25 oktyabr kuni Qoʻngʻirot – Beyneu avtomobil yoʻlining yangidan qurilgan 240 kilometr qismi foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan boʻlib oʻtgan marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bu yoʻl mamlakatimizni Yevropa davlatlari bilan bogʻlaydigan strategik avtomagistraldir. Lekin uzoq yillik qatnovlar, Orolboʻyining keskin kontinental iqlimi tufayli yaroqsiz ahvolga kelib qolgandi. Shu bois 2021-2024 yillarda 323 million dollarlik loyiha evaziga zamonaviy qilib qayta qurildi.
Davlatimiz rahbari marosimda ushbu yoʻlning ahamiyatini alohida qayd etdi.
– Endi mamlakatimiz hududlaridan xalqaro tashuvlar masofasi 1 ming kilometrgacha, transport xarajatlari esa 25 foizgacha kamayadi. Bu yoʻl yurtimizni Kaspiy va Qora dengiz portlari orqali Yevropa bozorlari bilan ishonchli bogʻlaydigan logistika tarmogʻiga aylanadi. Yana bir muhim jihati – “A-380” xalqaro yoʻlagining Oʻzbekistondan oʻtgan qismida kunlik transport qatnovi 3 karra oshadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yoʻl jahon standartlariga har tomonlama mos, tekis va ravon. U avvalo xalqimiz, qolaversa, xorijiy turistlar va yuk tashuvchilarga qulay va xavfsiz harakatlanish imkonini beradi.
Avvalroq “Gʻuzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” xalqaro avtomobil yoʻlining boshqa qismlari taʼmirlangan edi. Shu yil 29 fevral kuni Amudaryo ustida Qoraqalpogʻiston bilan Xorazmni bogʻlaydigan yangi koʻprik ochildi. Bunday ishlar odamlar harakatiga qulaylik yaratib, iqtisodiy faollik oshishiga, tadbirkorlik rivojlanishiga ham qoʻshimcha turtki boʻladi.
Hisob-kitoblarga koʻra, yangi yoʻl atrofida 200 dan ziyod savdo-servis obyekti va sanoat korxonasi paydo boʻladi. Shuning hisobidan dastlab 2 mingta, kelgusida esa yana 5 mingta ish oʻrni tashkil qilinadi. Shu tariqa, Qoraqalpogʻistonda tranzit va boshqa xizmatlar hajmi yiliga 200 million dollarga, mamlakatimiz eksporti esa kamida 300 million dollarga oshishi uchun mustahkam zamin yaratiladi.
Ushbu magistral yoʻl oʻtadigan Toʻrtkoʻl, Ellikqalʼa, Beruniy, Nukus, Xoʻjayli, Shumanay, Qonlikoʻl, Qoraoʻzak va Qoʻngʻirot tumanlaridagi 1 milliondan ziyod aholi hayoti oʻzgaradi.
Prezident mazkur loyihada ishtirok etgan quruvchi va ishchilarga, Osiyo taraqqiyot bankiga, Turkiya, Ozarbayjon va xitoylik pudratchilarga, Janubiy Koreya va italiyalik konsultantlarga minnatdorlik bildirdi.
– Yoʻl va koʻprik qurib, odamlarning uzogʻini yaqin, mushkulini oson qilish eng savobli ishlar qatorida turadi. Biz bunyodkor yoʻlsozlarning timsolida ana shunday olijanob, elning duosi va rahmatiga sazovor boʻlib kelayotgan zahmatkash insonlarni koʻramiz. Yangi Oʻzbekistonning iqtisodiy salohiyati, xalqimiz farovonligini oshirishga xizmat qiladigan bunday ezgu ishlarimiz yanada koʻpaysin, – dedi davlatimiz rahbari.
Mazkur 240 kilometr yoʻlning ikki tomoni – Qoraqalpogʻistonning Qoʻngʻirot tumani hamda “Dovud ota” bojxona postida hozir boʻlganlar telekoʻprik orqali aloqaga chiqdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev mamnuniyat bilan yoʻlning ochilishiga ruxsat berdi. Ushbu quvonchli voqea bilan barchani muborakbod etdi.
Marosimda davlat idoralari va jamoatchilik vakillari ham ishtirok etdi.
Shu yerda davlatimiz rahbariga muhandislik inshootlarini monitoring qilish tizimi taqdimot qilindi. Unga koʻra, koʻpriklarning muayyan nuqtalariga elektron uzatgichlar oʻrnatiladi. Ular oqali mustahkamlik va xavfsizlik darajasi, hozirgidek belgilangan muddatlarda emas, doimiy nazorat qilib boriladi. Kundalik meʼyordan oʻzgarish sezilsa, muammo tezda aniqlanib, vaqtida chora koʻriladi. Bu koʻpriklarning uzoq vaqt yaxshi saqlanishini taʼminlaydi.
Shuningdek, bu tizim natijasida mablagʻ tejaladi. 20 ga yaqin qogʻoz shakldagi hisobotlar raqamlashtiriladi. Monitoring maʼlumotlari 30 yilgacha saqlanadi.
Shunday birinchi loyiha Toshkent xalqaro aeroportiga eltuvchi, Bobur koʻchasidagi yangi yoʻl oʻtkazgichda qoʻllandi. Marosimda ushbu transport bogʻlamasi ham toʻliq ochildi. Uning umumiy uzunligi 702 metr, eni 46 metr. Shuningdek, 2 ta aylana va 4 ta yoysimon “qanot”lar barpo etilib, Kichik halqa yoʻli hamda Sodiq Tolipov koʻchalari bilan samarali bogʻlangan. Bu qayrilib olishga hojat qoldirmay, avtomobillar harakatini osonlashtirdi. Umuman, ushbu transport bogʻlamasi 1 soat ichida 5 mingta, bir kecha-kunduzda 132 mingta avtomobilni oʻtkazish quvvatiga ega boʻldi.
Prezident bu tizimni avval poytaxtimizdagi 114 ta koʻprikda va keyinchalik barcha koʻpriklarda tatbiq etish zarurligini taʼkidladi.
Aytish joizki, mamlakatimizda keyingi sakkiz yilda 2 ming kilometr yoʻl qaytadan qurilgan, 100 ming kilometri taʼmirlangan. Eng muhimi, bunda sifat oʻzgarmoqda, yangi turdagi polimer-beton, sement-beton qoplamalar keng qoʻllanilmoqda. Natijada yoʻllardan foydalanish muddati 1,5 barobargacha uzaymoqda.
Xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda kelgusi yil yana ming kilometr yoʻl qurish boʻyicha 10 ta yirik loyiha rejalashtirilgan.