Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 yanvar kuni investitsiya siyosatini amalga oshirish hamda energetika tizimida qayta tiklanuvchi energiya quvvatlari ulushini koʻpaytirish boʻyicha 2023 yilda qilingan ishlar va 2024 yilga moʻljallangan rejalar taqdimoti bilan tanishdi.
Oʻtgan yil yakuni bilan jami 22 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilgani, bu avvalgi yilga nisbatan 1,8 barobar koʻpligi taʼkidlandi.
Amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinar ekan, joriy yilda xorijiy investitsiyalar hajmini yanada koʻpaytirish zarurligi qayd etildi. Bunda asosiy eʼtiborni elektrotexnika, mashinasozlik, qurilish materiallari, farmatsevtika, toʻqimachilik va charm tarmoqlariga qaratish topshirildi.
Yirik investorlar bilan manzilli ishlash, investitsiyalarni jalb qilishda iqtisodiy diplomatiyani va chet eldagi diplomatik vakolatxonalar ishtirokini kuchaytirish muhimligi alohida qayd etildi.
Yangi investitsiya loyihalarni amalga oshirishda hududlardagi maxsus zonalardan hamda sanoat kooperatsiyasi imkoniyatlaridan keng foydalanish orqali qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Tarmoq va hududlar rahbarlari investitsiya masalalarini hal etishda sanoat tarmoqlari bilan yaqindan ishlashi, asosiy eʼtiborni hududlarda iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, yangi ish oʻrinlarni koʻpaytirishga qaratishi shartligi qayd etildi.
Xalqaro moliya institutlari mablagʻlaridan samarali foydalanish va ularni oʻz vaqtida oʻzlashtirish, ushbu mablagʻlarni ustuvor ravishda ijtimoiy, infratuzilma hamda suv xoʻjaligi loyihalariga yoʻnaltirish zarurligi taʼkidlandi.
Shuningdek, joriy yilda grant mablagʻlarini jalb qilishni faollashtirib, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, sogʻliqni saqlash, oliy taʼlim, fan va innovatsiya sohalarida xorijiy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish vazifalari belgilab berildi.
Yigʻilishda “yashil” energetikani rivojlantirish masalalari ham koʻrib chiqildi.
Bugungi kunda yurtimizda quyosh, shamol va gibrid turdagi elektr stansiyalarni davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etish boʻyicha umumiy quvvati 6,3 gigavatt boʻlgan 28 ta loyiha doirasida ish olib borilmoqda. Shundan 2023 yilda xorijiy investorlar bilan birgalikda umumiy quvvati 2,6 gigavattlik 7 ta loyiha doirasida dastlabki quvvatlar ishga tushirildi.
Xususan, oʻtgan yil 27 dekabr kuni davlatimiz rahbari ishtirokida oʻtgan marosimda Samarqand, Jizzax, Surxondaryo, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida beshta quyosh fotoelektr stansiyasi, Navoiy viloyatida shamol elektr stansiyasi quvvatlari tarmoqqa ulandi.
Bundan tashqari, ayni paytda Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy, Fransiya va Shveysariya kabi mamlakatlarning kompaniyalari bilan hamkorlikda “yashil” stansiyalar va energiya saqlash tizimlarini barpo etish boʻyicha 12 loyiha ustida ish olib borilmoqda.
Bugungi yigʻilishda oʻtgan yilda boshlangan loyihalarni 2024 yilda toʻliq yakuniga yetkazish vazifalari, kelgusi yillarda “yashil” energiya ishlab chiqarish boʻyicha yangi quvvatlarni yaratish rejalari muhokama qilindi.
2024 yilda quyosh elektr stansiyalarining umumiy quvvatini 2,6 gigavattga, shamol elektr stansiyalari quvvatini 900 megavattga yetkazish va 400 megavattlik energiya saqlash qurilmalarini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari elektr energetika tizimining barqaror ishlashini taʼminlash maqsadida oʻzgaruvchan ishlab chiqarish quvvatlari qoʻshilishini inobatga olgan holda tarmoqlarni rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasini qoʻydi. Bunda mavjud tarmoqlarni modernizatsiya qilish, yangi podstansiyalar, uzatish tarmoqlarini qurish, zamonaviy avtomatlashtirilgan himoya tizimlarini, raqamlashtirilgan boshqaruv tizimlarini (SCADA/EMS) joriy etish, zaxira quvvatlari va energiya saqlovchi tizimlarning tarmoqdagi ulushini koʻpaytirish chora-tadbirlarini belgilash zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Yigʻilishda energetika tizimiga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni koʻpaytirish masalasiga toʻxtalib oʻtildi.
Energetika tarmogʻiga investitsiya kiritayotgan asosiy xorijiy hamkorlar bilan manzilli ishlash va investitsiyaviy sheriklikni yanada kengaytirish maqsadida Energetika vazirligining bu boradagi faoliyatini takomillashtirish topshirildi.
Xalqaro tajriba asosida qishloq xoʻjaligi yerlarida mahsulot yetishtiruvchilar tomonidan oʻz ehtiyojlari uchun quyosh panellarini oʻrnatish va elektr energiyasini ishlab chiqarish – agrovoltaika amaliyotini joriy etish imkoniyatini oʻrganish va ushbu yoʻnalishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha aniq takliflar kiritishga koʻrsatma berildi.