilari sonini koʻpaytirishga qaror qilindi, degan tabiiy savol tugʻiladi.

Chunki yagona soliq toʻlovchi bilan umumbelgilangan soliq toʻlovchilar oʻrtasida soliq yukidagi farq haddan tashqari yuqori boʻlib, bu kichik biznesning yiriklashuvini ragʻbatlantirmaydi. Dunyoga mashhur “Adidas”, “Nayk”, “Indezit”, “Knauf” kabi brendlar oʻz vaqtida kichik oilaviy korxona boʻlgan va ushbu ragʻbat tufayli yirik kompaniyalarga aylangan.

Shular haqda fikr yuritar ekan, Prezidentimiz “Oʻzbekistonda qachon shunday yirik brendlarga ega boʻlamiz?”, deya savol qoʻydi. 

Umumbelgilangan soliqlarni hisoblash boʻyicha hududiy soliq organlari xodimlarining malakasi va amaliy koʻnikmalarini oshirish, tadbirkorlik subyektlari buxgalterlarini bunga tayyorlash kerakligi taʼkidlandi. 

Soliq organlari xodimlarini biriktirib, umumbelgilangan soliq toʻloviga oʻtayotgan korxonalarda tushuntirish olib borish, ularga amaliy yordam koʻrsatish boʻyicha topshiriq berildi. Yirik aksiyadorlik jamiyatlari va xoʻjalik birlashmalari Davlat soliq qoʻmitasi mutaxassislari bilan birgalikda oʻz tasarrufidagi korxonalarning masʼul xodimlari uchun seminar-treninglar oʻtkazishi zarurligi qayd etildi.

– Umumbelgilangan soliq hisoblanishi va yuritilishida eng murakkab toʻlov turi bu qoʻshilgan qiymat soligʻidir, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bu borada yengillik yaratish uchun uni ikki yil mobaynida bosqichma-bosqich joriy etishni rejalashtirganmiz. 

Jumladan, tovar aylanmasi 1 milliard soʻmdan 3 milliard soʻmgacha boʻlgan korxonalar qoʻshilgan qiymat soligʻini ixtiyoriy ravishda soddalashtirilgan tartibda toʻlaydi.

Yaʼni, korxonalar sotib olingan tovarlar boʻyicha alohida hisob-faktura yuritmaydi va soliqni tovar aylanmasidan kelib chiqib, sohalar kesimida tabaqalashgan holda toʻlaydi. 

Yigʻilishda bu ishlarni toʻgʻri tashkil etish uchun zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish, yuridik shaxslarni zarur kompyuter dasturlari bilan taʼminlash, hisobchilarni tayyorlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi. 

Soliq toʻlovchilar yuzaga keladigan barcha tushunmovchiliklarga javob topishi uchun “Savol va javob” internet sahifasini hamda kechayu kunduz ishlaydigan “Koll sentr”lar faoliyatini yoʻlga qoʻyish zarurligi taʼkidlandi. 

Davlatimiz rahbari qoʻshilgan qiymat soligʻini kichik biznesga ham joriy etish natijasida narx-navo oshib ketishining oldini olish masalasiga alohida eʼtibor qaratdi.

Mutasaddilarga tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan har bir jarayonda yaratilayotgan qoʻshilgan qiymatga soliqlarni joriy etish orqali narxni toʻgʻri shakllantirish, uning asossiz ravishda oshib ketmasligini taʼminlash boʻyicha topshiriqlar berdi. 

Yangi soliq tizimida norasmiy faoliyatni legalizatsiya qilish boʻyicha bir qator yangiliklar kiritildi. Jumladan, foyda soligʻi 14 foizdan 12 foizga tushirilib, tadbirkor faqat daromad olsagina toʻlanishi belgilandi. Norasmiy bandlikni kamaytirish maqsadida ish haqidan 30 foizgacha olinadigan daromad soligʻi oʻrniga yagona 12 foizlik soliq turi kiritildi va 8 foizlik sugʻurta badali umuman bekor qilindi. Biznes hamjamiyati uchun ogʻir yuk boʻlib kelayotgan yagona ijtimoiy toʻlov stavkasi 25 foizdan 12 foizga tushirildi. Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qatʼiy belgilangan soliq stavkalari ham 30 foizga pasaytirildi. Bu imkoniyatlar tadbirkorlarning halol ishlashi, koʻproq ish oʻrinlari yaratishiga xizmat qiladi. 

Yigʻilishda soliq yigʻuvchanligini oshirish masalalari muhokama qilindi. Soliq xodimlari ishi qoniqarli emasligi, joylarda soliq qarzi saqlanib qolayotgani taʼkidlandi.

Tegishli tashkilotlarga soliq tushumini toʻla taʼminlash boʻyicha topshiriqlar berildi. 

Yigʻilishida qayd etilganidek, soliq maʼmurchiligini yuritishda mavjud byurokratik toʻsiqlar eksportyorlar faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Jumladan, mahsulotini eksport qilayotgan ishlab chiqaruvchi korxonalar oʻzlarining qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi qoplab berilishi uchun bir necha oylab ovora boʻlib, tuman, viloyat va respublika soliq idoralariga murojaat qilishga majbur boʻlmoqda.

Shu bois Prezidentimiz qoʻshilgan qiymat soligʻini oʻn kun muddatda qoplab berishni nazarda tutuvchi soddalashtirilgan tartibni joriy qilish zarurligini taʼkidladi.  

– Yangi soliq kodeksi soliqqa tortish boʻyicha barcha tartib, mexanizm va uslublarni toʻliq qamrab olishi, hamma uchun tushunarli boʻlishi kerak. Bu ishlar adolatli va ragʻbatlantiruvchi soliq tizimini yaratish boʻyicha qoʻygan birinchi qadamlarimizdir, – dedi davlatimiz rahbari. 

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar boʻyicha mutasaddi rahbarlarning axborotlari eshitildi.


Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.