Yangi Toshkentdagi ilm va taʼlim maskanlari — yoshlarga investitsiya

0
133
marta koʻrilgan.

Joriy yil 3 aprel kuni Yangi Toshkent shahrida ilk inshootlar qurilishi boshlangan edi. Davlatimiz rahbari bu ulkan loyiha ilm va taʼlim maskanlaridan boshlanayotganiga urgʻu berib, “bular maʼrifatli jamiyat barpo etish gʻoyamizning asosi va namunasi boʻladi”, — degan edi.

Bugun Prezidentimiz ushbu majmualar qurilishini borib koʻrdi.

Shulardan biri – Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi. 4 qavatli majmua oʻz nomiga mos milliy dizaynda boʻladi. Jami 30 ming kvadrat metr maydonda bir paytning oʻzida 1 ming 420 nafar kitobxonga sifatli xizmat koʻrsatiladi. 

Bu yerda kutubxona fondidagi adabiyotlarni munosib saqlash, sanoqdan oʻtkazish, xavfsizligini taʼminlash va sterilizatsiya qilishga moʻljallangan maxsus asbob-uskunalar oʻrnatiladi. Shuningdek, majmua koʻp funksional boʻladi. Tashrif buyuruvchilar uchun 300 oʻrinli kafe, galereya, yengil sport oʻyinlari va boshqa qulayliklar tashkil etiladi.

— Men avval aytganimdek, bizning ikkita oʻq tomirimiz, ikkita tayanch ustunimiz bor: biri – iqtisodiyot boʻlsa, biri – maʼnaviyatdir. Maʼnaviy buyuk xalq – iqtisodiy tomondan ham buyuk boʻladi. Bilimli yoshlar bobolarimizga munosib keng fikrli, milliy gʻururli, yetuk insonlar boʻladi. Shuning uchun yangi shahrimiz qurilishini maʼrifat maskanlaridan boshlayapmiz. Bular yuz yilga tatigulik maʼnaviyat, maʼrifat, ilm oʻchogʻi boʻlishi kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Zamonaviy kutubxonada xodimlar ham shunga munosib boʻlishi, ilgʻor axborot texnologiyalari va xizmatlarni yaxshi bilishi kerakligi taʼkidlandi. Shu bois Oʻzbekiston Milliy universiteti va boshqa oʻquv yurtlarida kutubxonachilar tayyorlash sifatini oshirish vazifasi qoʻyildi. Mamlakatimizning 14 ta shahrida kutubxona filiallarini tashkil etib, hududlardagi aholining ham kitob oʻqishiga qulaylik yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Shaharda Toshkent davlat pedagogika universiteti hamda “Yangi Oʻzbekiston” universiteti uchun zamonaviy majmualar ham bunyod etilmoqda. Prezidentimiz ularning qurilish jarayonini koʻzdan kechirdi.

Hozirgi kunda Toshkent davlat pedagogika universitetining yettita fakulteti tarqoq joylashgan. Binolarning aksariyati eskirgan. 

Shu bois universitet uchun qirq gektarlik maydonda 20 ming talabaga moʻljallangan oʻquv binolari quriladi. Shuningdek, 5 ming oʻrinli yotoqxona, 300 oʻrinli bogʻcha, 616 oʻrinli maktab, 588 oʻrinli akademik litsey, sport va madaniyat saroylari, amfiteatr va boshqa inshootlarni oʻz ichiga oladi. Bir soʻz bilan aytganda, yuqori reytingli xorijiy oliygohlar tajribasi asosida “bogʻcha – maktab – universitet” yaxlitligidagi innovatsion pedagogik klaster tashkil etiladi.

Majmuada pedagog va talabalar uchun eng zamonaviy qulayliklar hozirlanadi. Darslar bir smenaga oʻtkazilishi, dual taʼlim yoʻlga qoʻyilishi evaziga oʻqish va amaliyot sifatida oʻsish boʻladi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yangi Oʻzbekiston” universiteti oliy taʼlim tizimida yangi daraja boʻldi. Uning oʻquv dasturlari dunyo reytingida yuqori oʻrinda turuvchi universitetlar professor-oʻqituvchilarini jalb qilgan holda, Germaniya standartlari asosida ishlab chiqilgan. 

Bu yerda oʻqish istagida boʻlgan yoshlar soni yildan yilga ortmoqda. Bugungi kunda muassasada ming nafardan ortiq talaba taʼlim olmoqda.

Universitet uchun yangi majmua qurilishi uch bosqichda olib boriladi. Dastlab oʻquv binolari va rektorat bunyod etilishi koʻzda tutilgan.

Yakunda oʻn ming nafar talabani qamrab oladigan beshta fakultet, bir vaqtning oʻzida sakkiz ming nafar talabaga xizmat koʻrsatadigan rektorat binosi qad koʻtaradi. Kutubxona, muzey, koʻrgazma zali, multimedia xonasi, sport majmuasi, suzish havzasi tashkil etiladi.

Shuningdek, oʻqituvchilar uchun 286 oʻrinli turar joy, talabalar uchun 2 ming oʻrinli yotoqxona qurilishi rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari bu majmualarning kelgusidagi ahamiyatiga toʻxtalib, oʻquv jarayonini oqilona tashkil etish muhimligini taʼkidladi.

— Bu maʼrifat maskanlari — yoshlarimizga investitsiya. Ulardagi yoʻnalishlar, dasturlar, taʼlim sifati va kasblarda Yangi Oʻzbekistonimizdagi marralar mujassam boʻlishi kerak. Bugun bilim olayotgan yoshlar kelajakda mamlakatimizni oldinga boshlaydigan,  muammolarni hal etadigan “kalit”, — dedi Prezident.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.