Yangi tumanda yangi sanoat korxonasi ishga tushdi

0
159
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 aprel kuni Qashqadaryo viloyatiga keldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Tashrifdagi birinchi manzil Koʻkdala tumani boʻldi. Bu maʼmuriy birlikni tashkil etish gʻoyasi Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturidan oʻrin olgan edi. Oliy Majlis Senatining shu yil 17 martdagi qaroriga muvofiq, aholiga qulayliklar yaratish hamda urbanizatsiya jarayonlarini tartibga solish maqsadida Chiroqchi tumanining bir qismida Koʻkdala tumani tashkil etildi.

Prezident tashrifi arafasida ushbu yangi tumanda “Chiroqchi klaster” masʼuliyati cheklangan jamiyatining tikuvchilik korxonasi ishga tushirildi. Uning binosi yengil konstruksiyalardan qurilgan. 500 nafarga yaqin mahalliy xotin-qizlar va yoshlar ish bilan taʼminlangan.

Davlatimiz rahbari korxonadagi ish jarayonini koʻzdan kechirdi, xotin-qizlar bilan suhbatlashdi.

— Koʻryapsizlar, ayollar boʻyicha qancha qarorlar qabul qilyapmiz, tashkiliy choralar koʻryapmiz. Buning zamiridagi maqsad — sizlarning quvonchingizni koʻrish. Bir ayolni, bir qizimni ish bilan taʼminlasak, uning kayfiyati butun xonadonga taʼsir qiladi, farzandlarini yaxshi oʻqitadi. Bugun ham koʻp rejalar, imkoniyatlar bilan keldik. Oʻzbekistonda orzular amalga oshadigan zamon qurishga harakat qilayapmiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Korxona yiliga 7 million dona tayyor kiyim ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mahsulotlarning katta qismi “Samo” brendi ostida eksport qilinadi. Buning uchun taniqli xorijiy brendlar bilan hamkorlik rejalashtirilgan.

Klaster rahbariga paxta hosildorligini oshirish, yangi yerlarni oʻzlashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Maʼlumki, Yettitom shaharchasi Koʻkdala tumanining maʼmuriy markazi etib belgilangan. Endi bu yerda infratuzilmani rivojlantirish zarur. Prezidentimiz ushbu shaharchani batafsil rejalashtirish loyihasi bilan tanishdi.

Tuman hududi 171 ming gektar boʻlib, 32 ta mahalladan iborat. Loyihaga koʻra, Yettitom shaharchasida tuman hokimligi va mahalliy idoralar uchun binolar, “Yangi Oʻzbekiston” massivi, bogʻcha va maktablar, poliklinika, istirohat bogʻi, xalqaro ahamiyatdagi yoʻl boʻyida xizmat koʻrsatish va savdo majmualari barpo etiladi. 159 kilometr yoʻl taʼmirlanib, 50 kilometr ichimlik suvi, 80 kilometr elektr tarmoqlari quriladi.

Prezidentimiz yangi binolarni energiya tejamkor qilib qurish, uylar tepasiga quyosh energiyasi panellari oʻrnatish zarurligini taʼkidladi. Koʻkdalada 500-1000 megavattlik quyosh elektr stansiyalari va quyosh panellari qorxonasini barpo etish imkoniyatini oʻrganish boʻyicha topshiriq berildi.

Shu yerda aholi vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Ular ilgari Chiroqchi tumani markazigacha 2-3 soatlab yoʻl yurilgani, bu koʻp qiyinchilik va xarajatlar tugʻdirganini soʻzlab berishdi.

— Koʻkdala tumanini tashkil etishdan asosiy maqsad bu yerda yashaydigan 182 ming nafar aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish, hududni iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash boʻyicha ishlarimizni yangi bosqichga koʻtarishdir, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu maqsadda tumanni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha 3 yillik dastur ishlab chiqilishi taʼkidlandi. Bu yerda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarini barpo etish uchun qariyb 2 trillion soʻm mablagʻlar yoʻnaltiriladi. Joriy yilda 260 milliard soʻmlik 18 ta loyiha ishga tushiriladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.