Yangi Toshkent shahri qurilishiga tamal toshi qoʻyildi

0
155
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 mart kuni Yangi Toshkent shahri qurilishiga tamal toshi qoʻydi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Shu munosabat bilan oʻtkazilgan marosimda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, ziyolilar, yoshlar ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari soʻzining avvalida xalqimizni Navroʻz ayyomi va muqaddas Ramazon oyi kirib kelayotgani bilan qutladi. Toshkentning qadim tarixini yodga olib, u bugun ham hayotning barcha jabhasida mamlakatimizda yetakchi boʻlib kelayotganini taʼkidladi. 

– Biz aholi talabidan kelib chiqib, oxirgi yillarda Toshkentda juda koʻp qurilishlar qildik. Endi uning rivojlanish istiqbollarini oʻylashimiz kerak. Xalqimiz “maslahatli toʻy tarqamas” deganidek bugun sizlar bilan Toshkentning kelajagini kengashish uchun yigʻildik, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Xususan, soʻnggi 6 yilda Toshkentda faoliyat yuritayotgan korxonalar soni 2 baravar koʻpaygan. Biznes muhiti yaxshilangani, tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratilgani natijasida 26 milliard dollar investitsiya kiritilgan.

Qurilish jarayonlari ham jonlanib, yangi-yangi uy-joylar, zamonaviy korxona va inshootlar barpo etilgan. Shuningdek, 30 ming oʻrinli maktablar, 20 ming oʻrinli bogʻchalar, 2 ming oʻrinli tibbiyot muassasalari, 200 gektar maydonda parklar, 10 dan ziyod yirik sport majmualari qurilgan.

Shaharda jamoat transportini rivojlantirish maqsadida 14 ta metro bekati ishga tushirilib, kunlik yoʻlovchi qatnovi 1 milliondan oshdi. Yil yakunigacha yana 5 ta bekat foydalanishga topshiriladi.

Maʼlumki, bugungi kunda poytaxtimizda yashayotgan va ishlayotgan aholi soni qariyb 5 millionni tashkil qiladi. Shu bois shaharda yiliga 20 mingdan ziyod xonadonli koʻp qavatli uylar, 40 dan ortiq maktab, bogʻcha, poliklinika qurishga talab bor.

Prezidentimiz poytaxt istiqbolini belgilashda uzoqni oʻylash kerakligini taʼkidladi.

– Poytaxtimizning barqaror rivojlanishini oʻylab, kamida 15-20 yil oldin rejalarimizni aniq belgilab olishimiz zarur. Chuqur oʻylangan urbanizatsiya siyosati – turmush sharoiti, iqtisodiy rivojlanishga, odamlar kayfiyati va madaniyatiga juda katta taʼsir koʻrsatadi, – dedi davlatimiz rahbari.

Shularni inobatga olib, Buyuk Britaniya, Singapur va turkiyalik mutaxassislar bilan birga, Toshkent shahrining 2045 yilgacha boʻlgan Bosh rejasi loyihasi ishlab chiqildi. Unda aholi uchun qulay sharoitlar yaratish, qurilishlarni shahar tashqarisida amalga oshirish, atrof-muhit tozaligini taʼminlash, Toshkentning meʼmoriy qiyofasini saqlab qolish masalalari koʻzda tutilgan.

Toshkent viloyatining chegaradosh tumanlari hisobidan poytaxt hududini bosqichma-bosqich kengaytirib, Chirchiq va Qorasuv daryolari oraligʻida Yangi Toshkentni qurish rejalashtirilgan. Xalq deputatlari va jamoatchilik vakillari bilan muhokama qilinib, 3 xil loyihadan eng maqbuli tanlab olingan.

Yangi Toshkent loyihasi doirasida 20 ming gektarda 1 million aholi yashashi uchun qulay sharoit yaratiladi va shunga mos infratuzilma bilan taʼminlanadi. Xususan, birinchi bosqichda 60 ming aholiga moʻljallangan koʻp qavatli uylar, 30 ta maktab, 20 ta bolalar bogʻchasi, koʻp tarmoqli shifoxona va 5 ta oilaviy poliklinika barpo etiladi. Davlat idoralari, Yangi Oʻzbekiston universiteti, Milliy kutubxonaning yangi binolari, teatr, ijod maktablari, savdo va servis markazlari ham shu yerda joylashadi.

