Yangi yil quvonchlari: Poytaxtimizda yana bir koʻprik foydalanishga topshirildi

0
163
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 dekabr kuni Sergeli tumani Qipchoq koʻchasida qurilgan koʻprikni koʻzdan kechirdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Mazkur koʻcha “Toshkent-Angren” temir yoʻli bilan kesishgan. Buning ustiga tor boʻlib, avtomobillar harakatiga qiyinchilik tugʻdirardi.

Shu bois Qipchoq koʻchasi 8 qatorli qilib kengaytirilib, temir yoʻl ustidan oʻtuvchi 772 metrlik koʻprik barpo etildi. Uning estakada qismi 445, eni – 28 metr.

Davlatimiz rahbari obyektning sifati, shaharda transport tizimini yaxshilashdagi ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratdi.

Ushbu koʻprik soatiga 12 mingtagacha avtotransport vositalarini uzluksiz oʻtkazish imkoniyatiga ega. Eng muhimi, u poytaxtimizdagi ikkita yirik koʻcha – Yangi Sergeli aylanma yoʻli bilan Toshkent xalqa yoʻlini bogʻlaydi. Bu haydovchilar uchun ancha qulaylik yaratadi, minglab transport vositalari oqimini oʻziga olib, boshqa koʻchalardagi tirbandlikni kamaytiradi.

— Pandemiya boshlanganda biz undan kuchli, qudratli boʻlib chiqamiz deb maqsad qoʻygan edik, — dedi Shavkat Mirziyoyev toshkentlik faollar bilan suhbatda. — Hammamiz koʻryapmiz dunyoda nimalar boʻlayotganini. Boshqa mamlakatlarda qurilishlar toʻxtab qolgan holatlar ham boʻldi. Xalqimiz tartib-intizom, birdamlik bilan barcha rejalarini roʻyobga chiqarmoqda. Biz hamjihatlikda koʻp narsalarga qodirmiz.

Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil 4 iyun kuni Toshkent shahrining Choʻponota koʻchasi va Kichik halqa yoʻli kesishmasida quriladigan koʻprik loyihasi bilan tanishgan edi. Kelgusida yangi yoʻl barpo etilib, Qipchoq koʻchasidagi mazkur koʻprikka tutashadi.

Shu yerda Turkiyaning “Kalyon” kompaniyasi bilan hamkorlikda poytaxtimizdagi avtomobil yoʻllarini rekonstruksiya qilish, transport va yoʻlovchilar harakati uchun qulayliklarni oshirish loyihalari muhokama qilindi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.