Yangi taʼlim va sport majmuasi koʻzdan kechirildi

0
152
marta koʻrilgan.

Davlatimiz rahbari Andijon shahridagi 2-ixtisoslashtirilgan maktab-internatini koʻzdan kechirdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mazkur muassasa oʻtgan yili 50 milliard soʻm davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qurilgan. U 504 oʻringa moʻljallangan boʻlib, 5-11 sinflarda aniq va tabiiy fanlarni chuqur oʻqitishga ixtisoslashgan. Maktabga oʻquvchilar viloyatning barcha shahar va tumanlaridan imtihon asosida olinadi.

Maktab-internatda 60 dan ortiq oʻquv va kompyuter xonalari, chet tili sinflari, laboratoriya mavjud. Shuningdek, 222 oʻrinli yotoqxona, oshxona, sport zali zamonaviy jihozlangan.

Prezidentimiz shu yerda oʻqituvchilar bilan suhbatlashdi. Maktabning yuqori sinflari bilan oliygoh dasturlari oʻrtasida uzviylikni taʼminlash, bir-birini  takrorlaydigan darslarga yoshlarning vaqtini ketkazmasdan, koʻproq amaliyotga yoʻnaltirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Umuman, maktablarga taʼlim, tarbiya va maʼnaviyat boʻyicha yangi muhit olib kirish kerakligi taʼkidlandi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari Andijon shahrida bunyod etilayotgan Universal sport majmuasini borib koʻrdi.

Hozirda toʻrt ming tomoshabinga moʻljallangan yopiq zal qurilgan. Unda bir nechta sport turi boʻyicha musobaqalar oʻtkazish mumkin boʻladi. Jumladan, joriy yil kuzda futzal boʻyicha jahon chempionatining ayrim oʻyinlari shu yerda oʻtkaziladi. 

Yirik majmuada basseyn, kafe, restoran ham boʻladi. Mashhur sportchilarning mahorat maktablari uchun ham sharoit yaratiladi. Mashgʻulotlar sport federatsiyalari va oliy taʼlim maskanlari bilan bogʻlangan holda olib boriladi.

Majmuani samarali ekspluatatsiya qilish, zamonaviy boshqaruvni joriy etish lozimligi aytildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.