Yana bir muhim tomoni – bu loyihani amalga oshirishda zamonaviy urbanizatsiya yondashuvlari asosida “aqlli” texnologiyalar qoʻllaniladi. Masalan, ekologik transport tizimi tashkil etiladi. Metro va elektrobuslar uygʻunlikda harakatlanadi. “Yashil va xavfsiz shahar” tamoyili asosida, piyodalar va velosipedchilarning erkin harakatlanishi uchun qulay sharoit yaratiladi.

Shu maqsadda 100 ming avtomobil uchun yer osti turargohlari quriladi. Avtomobil qatnovi uchun 14 ta zamonaviy tunellar hamda Chirchiq va Qorasuv daryolari ustida 7 ta koʻprik bunyod etiladi. Barcha elektr, aloqa tarmoqlari, gaz va suv quvurlari yer tagidan oʻtkaziladi.

Markaziy Osiyoda ilk bor “uch-generatsiya” stansiyasi quriladi. Yaʼni, bu stansiya orqali elektr ishlab chiqariladi, binolar kuz-qishda isitilib, yozda esa sovutiladi.

Yangi Toshkent loyihasida suv tejovchi texnologiyalar hisobiga suv sarfi 2 baravar kamayadi. Oqova suvlar ham zamonaviy texnologiyalar asosida qayta ishlanib, sugʻorish va texnik maqsadlar uchun yoʻnaltiriladi.

Yangi shaharda innovatsion texnologiyaga asoslangan, yuqori daromadli 200 mingta ish oʻrni yaratiladi. Buning uchun yangi texnoparklar, IT-park, taʼlim va tibbiyot klasterlari tashkil etiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent poydevoriga kapsula qoʻyib, uning qurilishini boshlab berdi.

— Ulugʻ ayyom arafasida ezgu niyatlar bilan qurilishni boshlayapmiz. Inshoolloh, bu Yangi Oʻzbekiston tarixida yangi sahifa boʻladi, — dedi davlatimiz rahbari.

Bu shahar uchun, shuningdek, poytaxtimiz uchun ham qoʻshimcha energiya taʼminoti zarur. Birgina Toshkent shahrining oʻzida soʻnggi 6 yilda elektr energiyasi isteʼmoli 30 foizga oshib, qariyb 8 milliard kilovatt-soatga yetgan. Bu talab tobora ortib bormoqda.

Shu bois Toshkent shahri elektr taʼminoti tizimini tubdan yaxshilash boʻyicha katta dastur qabul qilindi. Unga koʻra, poytaxt ehtiyojini taʼminlash uchun jami quvvati 2 ming 400 megavattli 4 ta quyosh stansiyasi barpo etilishi belgilangan. Ulardan birinchisi – Qibray tumanida 400 megavattli fotoelektr stansiyasini qurish boshlangan.

Shuningdek, yana 3 ta loyiha boʻyicha Xitoyning “CEEC-Gezhouba” hamda “China Dating Overseas Investment” kompaniyalari bilan kelishuvga erishilgan. Bular – Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida 700 megavattli, Ohangaron tumanida 1 ming megavattli hamda Boʻka tumanda 300 megavattli stansiyalardir.

Marosimda mazkur 3 ta loyihaga ham start berildi.

Ularga 2 milliard dollardan ziyod toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya kiritiladi. Yil yakunigacha ular boʻyicha dastlabki 300 megavatt quvvatlar ishga tushiriladi. Bu stansiyalar toʻliq quvvatga chiqqandan keyin yiliga 6 milliard kilovatt-soat elektr ishlab chiqaradi va poytaxt ehtiyojining yarmidan koʻpini qoplaydi.

Shu bilan birga, Toshkent shahrida yuqori kuchlanishli tarmoqlar qurilib, eskirgan transformator va elektr tarmoqlari yangilanishi maʼlum qilindi.

– Poytaxtimizda amalga oshirayotgan barcha-barcha maqsad, reja va dasturlarimiz aholimiz uchun, uning bugun kechagidan, ertaga bugungidan yaxshiroq yashashi uchun, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Marosimda qayd etilganidek, Yangi Toshkent chinakam ekologik shahar boʻladi. “Toshkentning yashil belbogʻi” loyihasi shu yerdan boshlanadi. 420 gektar maydonda “Markaziy bogʻ” barpo etilib, 200 ming tup daraxt ekiladi.

Davlatimiz rahbari jamoatchilik vakillari bilan birga ushbu boqqa koʻchatlar oʻtqazdi. Tadbirda ishtirok etgan diplomatik korpus vakillari bilan muloqot qildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.