Bu yilgi pandemiya keltirgan qiyin vaziyatda ham mamlakatimizdagi bunyodkorlik ishlari aslo toʻxtab qolmadi. Xalqimizning hayot sifatini oshirish, uzogʻini yaqin qilishga qaratilgan ulkan loyihalar birin-ketin foydalanishga topshirilmoqda, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Joriy yil Mustaqillik bayrami arafasida Toshkent yerusti metrosining birinchi bosqichi bitkazilgan edi. Bugungi shukuhli kunlarda uning yana bir muhim boʻgʻini – Sergeli yoʻnalishi ishga tushirildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 dekabr kuni ushbu transport obyektini borib koʻrdi. Shu yerda davlat va jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan dildan muloqot boʻldi.
— Bu yil iqtisodiyot uchun, odamlarimiz uchun qiyinchiliklar koʻp boʻldi, hozir ham davom etyapti. Lekin shu murakkab holatlarni iloji boricha yumshatish boʻyicha har kuni bamaslahat ishlayapmiz. Iqtisodiyotni rivojlantirish, bozor topish, odamlarga daromad manbai yaratish yoʻlarini izlayapmiz. Hamma masalalar mahallabay hal qilinadi. Nimaga? Yaxshimiz ham, yomonimiz ham mahallada, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bozorlarda narx-navo barqarorligini taʼminlash, energiya quvvatlarini koʻpaytirish boʻyicha koʻrilayotgan choralar aytib oʻtildi.
— Ommaviy axborot vositalariga rahmat. Ular davlatimizga dushman emas, doʻst. Ular baland ovozda adolatni, haqiqatni aytib turmasa, rahbarlarning darrov oyogʻi yerdan uzilib qoladi. Xalqimiz, uyingga eski toʻningni ilib qoʻyib, kimligingni unutma, deganidek, hamma rahbarlar shu elning farzandi, vakili ekanini doim yodda tutishi kerak. Yurtimizdagi tinchlikning qadriga yetib, xalqimizga munosib sharoit yaratishimiz zarur, — dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari jamoatchilik vakillari bilan birga poyezdda yurib, yoʻlovchilar uchun yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi.
Bu metro yoʻnalishini loyihalashtirish 2017 yilda boshlangan edi. Qurilishning borishi davlatimiz rahbarining doimiy eʼtiborida boʻldi.
Uzunligi 7 kilometrlik mazkur temir yoʻlda beshta bekat barpo etilgan. Metropolitenning “Olmazor” bekati bilan oraliqda 580 metrlik tonnel qurilib, yerusti va yerosti yoʻllari bogʻlangan.
Bekatlar milliy dizayn asosida pardozlangan, zamonaviy texnologiyalar, elektron toʻlovli turniketlar, eskalator va liftlar bilan jihozlangan. Bu yoʻnalishda 214 nafar xodim yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatadi.
Ushbu yoʻnalishda kuniga 35 mingtagacha odam qatnashi mumkin. Shu bois u ham iqtisodiy, ham ijtimoiy, ham ekologik jihatdan ulkan ahamiyatga ega. Masalan, Sergeli tumanini poytaxtimiz markazi bilan bogʻlovchi avtomobil yoʻli aksar hollarda tirband boʻladi. Oqibatda yoqilgʻi sarfi ortib, atmosferaga katta miqdorda zararli gazlar chiqadi. Odamlar manziliga kechikib, asabiylashadi. Yangi yerusti metrosi esa aholiga juda katta qulaylik yaratadi.
Oxirgi bekatda ushbu Sergeli yoʻnalishini Qoʻyliq yoʻnalishi bilan bogʻlash, yerusti metrosining keyingi bosqichlarini qurish boʻyicha taqdimot oʻtkazildi.
— Ilgari Sergeliga metro kelishini birov tasavvur qilganmidi?! Mana, endi xalqimizga katta qulaylik paydo boʻldi. Yana bir tomoni, bu ekologik toza transport. Keyingi metro yoʻllarini ham aholiga maʼqul, qulay, xavfsiz, sifatli qilib qurish, xorij tajribasini oʻrganish kerak, — dedi davlatimiz rahbari.
Poytaxtimizda aholi zich yashaydigan Qoraqamish, Ibn Sino, Toshkent traktor zavodi mavzelarida jamoat transporti tizimini yaxshilash, avtobus yoʻnalishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Yerusti metrosi tagidagi sport maydonchasi ham koʻzdan kechirildi.