Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent shahri hududidagi qurilish va obodonlashtirish loyihalari bilan tanishmoqda, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Ushbu yangi shaharga 2023 yil 18 mart kuni tamal toshi qoʻyilgan edi. Shu munosabat bilan oʻtgan marosimda davlatimiz rahbari u “yashil shahar” boʻlishini aytgan edi. Bu havo va suv tozaligi, muqobil energiya manbalari, daraxtzorlar koʻpligi kabi maqsadlarni oʻz ichiga oladi. “Toshkentning yashil belbogʻi” loyihasi shu yerdan boshlanadi. 420 gektar maydonda Markaziy bogʻ barpo etilib, 200 ming tup daraxt ekiladi.
Buning uchun ish hozirdan boshlanib, 50 gektar maydonda koʻchatxona tashkil etilgan. Prezidentimiz shu yerda boʻlib, navnihollarni koʻzdan kechirdi. Boʻlajak daraxtzorlarning landshaft dizayni, sugʻorish va parvarishlash tizimi haqida maʼlumot berildi.
Hozirda keyinchalik koʻchirib oʻtkazish uchun 27 ming tup manzarali daraxt koʻchatlari ekilgan. Shuningdek, issiqxona, qozonxona, koʻchatlarni saqlash va sugʻorish tizimlari barpo etilgan.
Yangi shaharda tegishli vazirlik va idoralar ishini tashkil etish uchun vaqtinchalik maʼmuriy binolar qurilmoqda. Prezidentimiz ulardagi sharoitlar bilan ham tanishdi.
Hozirda yengil konstruksiyalardan 4 ta bino va yordamchi inshootlar barpo etilgan. Bunda toʻliq mahalliy qurilish materiallaridan foydalanilgan. Ofislar “open space” uslubida boʻlib, har birida 250 nafargacha xodim faoliyat yuritishi mumkin.
Bu vazirlik va idoralar ishini bosqichma-bosqich shu yerda tashkillashtirish imkonini berib, Toshkentdagi tirbandlikni kamaytirishga ham xizmat qiladi.